Bismillahir Rohmanir Rohiym
Banda Alloh taoloni zikr qilish bilan ko‘z tegishidan o‘zini saqlashi mumkin. Fotiha, oyatul kursi, ixlos, muavvizatayn ya’ni falaq va nos suralarini o‘qib yurish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rgatgan duolarni qilish tavsiya etiladi. U zot alayhissalom avvalo o‘zlariga, so‘ngra Hasan va Husayn nabiralariga:
أعِيذُكُمَا بِكَلِمَاتِ اللهِ التَّامَّةِ مِنْ كُلِّ شَيْطَانٍ وَهَامَّةٍ وَمِنْ كُلِّ عَيْنٍ لاَمَّةٍ
“U’iyzukuma bikalimatillahit tammati min kulli shaytonin va hammah va min kulli ’aynin lammah”, duosini o‘qib: “Bu duo otangiz Ismoil va Is'hoq alayhimussalomning panoh tilaydigan duolari”, deb aytar edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, kimki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq sura va duolarni o‘qib yurishga odatlansa, odamlarning yomon ko‘z va nazarlaridan himoyalangan bo‘ladi.
Shuni unutmangki! Har bir insonning o‘zi bilmagan holda boshqalarga ko‘zi tegishi mumkin. Chunki faqat “Mashaa Alloh” yoki “Barakalloh” deganlardan boshqa har bir insonning ko‘zi tegib qoladi. Hatto o‘z yaqiningizga ham o‘zingiz bilmagan holda ko‘zingiz tegish mumkin.
Shuning uchun, banda o‘zini hayrtaga soladigan biror narsani ko‘rib qolganida “Mashaa Alloh” yoki “Barakalloh” deb Alloh taoloni zikr qilishni unutmasligi lozim.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «Bog‘ingga kirganingda: “Allohning xohlagani, Allohdan boshqada quvvat yo‘q”, desayding» (Kahf surasi, 39-oyat).
Hatto bir odam o‘zining bog‘iga kirganida bog‘ning chiroyligidan hayratlanib “Masha Alloh” deyishni unutsa, o‘ziga-o‘zi ziyon yetkazib qo‘yadi. Shuning uchun har bir inson o‘zida, oilasida yoki biror narsada uni hayratga soladigan ishni ko‘rganida “Masha Alloh”, “Barakalloh” deb aytishni esdan chiqarmasligi lozim.
Ko‘z tegishidan saqlanishning yo‘llaridan biri bu – banda ko‘z tegishi va odamlarning hasadiga duchor bo‘lmaslik uchun imkon qadar diqqatni jalb qiladigan ishlardan o‘zini saqlashi lozim.
Shuningdek, haddan tashqari ko‘z tegishidan qo‘rqavermaslik, hamma narsadan shubha qilavermaslik, shaytonning vasvasalariga uchmaslik kerak. Har bir ishning o‘z mezoni bor. Buning uchun ko‘z tegishiga butkul be’tibor, beparvo bo‘lmaslik va haddan tashqari shaytonning vasvasasiga uchib, chuqur ketmaslik darkor.
Ko‘z tegishini muolaja qilishning ikki yo‘li bor
Birinchisi, agar sizga kimning ko‘zi tekkanini bilsangiz ko‘zi tekkan odam tahorat olishi lozim. Yuqoridagi rivoyatda kelganidek Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Omir ibn Robi’aga tahorat qilishni buyurganlar. Keyin Omir qo‘llari, tirsaklari, tizzalari, oyoq atroflari va izorining ichini yuvib, so‘ng o‘sha yuvingan suvini Sahlning ustidan quygan. Shunda Sahl ibn Hunayf hech qanday zarar ko‘rmagandek yurib ketgan.
Demak, banda kimning ko‘zi tekkanini bilsa, undan tahorat olishini so‘rashi lozim ekan. Shunda so‘raluvchi aslo g‘azablanmasligi, “Yo‘q, men senga hasad qilmaganman, mening ko‘zim tegmaydi” deb aytmasligi kerak. Chunki ba’zan inson o‘zi bilmagan holda, hatto, hasad qilmaganida ham ko‘zi tegishi mumkin.
Ikkinchi yo‘l – agar kimning ko‘zi tekkanini bilmasangiz, unda fotiha, oyatul kursi, ixlos va muavvizatayn suralarini qayta-qayta o‘qish kerak.
Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Bemor bo‘ldingizmi?” deb so‘raganida u zot alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shunda Jabroil alayhissalom: “Bismillahi urqiyka. Min kulli shayin yu’ziyka. Min sharri kulli nafsin av aynin hasidin Allohu yashfiyka. Bismillahi urqiyka”, deb aytganlar (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Bu Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor bo‘lgan vaqtlarida shifo so‘rab qilgan duolaridir. Bundan tashqari ulamolar bemor bo‘lganda Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarni o‘qishni tavsiya qilganlar:
“So‘ng takror-takror nazar sol, nazar senga istaganini topa olmay, horib-charchagan holda qaytadir” (Mulk surasi, 4-oyat).
“Va kofirlar zikrni eshitayotganlarida seni ko‘zlari bilan toydirmoqchi bo‘ldilar va, albatta, u jinnidur, derlar. Holbuki, u butun olamlarga eslatmadan o‘zga narsa emas” (Qalam surasi, 51-52-oyatlar).
Aslida Qur’oni karimning har bir oyati mo‘minlar uchun shifodir. Lekin yuqoridagi oyatlar aynan ko‘z tegishi bilan bog‘liq kasalliklarni davolashda samarali sanaladi. Ularni har inson o‘ziga, farzandlariga o‘qib yurishi lozim.
Shu o‘rinda bir muhim masalaga ham to‘xtalib o‘tsak. Inson aslo folbin, kohin, sehrgar, arrofning oldiga bormasligi shart. Chunki ular Alloh taolo va Uning Rasuli qaytargan amallarni qiladilar. Ularga ishonish og‘ir gunohdir. Shuning uchun, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldiga borishdan qattiq qaytarganlar.
Tonggi va tungi zikrlarni qilishni ham unutmang. Chunki bu ko‘z tegishidan saqlanishning eng samarali yo‘llaridan biridir.
Alloh taolodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashimizga, u zotning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq berishini, yomon ko‘zdan, hasadchilarning hasadidan, inson va jinlarning yomonligidan asrashini so‘raymiz.
Davron NURMUHAMMAD
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.