Sayt test holatida ishlamoqda!
12 May, 2025   |   14 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:08
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:35
Xufton
21:03
Bismillah
12 May, 2025, 14 Zulqa`da, 1446

Siz Bilol roziyallohu anhu qilgan shu ishni qilganmisiz?

11.12.2024   21571   1 min.
Siz Bilol roziyallohu anhu qilgan shu ishni qilganmisiz?

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bilol roziyallohu anhuga: “Ey Bilol, Islomga kirganingdan keyin savobini eng umid qiladigan amalingni menga gapirib ber. Chunki men jannatda old tomonimdan kavushing ovozini eshitdim”, dedilar.

Shunda Bilol roziyallohu anhu: “Amallarim ichida savobi umid qilinadigan eng yaxshi amalim – agar kechasi yoki kunduzi (tahorat, g‘usl yoki tayammum qilib) poklanadigan bo‘lsam, ana shu poklik bilan nasib qilganicha namoz o‘qir edim”, dedilar (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).

Tahorat qilib bo‘lgandan so‘ng o‘qiladigan namoz – “Shukri vuzu’” (tahoratning shukri) deyiladi. Bu namozni tahoratdan keyinoq o‘qish mustahab sanaladi. Namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlarda o‘qib bo‘lmaydi.

Siz Bilol ibn Raboh kabi tahorat olib bo‘lishingiz bilanoq ikki rakat bo‘lsada nafl namoz o‘qiganmisiz?

Uqba ibn Omir Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qay bir odam yaxshilab tahorat qilsayu, qalbi va yuzi ila iqbol qilgan holda ikki rakat namoz o‘qisa, albatta unga jannat vojib bo‘ladi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Boshqa hadis Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim mening shu tahoratimga o‘xshatib tahorat qilsa va turib borib, ikki rakat namoz o‘qisa-yu, unda biror narsani ko‘nglidan o‘tkazmasa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

100 dan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham moddiy ko‘mak berildi

07.05.2025   5347   2 min.

Birgina kishining ma’naviy va moddiy ehtiyojlari ta’minlanishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shodu xurram bo‘ladi.


Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.


Shu yil 5 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.


Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, O‘zMI mas’ul xodimlari, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, 2024 yilda hajga borgan hoji ota va hoji onalar ishtirok etdilar.


Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.


Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.

* * *

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Chilonzor tumanidagi "Katta Qozirabot" mahallasiga tashrif buyurib u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.

* * *

Peshin namozidan so‘ng tadbir ishtirokchilari yana «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» masjidiga yig‘ilib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.


Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.

@MuslimShosh