Sayt test holatida ishlamoqda!
10 May, 2025   |   12 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:37
Quyosh
05:10
Peshin
12:24
Asr
17:22
Shom
19:33
Xufton
21:00
Bismillah
10 May, 2025, 12 Zulqa`da, 1446

Siz Bilol roziyallohu anhu qilgan shu ishni qilganmisiz?

11.12.2024   21453   1 min.
Siz Bilol roziyallohu anhu qilgan shu ishni qilganmisiz?

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bilol roziyallohu anhuga: “Ey Bilol, Islomga kirganingdan keyin savobini eng umid qiladigan amalingni menga gapirib ber. Chunki men jannatda old tomonimdan kavushing ovozini eshitdim”, dedilar.

Shunda Bilol roziyallohu anhu: “Amallarim ichida savobi umid qilinadigan eng yaxshi amalim – agar kechasi yoki kunduzi (tahorat, g‘usl yoki tayammum qilib) poklanadigan bo‘lsam, ana shu poklik bilan nasib qilganicha namoz o‘qir edim”, dedilar (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).

Tahorat qilib bo‘lgandan so‘ng o‘qiladigan namoz – “Shukri vuzu’” (tahoratning shukri) deyiladi. Bu namozni tahoratdan keyinoq o‘qish mustahab sanaladi. Namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlarda o‘qib bo‘lmaydi.

Siz Bilol ibn Raboh kabi tahorat olib bo‘lishingiz bilanoq ikki rakat bo‘lsada nafl namoz o‘qiganmisiz?

Uqba ibn Omir Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qay bir odam yaxshilab tahorat qilsayu, qalbi va yuzi ila iqbol qilgan holda ikki rakat namoz o‘qisa, albatta unga jannat vojib bo‘ladi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Boshqa hadis Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim mening shu tahoratimga o‘xshatib tahorat qilsa va turib borib, ikki rakat namoz o‘qisa-yu, unda biror narsani ko‘nglidan o‘tkazmasa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Sehrgar bir yilda ham bu ishni qila olmaydi

07.05.2025   2783   4 min.
Sehrgar bir yilda ham bu ishni qila olmaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hamdu sano olamlar Parvardigori, biz yashirayotgan va oshkora qilgan narsalarimizni biluvchi Alloh taologa bo‘lsin. Undan hech narsa maxfiy emas — yerda ham, osmonda ham. Uni shukr va hamdlar bilan yod etamiz. Kimki o‘z ayblari bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqalarning ayblariga qaramaydi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, U zotning oila a’zolari va sahobalariga Allohning salomu duolari bo‘lsin.

Ey musulmonlar! Allohdan qo‘rqinglar va o‘zingizni g‘iybat va chaqimchilik halokatiga tashlamanglar. Chunki bu ikki illat birodarlik aloqalari va islomiy bag‘rikenglik uchun katta xavf soluvchi, jirkanch sifatlardandir. Ular qaysi jamiyatda keng tarqalsa, o‘sha jamiyatning birligi parchalanadi, dillar orasida muhabbat o‘rniga adovat paydo bo‘ladi, dushmanga qarshi madadsiz qolingan bo‘ladi.

Chaqimchilik — bir odamning gapini boshqasiga yetkazib, ular o‘rtasini buzishga harakat qilishdir. Bu illat qancha falokatlar keltirib chiqargan, qancha do‘stlikni parchalagan, muhabbatni nafratga aylantirgan! Shundan kelib chiqib ulamolar buni sehr deb ataganlar.

Ibn Abdulbarr Yahyo ibn Abi Kasirdan rivoyat qiladi: “Chaqimchi va yolg‘onchi bir soatda qilib yuborgan buzg‘unchilikni, sehrgar bir yilda ham qila olmaydi”.

Chaqimchilikdan saqlanaylik! U pastkash insonlarning odatidir. U yomonliklarni tarqatadi, sirlarni fosh qiladi, katta isyonlarga sabab bo‘ladi. Kimki sizga chaqimchilik qilsa, bilingki, u siz haqingizda ham boshqalarga chaqimchilik qiladi.

G‘iybat — birodaringizni uni yo‘qligida o‘zining yoqtirmaydigan narsalari bilan tilga olishdir — uning xulqi yoki qiyofasi haqida bo‘lsa ham. Hatto o‘sha narsa unda haqiqat bo‘lsa ham, bu — g‘iybat. Agar unda bo‘lmasa, bu tuhmat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan g‘iybat haqida so‘ralganda:  G‘iybat — birodaringizni u yoqtirmaydigan holatda tilga olishingdir, dedilar. — Agar men aytganim u kishida bo‘lsa-chi? — deb so‘raldi. — Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgansan. Agar bo‘lmasa, unga tuhmat qilgansan, — dedilar.

Alloh taolo bunday degan: Va bir-biringizni g‘iybat qilmanglar! So‘ngra Alloh taolo g‘iybat qiluvchining holatini shunday tasvirladi: Sizlardan kim o‘lgan birodarining go‘shtini yemoqchi bo‘ladi?! Bunday holatni yomon ko‘rasizlar.

G‘iybatdan saqlanaylik! Bu gunohni kichik deb bilmaylik. Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Safiya onamiz haqida bir so‘z aytganlar, ya’ni — “U pakana”, deganlar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen hozir shunday so‘z aytdingki, agar uni dengiz suviga aralashtirsang, uni bulg‘ashga yetar edi!”, deganlar.

G‘iybat va chaqimchilik — qabr azobining sabablaridandir. Rasululloh alayhissalom aytdilar: «Meni me’rojga olib chiqishganida, tirnoqlari misdan bo‘lgan insonlarni ko‘rdim, o‘z yuzlari va ko‘kraklarini tirnar edilar. Jabroildan so‘radim: “Bular kimlar?” Jabroil: “Bular insonlarning go‘shtini yeganlar va ularning sharaflariga tajovuz qilganlardir”, dedilar».

Boshqa musulmonlarning obro‘larini hurmat qilaylik! Rasululloh alayhissalom Xajjatul Vado’da: “Albatta, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz — bir-biringizga harom, bu kun, bu oy, va bu shaharingizning hurmati kabi” deb aytdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana aytdilar: Kimki musulmonlarning ayblarini axtarsa, Alloh uning ayblarini fosh etadi — hatto o‘z uyida bo‘lsa ham.

Alloh bunday deydi: Albatta, mo‘minlar orasida fahsh ishlar tarqalishini xohlaydiganlarga dunyo va oxiratda alamli azob bo‘ladi. Alloh biladi, sizlar bilmaysizlar.

Alloh taolo bizlarni Qur’oni karim va Rasulining sunnatlariga muvofiq hayot kechirishimizni nasib etsin.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV