Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Sengagina ibodat qilamizva Sendangina yordam so‘raymiz

12.12.2024   8017   6 min.
Sengagina ibodat qilamizva Sendangina yordam so‘raymiz

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo Fotiha surasining 5-oyatida mo‘min bandalariga: "Biz (faqat) Sengagina ibodat qilamizva Sendangina yordam so‘raymiz!" deb duo qilishni o‘rgatgan.

Avvalgi oyatlarda Allohning sifatlari keltirilgach, endi o‘sha Zot ibodat qilinish va yordam so‘ralishga eng munosib ekani tilga olinmoqda.

Alloh taolo bandalar ojiz va zaif ekanlarini unutmasliklari uchun namozga turganlarida ushbu oyatlarni takror-takror o‘qishni amr qilgan. Qachonki bandalar zaifliklarini e’tirof etib, xushu’ bilan Allohga ibodat va duo qilsalar, Alloh ularning iltijo va ibodatlarini qabul etadi.

Oyatning ma’nosi quyidagicha: Robbimiz, Sen hamdu sanoga eng munosib, butun olamlar Parvardigori, Rahmon, Rohiym Zot va hisob kunining Podshohi ekansan, bas, biz faqat Sengagina ibodat qilamiz! Sendan boshqa kimga ham ibodat qilamiz? Sendangina yaxshilik va madad so‘raymiz! Sendan boshqa kimga ham suyanamiz? Biz Sening rahmatingdan umidvormiz. Sendan o‘zgasiga ibodat qilishdan saqlanamiz, hojatlarimizni yolg‘iz Sengagina oshkor qilamiz, ibodatlarimizni ixlos bilan to‘liq ado etishda madadingga muhtojmiz!

 Oyatda “Sengagina” va “Sendangina” so‘zlarining ikki marta takrorlanishi banda ibodatni faqat Allohga qilishi, yordamni faqat Allohdangina so‘rashi kerakligiga dalolat qiladi.

Ushbu ma’no Qur’oni karimning boshqa o‘rnida quyidagicha ifodalanadi: “(Ey Muhammad,) bas, Unga ibodat qiling va O‘ziga tavakkul qiling – suyaning! Robbingiz sizlar qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emas” (Hud, 123).

Bu yerdagi “ibodat”dan [1] murod to‘g‘ri e’tiqod bilan, niyatni xolis qilib Alloh yaxshi ko‘radigan, rozi bo‘ladigan solih amallarni bajarishdir. Aslida “ibodat” so‘zi “o‘zini juda past olib, Allohga bandalikni izhor qilish” ma’nosini anglatadi. Bular “ibodat”ning lug‘aviy ma’nosi bo‘lib, kengroq qaralsa, “ibodat” ko‘p qirrali tushunchadir. Banda hayoti davomida Alloh taolo buyurganidek, U Zot rozi bo‘ladigan tarzda, shariat chegarasidan chiqmagan holda hayot kechirsa, ana o‘sha haqiqiy ibodat bo‘ladi.

“Biz Sengagina ibodat qilamiz” degani “Sening aytganingni bajaramiz, Sening hukmingga bo‘ysunamiz, Senga isyon qilmaymiz” ma’nolarini anglatadi. Banda, Alloh farz qilgani uchun namoz o‘qigani kabi halol tarzda rizq talab qilish ham farz ekanini anglab, pokiza va halol yo‘llar orqali tirikchilik olib borsa, Allohga ibodat qilgan bo‘ladi. Demak, ulug‘ ibodatlar hisoblanmish namoz, ro‘za, zakot, haj va boshqa amallarni faqat Alloh roziligini niyat qilib ado etishidan tashqari, boshqa barcha sohadagi ishlarini Alloh amr qilganidek tasarruf qilishga, Islom ahkomlari asosida hayot kechirishga intilish lozim. Ana o‘shanda umrning har bir lahzasi ibodatga aylanadi.

Ibodatning asl mohiyati Zoriyot surasida Alloh tomonidan quyidagicha bayon qilingan: “Men jin va ins(on)ni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot, 56).

Oyatda jin va inson toifasining yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Alloh taologa ibodat qilishlari ekani aytilmoqda. Agar “ibodat”ni faqat namoz, ro‘za, zakot va haj kabi ulug‘ ibodatlar deb tushunadigan bo‘lsak, jin va insonlar umrlarining har bir daqiqasini sajda qilib yoki har bir kunlarini ro‘za tutib o‘tkazishlari lozim bo‘lar edi. Aslida, Alloh jin va insonlarni faqat O‘zigagina bo‘ysunishga, amriga quloq tutib, qaytarganlaridan qaytishga buyurgan.

Alloh taolo bergan ne’matlarga shukr qilish, ularni o‘z joyiga sarflash ham ibodatning asosiy qismlaridan biridir. Parvardigorimiz aytadi: “Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz – pokiza narsalardan yenglar va agar (chindan) Allohning O‘zigagina ibodat qilguvchi bo‘lsangizlar U Zotga shukr qilingiz!” (Baqara, 172).

“Isti’onat” manfaatga erishish va zararni daf qilish uchun qalbning Alloh taologa qattiq bog‘lanishi, banda o‘zini ojiz sanagan holda U Zotdan yordam so‘rashidir.

Ibodat Allohning bandalari ustidagi haqqi, isti’onat (yordam so‘rash) esa bandalarning Alloh ustidagi haqqidir. Agar bandalar Allohga ixlos bilan ibodat qilsalar, Alloh ularga nusrat beradi.

Ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyatni: “Robbimiz, Sening Yakkaligingni e’tirof etamiz, Sendan qo‘rqamiz va Sendan umid qilamiz, Sendan o‘zgasiga ibodat qilmaymiz. Toat-ibodatlarimiz va barcha ishlarimizda Sendan yordam so‘raymiz”, deb tafsir qilgan (Ibn Jarir va Ibn Abu Hotim rivoyati).

Banda Alloh taolodan barcha narsani so‘rashi kerak va bularning avvalida Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizlarga ta’lim bergan narsalar turadi.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qo‘lidan tutib, “Ey Muoz, Allohga qasamki, men seni, albatta yaxshi ko‘raman. Allohga qasamki, men seni, albatta yaxshi ko‘raman”, deb turib, so‘ngra: “Ey Muoz, senga nasihat qilamanki, har bir namozdan so‘ng “Allohumma a’inniy ’alaa zikrika va shukrika va husni ’ibaadatik” deyishni unutmagin”, dedilar (Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon, Bayhaqiy “Shu’abul iyman”da va Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan).

Ushbu duo o‘ta ahamiyatli bo‘lganidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avval Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rishlarini ma’lum qilib, so‘ngra har bir namozdan keyin unga ushbu duoni qoldirmaslikni tayinlamoqdalar.

Rivoyatda keltirilgan duo har bir mo‘min va mo‘mina uchun juda ham kerakli bo‘lganidan ushbu hadis roviylari ham uni bir-birlariga omonat tarzida qoldirib kelishgan. Rivoyatning davomida aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu nasihatlarini Muoz ibn Jabal Sunobihiyga, Sunobihiy Abu Abdurahmonga, Abu Abdurahmon esa Uqba ibn Muslimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasihatlarini alohida tayinlab yetkazgan.

Tovus aytadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deb duo qilar edilar: “Hamd (u sano) meni yaratgan – Alloh uchun (xos)dir! Allohim, menga dunyodagi qiyin ishlarda, zamonning yomonliklarida, tun va kunlarning mashaqqatlarida yordam bergin!” (Abdurazzoq “Musonnaf”da rivoyat qilgan).

Yordam so‘rash duo bilan bo‘ladi. Shu sabab banda Allohga duo qilib, xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, har bir ehtiyojini U Zotdan so‘rashi va yomonliklardan panoh istashi kerak.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   4248   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari