Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ummu Ayman roziyallohu anho asli habashistonlik bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning otasi Abdullohning xizmatchisi edi. Asli ismi Baraka binti Sa’laba, oldin Hazraj qabilasidan Ubayd ibn Zayd nikohida bo‘lgan. Ayman ismli o‘g‘li bois uni “Ummu Ayman” deb chaqirishardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelganlarida, birinchi bo‘lib quchog‘iga olgan mehribon ayol Ummu Ayman roziyallohu anho edi. U muborak chaqaloqni o‘zgacha mehr bilan parvarish qilgan. Halima onamiz yosh Muhammadni onalariga qaytarib berganidan keyin Ummu Ayman u zotga ham xizmatchilik, ham enagalik qildi.
O‘sha yillari hazrat Omina Yasribga borib, eri Abdullohning qabrini va u yerdagi qarindosh-urug‘larini ziyorat qilmoqchi bo‘ladi. O‘g‘li Muhammad bilan xizmatchisi Ummu Aymanni olib yo‘lga chiqadi va bir oycha Yasribda turib qoladi.
Qaytish vaqti kelganida uchovlari Makka tomon yo‘lga chiqishdi. Abvo qishlog‘iga yetganlarida hazrat Omina og‘rib qoldi. Shu yerda bir necha kun dam olib, sog‘ayganidan keyin yo‘lga chiqmoqchi bo‘lishdi. Lekin hazrat Ominaning kasali kundan kun og‘irlashdi. Ummu Ayman bir tarafdan Ominaga xizmat qilsa, yana bir tarafdan yosh Muhammad alayhissalomga qarar, undan ko‘zini uzmas edi. Ikki dunyo quyoshi – bo‘lajak Payg‘ambarimiz onasining qiynalayotganini ko‘rib, unsiz yig‘lardilar.
Hazrat Omina dafn qilinganidan so‘ng Ummu Ayman bo‘lajak payg‘ambarni bir tuyaga o‘tqizib, o‘zi boshqa tuyaga minib, cho‘l-sahrolar, tog‘-toshlardan o‘tib, mashaqqat bilan Makkaga yetib keldi, Quraysh ulug‘i Abdulmuttalibning uyiga tushdi.
Ummu Ayman jonidan ham ko‘proq yaxshi ko‘radigan Muhammad alayhissalom ulg‘ayib, oilali bo‘lgunlaricha onasidek mehribonlik, fidokorlik ko‘rsatdi. U zot ham enagasini hargiz unutmay, har doim yo‘qlab, xabar olib turdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni «ikkinchi onam» deb alohida hurmat qilar, jannat ahlidan ekanining xabarini bergan edilar.
Ummu Ayman roziyallohu anhoning eri vafot etib, tul qoldi. Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni sahobalar bilan o‘tirganlarida: «Jannat ahlidan bo‘lgan ayol bilan oila qurishni xohlagan kishi Ummu Aymanni nikohiga olsin», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu taklifini asrab olgan o‘g‘illari Zayd ibn Horisa qabul qildi. Payg‘ambar alayhissalom Ummu Aymanni sahoba Zaydga nikohlab berdilar. Ikkovlaridan Islomning eng yosh qo‘mondoni, ulug‘ sahobiy Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu dunyoga keldi.
Ummu Ayman roziyallohu anho Alloh taologa tavakkal qiladigan, sabrli ayol edi. Eng qiyin vaziyatda ham umidsizlikka tushmas, Alloh taoloning rahmati, madadi kelishiga ishonardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin hazrat Abu Bakr bir kuni hazrat Umarga: “Ummu Aymanni ziyorat qilib kelaylik, Payg‘ambar alayhissalom uni ziyorat qilib turardilar”, dedi. Ummu Ayman ularni ko‘rib, yig‘ladi. Abu Bakr va Umar: “Nega yig‘laysiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning dargohida ekanlari yaxshiroq emasmi?” deb tasalli bermoqchi bo‘lishdi. Ummu Ayman: “Men Rasululloh alayhissalomning Alloh taolo dargohida ekani yaxshiligini bilmaganim uchun emas, vahiy tushmay qolgani uchun yig‘layapman”, dedi. Uning bu so‘zi Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumlarni ham qattiq hayajonga soldi, ular ham yig‘lashdi.
Alloh taolo Ummu Ayman roziyallohu anhoga uzoq umr ato qildi. U uch ulug‘ sahobiy boshqargan davrlarni ko‘rdi. Hazrat Usmon roziyallohu anhu davri boshlangan yili vafot etdi.
Madina QOSIMOVA
O‘qilishi: Shahidallohu annahu laa ilaha illa huva val malaaikatu va ulul ilmi qooiman bilqisti laa ilaha illa huval ’aziyzul hakiym.
Ma’nosi: "Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham guvohlik berdilar. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim Zotdir" (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida "Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga men ham guvohman" desa, Alloh taolo ushbu oyatning harflari adadicha farishtalarni qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for ayttirib qo‘yadi".
U zot alayhissalom boshqa hadisda bunday deganlar: "Kim uyquga yotishidan oldin ushbu oyatni o‘qisa, Alloh taolo yetmish mingta farishtani yaratadi va ular qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar".
Abu G‘olib aytadilar: "Men Kufaga tijorat qilish uchun borganimda A’mashga qo‘shni bo‘lib turdim. Shunda u kishini har kecha ushbu oyatni takror va takror o‘qigani va undan keyin: "Men ham Alloh guvohlik bergan narsaga guvohman, men ushbu guvohligimni Allohga omonat qilib topshiraman. Qiyomat kunida Alloh taolo menga omonatimni qaytargay" deganlarini eshitar edim.
Shunda u kishidan buning sababini so‘raganimda, aytgan edilar: "Abu Voil menga Ibn Mas’uddan rivoyat qilib aytgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida ushbu kalimalarni aytsa, qiyomat kunida Alloh taolo unga xitob qilib bunday deydi: "Bandam menga bergan va’dangda turding, ya’ni tavhidda, Men ham O‘z va’damda turaman. Ey, maloikalarim! Jannatning hamma eshiklarini ochinglar, bu bandam xohlagan eshigidan kirsin", deydi".