frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

2 rakat + namoz = haj va umra savobi

11.12.2024   17697   3 min.
2 rakat + namoz = haj va umra savobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alhamdulillah, har kuni erta tongda to‘rt muchangiz sog‘-salomat uyg‘onasiz. Ko‘zlaringiz ko‘ryapti, quloqlaringiz eshityapti, qo‘l-oyoqlaringiz harakatlanyapti. Buning barchasi Allohning marhamatidandir. Alloh taoloning bergan bu ne’matlarining shukronasini qanday ado etish mumkin?!

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz bo‘g‘in va suyaklar ustida tong ottirganingiz uchun bir sadaqa bor. Har bir tasbehingiz – sadaqa. Har bir tahmid (Alhamdulillah) – sadaqa, har bir tahlil (Laa ilaha illalloh) – sadaqa, har bir takbir – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz ham, yomonlikdan qaytarishingiz ham sadaqadir. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namoz o‘qishingiz kifoya qiladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Allohning bergan ofiyat ne’matiga shukr qilish uni yanada ziyoda qiladi. Axir ofiyatdan ham ulug‘roq ne’mat bormi?

Allohning bergan behisob ne’matlarining shukri uchun ikki rakat zuho namozini ado eting! Robbimizning karami kengligini, o‘ta saxiyligini qarang, bor yo‘g‘i 2 yoki 3 daqiqada ado etiladigan ikki rakat namozingizni shukrona sifatida qabul qilyapti. Bundan tashqari, Alloh taolo: "Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilaman" deb marhamat qilgan. Agar Alloh taoloning sizga bergan ofiyat ne’mati uchun shukr qilsangiz, hech shak-shubhasiz Alloh sizga O‘zining marhamati va fazli bilan ne’matlarini yanada ziyoda qiladi.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajri to‘liq, to‘liq, to‘liq beriladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zuho namozini ado etganlarga haj va umraning savobi mukammal hamda to‘liq berilishini 3 marotaba takrorladilar. Qanday qilib inson osongina harakat bilan shunday ulkan mukofotlarga erishishdan mahrum qolishi mumkin? Alloh taolo O‘zining marhamati ila bu amalni oson qilib qo‘ydi. Bu namozning ado etilishi oson bo‘lsa-da, unda qanchadan-qancha fazilatlar bor.

Zuho namozining eng ozi ikki rakat o‘qish mumkin. 4 yoki 8 rakat o‘qisa ham bo‘ladi. Ayrimlar uning rakatlarining chegarasi yo‘q deyishadi. Ammo 2 rakat kifoya qiladi. Eng muhimi zuho namozini quyosh chiqqandan to peshin namozining o‘qilishiga bir soat qolguncha o‘qish mumkin. Ishga ketishdan oldin uyda ham, ishxonada ham o‘qib olsa bo‘ladi. Bor yo‘g‘i 2 yoki 3 daqiqa vaqt ketadi, ammo ulkan savoblarga erishiladi. Qanday qilib inson shunday ulkan ne’matni qo‘ldan chiqarishi mumkin, axir unga erishish juda oson-ku?!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zuho namozida “Shams” va “Zuho” suralarini o‘qir edilar.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

28.08.2026   1   1 min.
“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.

Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.

Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.

U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari