Savol: Tahoratda oyoq yuvish o‘rniga o‘tadigan (amal) bormi?
Javob: Ha, ikki mahsiga mas'h tortish ikki oyoqni yuvish o‘rniga o‘tishi ko‘plab sahih hadislar bilan sobit bo‘lgan.
Savol: Mana shu mas'hning joiz bo‘lishi uchun shartlar bormi?
Javob: Ha, uning joiz bo‘lishi uchun mahsi pok (tahoratli) holatdagi oyoqqa kitilgan bo‘lishi shart.
Savol: Mas'h uchun biror vaqt chegaralanganmi?
Javob: Agar mahsi tahoratli holatda kiyilgan bo‘lsa, so‘ng tahorat ketsa, unga agar muqim kishi bo‘lsa bir kecha-kunduz mas'h tortishi joiz. agar musofir bo‘lsa uch kecha-kunduz mas'h tortishi joiz. Ikkalasi ham bu muddat ichida tahorat olganda mahsisiga mas'h tortaveradi, safarda ham, muqimlikda ham.
Savol: Bir kecha-kunduz yoki uch kecha-kunduzning boshlanishi mahsini kiygan vaqtdan boshlanadimi yoki tahorat ketgan vaqtdanmi?
Javob: Bu muddatning boshlanishi mahsi tahorat ustiga kiyilgandan keyin tahoratsizlik yetgan paytdan e’tiborga olinadi. Masalan, bir kishi zavol vaqtidan keyin komil tahorat oldi. Mana shu tahoratli holida oyog‘iga mahsi kiydi. So‘ng quyosh botayotgan vaqtda uning tahorati sindi. Agar bu kishi muqim bo‘lsa, shu paytdan to ertasi kuni shu vaqtgacha (ya’ni quyosh botadigan vaqtgacha) mahsisiga mas'h tortishi joiz bo‘ladi. Musofirning mas'hini o‘zingiz shunga qiyoslab olavering.
Savol: G‘usl vojib bo‘lgan odam uchun mahsisiga mas'h tortishi joizmi?
Javob: G‘usl vojib bo‘lgan odam uchun mahsisiga mas'h tortishi joiz emas. Balki unday odam badanining barcha a’zolariga qo‘shib oyog‘ini ham yuvishi vojibdir.
Savol: Agar mahsining birida teshik bo‘lsa, unga mas'h tortish joizmi?
Javob: Agar teshik oyoq barmoqlaridan uchta kichkina barmoqlar ko‘rinib qoladigan darajada ko‘p bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz emas. Agar bundan ozroq teshik bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz bo‘ladi.
Savol: Mana shu ko‘p teshik deb bilingan miqdor bir poy mahsidan e’tiborga olinadimi yoki ikkala mahsidanmi?
Javob: Bunda bitta mahsidagi teshiklar jamlanadi. Ikkala mahsidagi teshiklar jamlanmaydi. Ya’ni, ikkala mahsidagi teshiklarni qo‘shib hisoblasa uchta barmoq miqdoriga yetsa ham, unga mas'h tortish joiz. Ammo, bu ikkala mahsining har birida shu miqdorda teshik bo‘lsa, yoki faqat bittasida shu miqdorda teshik bo‘lsa, bunday holda unga mas'h tortish joiz emas.
Savol: Mahsiga qanday qilib mas'h tortiladi?
Javob: Mahsining ust tomoniga barmoqlar bilan chiziq tortiladi. Ya’ni, qo‘l barmoqlari suv bilan ho‘llanadi, so‘ng ularni mahsining ustki tomoniga to‘liq qo‘yib oyoq barmoqlari uchidan to‘piq tomonga yurgiziladi. Har bir mahsiga mas'h tortishda qo‘lning uchta barmog;ini ishlatish lozim.
Savol: Mana shu mas'hni nima sindiradi?
Javob: Mas'hni tahoratni sindiruvchi narsalar sindiradi. Hamda, mahsining yechilishi va mas'h muddatining tugashi ham mas'hni sindiradi.
Savol: Agar mas'h muddati tugasa, yoki bir dona mahsi yoki ikkalasi ham yechilsayu ammo tahoratni sindiruvchi hech narsa bo‘lmagan bo‘lsa, bunday holda nima qilinadi?
Javob: Bu ikki ko‘rinishda faqatgina oyoqlarning o‘zi yuviladi va namoz o‘qisa bo‘laveradi. Buning uchun tahoratning boshqa amallarini bajarish shart emas.
Savol: Siz aytdingizki, muqim kishi bir kecha-kunduz, musofir esa uch kecha-kunduz mas'h tortadi. Bir kishi musofir bo‘lib keyin muqim bo‘lsa, muqim esa safar qilsa, unda nima deysiz?
Javob: Musofir mas'h torgandan keyin muqim bo‘lib qolsa, agar mas'h muddati bir kecha-kunduz yoki undan ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa, mahsisini yechishi lozim bo‘ladi. Agar mas'h muddati bir kecha-kunduzga yetmagan bo‘lsa, uni yetkizib keyin yechadi. Muqim odam mas'h tortsa va bir kecha-kunduz to‘lmasidan avval safarga chiqsa, u endi uch kecha-kunduz to‘liq mas'h tortadi.
Muhammad Oshiq al-Barniyning
"At-tas'hil az-zaruriy li masail al-Quduriy" asaridan.
Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.
Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.
Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi