Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hanafiy mazhabi ibodat, muomalot va boshqa barcha sohalarda Qur’on va Sunnatdagi qoidalarning xulosasi ekan. Buni qanday tushunish kerak? Masalan, bugungi kunda avtomashina, samolyot va poyezddan foydalanishning hukmini, aksiya muomalalari va boshqa masalalarning hukmini mana shu qoidalarga solib o‘rganamiz. Lekin Qur’on va Sunnatda aynan mashina yoki samolyotning, aksiyadorlikning hukmi yo‘q-ku? Uning hukmini qayerdan olamiz? Ularni Qur’on va Sunnat asosida ishlab chiqilgan qoida asosida olamiz. Bizga kerakli masalaning hukmi ana shu qoidadan kelib chiqadi. Xullas, hanafiy mazhabi mana shu mashaqqatli vazifani bajardi. Sizu biz o‘tirib, o‘sha qoidalarni ishlab chiqishimizga, bugungi kundagi masalalar bo‘yicha hukm izlashimizga ehtiyoj qolmadi, buning o‘rniga mana shu mazhab «Marhamat» deb, bu qoidalarni taqdim qildi. Avvalgi avlodlar o‘z davridagi masalalarni bu qoidalarga qanday solgan bo‘lsa, biz ham yeyish-ichishdan tortib barcha masalalarni shu qoidalarga solishimiz mumkin bo‘ldi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim bir yaxshilikni ko‘ngilga tugsa-yu, uni qilmasa, Alloh buni O‘z huzurida unga to‘liq bir yaxshilik deb yozadi. Agar shuni ko‘ngilga tugib, keyin uni qilsa, Alloh buni O‘z huzurida unga o‘nta yaxshilikdan yetti yuz baravargacha qilib, undan ham bir necha baravar ko‘p qilib yozadi. Kim bir yomonlikni ko‘ngilga tugsa-yu, uni qilmasa, Alloh buni O‘z huzurida unga to‘liq bir yaxshilik deb yozadi. Agar shuni ko‘ngilga tugib, keyin uni qilsa, Alloh buni unga birgina yomonlik deb yozadi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).