Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bilol roziyallohu anhuga: “Ey Bilol, Islomga kirganingdan keyin savobini eng umid qiladigan amalingni menga gapirib ber. Chunki men jannatda old tomonimdan kavushing ovozini eshitdim”, dedilar.
Shunda Bilol roziyallohu anhu: “Amallarim ichida savobi umid qilinadigan eng yaxshi amalim – agar kechasi yoki kunduzi (tahorat, g‘usl yoki tayammum qilib) poklanadigan bo‘lsam, ana shu poklik bilan nasib qilganicha namoz o‘qir edim”, dedilar (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Tahorat qilib bo‘lgandan so‘ng o‘qiladigan namoz – “Shukri vuzu’” (tahoratning shukri) deyiladi. Bu namozni tahoratdan keyinoq o‘qish mustahab sanaladi. Namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlarda o‘qib bo‘lmaydi.
Uqba ibn Omir Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qay bir odam yaxshilab tahorat qilsayu, qalbi va yuzi ila iqbol qilgan holda ikki rakat namoz o‘qisa, albatta unga jannat vojib bo‘ladi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Boshqa hadis Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim mening shu tahoratimga o‘xshatib tahorat qilsa va turib borib, ikki rakat namoz o‘qisa-yu, unda biror narsani ko‘nglidan o‘tkazmasa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar.Davron NURMUHAMMAD
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar zamirida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, shaxslar, ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan mashhur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlari mujassam.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu nufuzli anjumanda "Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni", "Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini", "XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" kabi sho‘balarda muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalarida buyuk bobomizning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati kabi muhim masalalarda so‘z yuritdi.
Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunoslar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 1 may, 88-son