frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Namozdan keyin o‘qiladigan, qayg‘ularni aritadigan duo

12.12.2024   36610   3 min.
Namozdan keyin o‘qiladigan, qayg‘ularni aritadigan duo

Bir qiz aytadi: «Men yoshligimdan buvim bilan bir xonada yotardim. Buvim hayotdan ko‘z yumgunlaricha, taxminan o‘n yilcha birga yashadik. Shu o‘n yil ichida buvimdan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Lekin shu o‘rganganlarim ichida eng yaxshisi – namozdan keyingi duo edi. Buvim farz namozni o‘qib bo‘lib, joynamoz ustida ancha o‘tirardilar, men esa buvimni kuzatardim. Buvim namozni xotirjam, sokin yakunlab, uzoq duo qilardilar. Bir kuni ana shunday sokin o‘tirishlarini ko‘rib, savol bergim keldi: «Buvi, namozdan keyin nimalar deb duo qilasiz? Qanday qilib namozdan bunchalik rohatlanasiz?».

Buvim kulib qo‘yib, namozdan keyin qaysi duolarni o‘qishlarini aytib, menga ham o‘rgatdilar. Har namozdan keyin buvim bilan birga ana shu duolarni takrorlaydigan bo‘ldim. Duolarni yodlab olgan kunim menga mukofot ham berdilar.

Buvim alohida e’tibor bilan o‘qiydigan duo mana shu edi:

«Astag‘firulloh, astag‘firulloh, astag‘firulloh. Allohumma, antas-Salaam va minkas-salaam, tabaarokta yaa Zal-jalaali val-ikrom! Laa ilaaha illallohu vahdahu, laa shariika lahu, lahul-mulku va lahul-hamd va huva ’alaa kulli shay’in qodiyr. Allohumma, laa maani’a li maa a’toyt, va laa mu’tiya li maa mana’t va laa yanfa’u zal-jaddi minkal-jadd».


(Allohga istig‘for aytaman, Allohga istig‘for aytaman, Allohga istig‘for aytaman. Allohim, Salom O‘zingsan, salom ham O‘zingdan. Tabarruksan, ey ulug‘lik va karam Sohibi! Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi ham yo‘q. Mutlaq mulk Unikidir, hamd ham Ungadir, U har narsaga qodirdir. Robbim, Sen berganni to‘suvchi yo‘q, Sen to‘sganni beruvchi yo‘q. Quvvat Sendadir, boshqaning kuch-quvvati foyda bermas).

Ko‘p yillar davomida bu duolarni buvim bilan birga o‘qiyverdim, bu duolar aqlimning, shuurimning bir bo‘lagiga aylanib, his-tuyg‘ularimga qorishib ketdi.

Buvim menga shunday der edilar: «Jonim qizim, bu duoning halovatini qara! «Robbim, Sen berganni to‘suvchi yo‘q!». Ko‘ryapsanmi, Alloh senga bergan narsani hech kim olib qo‘ya olmaydi. «Sen to‘sganni beruvchi yo‘q». Alloh bermagan narsani senga hech kim bera olmaydi. «Quvvat faqat Sendadir, boshqaning kuch-quvvati foyda bermas». Ha, kuch-qudratni faqat Alloh beradi, Alloh bir narsani xohlasa, hech kim hech narsa qila olmaydi. Bolam, sendagi kuch-quvvat ham faqatgina Allohdan. Shuning uchun Allohga ishongin-da, xotirjam yashayvergin!»

Buvim meni bu duolardan bahra olishga, ma’nolarini his qilishga tinimsiz undar edilar. Men buning halovatini ikki yillardan keyin his qila boshladim. Boshlang‘ich maktabni tamomlab, o‘smirlikka ilk qadam qo‘ygan paytim edi. Buvimning o‘gitlari o‘smirlik davrining g‘am-qayg‘ulari boshlanganda shunaqangi asqotdiki, asti qo‘yaverasiz. Men qayg‘ularimni osongina yengar edim, tushkunlikni, umidsizlikmni buvim o‘rgatganidek, namozdan keyingi duolar bilan davolardim. Har gal «Robbim, Sen berganni to‘suvchi yo‘q, Sen to‘sganni beruvchi yo‘q. Quvvat Sendadir, boshqaning kuch-quvvati foyda bermas», deganimda xotirjam bo‘lib qolar edim. Bu duolar xuddi boshimga tushayotgan muammolarni davolash uchun kunda besh mahal ichiladigan doriga o‘xshar edi. Qarabsizki, Allohning marhamati bilan yoshlik, g‘o‘rlik, o‘smirlik davrini dugonalarimga nisbatan ancha yaxshi o‘tkazdim. Qanday muammo duch kelsa ham, namozga shoshib, namozdan keyingi duoyu zikrlar bilan xotirjam bo‘lib yurgan vaqtimda ko‘pchilik dugonalarim psixologlarga, hatto psixiatrlarga qatnab, davolanib yurishardi».

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

27.08.2026   12964   1 min.
Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari