Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo Fotiha surasining 5-oyatida mo‘min bandalariga: "Biz (faqat) Sengagina ibodat qilamizva Sendangina yordam so‘raymiz!" deb duo qilishni o‘rgatgan.
Avvalgi oyatlarda Allohning sifatlari keltirilgach, endi o‘sha Zot ibodat qilinish va yordam so‘ralishga eng munosib ekani tilga olinmoqda.
Alloh taolo bandalar ojiz va zaif ekanlarini unutmasliklari uchun namozga turganlarida ushbu oyatlarni takror-takror o‘qishni amr qilgan. Qachonki bandalar zaifliklarini e’tirof etib, xushu’ bilan Allohga ibodat va duo qilsalar, Alloh ularning iltijo va ibodatlarini qabul etadi.
Oyatda “Sengagina” va “Sendangina” so‘zlarining ikki marta takrorlanishi banda ibodatni faqat Allohga qilishi, yordamni faqat Allohdangina so‘rashi kerakligiga dalolat qiladi.
Ushbu ma’no Qur’oni karimning boshqa o‘rnida quyidagicha ifodalanadi: “(Ey Muhammad,) bas, Unga ibodat qiling va O‘ziga tavakkul qiling – suyaning! Robbingiz sizlar qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emas” (Hud, 123).
Bu yerdagi “ibodat”dan [1] murod to‘g‘ri e’tiqod bilan, niyatni xolis qilib Alloh yaxshi ko‘radigan, rozi bo‘ladigan solih amallarni bajarishdir. Aslida “ibodat” so‘zi “o‘zini juda past olib, Allohga bandalikni izhor qilish” ma’nosini anglatadi. Bular “ibodat”ning lug‘aviy ma’nosi bo‘lib, kengroq qaralsa, “ibodat” ko‘p qirrali tushunchadir. Banda hayoti davomida Alloh taolo buyurganidek, U Zot rozi bo‘ladigan tarzda, shariat chegarasidan chiqmagan holda hayot kechirsa, ana o‘sha haqiqiy ibodat bo‘ladi.
“Biz Sengagina ibodat qilamiz” degani “Sening aytganingni bajaramiz, Sening hukmingga bo‘ysunamiz, Senga isyon qilmaymiz” ma’nolarini anglatadi. Banda, Alloh farz qilgani uchun namoz o‘qigani kabi halol tarzda rizq talab qilish ham farz ekanini anglab, pokiza va halol yo‘llar orqali tirikchilik olib borsa, Allohga ibodat qilgan bo‘ladi. Demak, ulug‘ ibodatlar hisoblanmish namoz, ro‘za, zakot, haj va boshqa amallarni faqat Alloh roziligini niyat qilib ado etishidan tashqari, boshqa barcha sohadagi ishlarini Alloh amr qilganidek tasarruf qilishga, Islom ahkomlari asosida hayot kechirishga intilish lozim. Ana o‘shanda umrning har bir lahzasi ibodatga aylanadi.
Ibodatning asl mohiyati Zoriyot surasida Alloh tomonidan quyidagicha bayon qilingan: “Men jin va ins(on)ni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot, 56).
Oyatda jin va inson toifasining yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Alloh taologa ibodat qilishlari ekani aytilmoqda. Agar “ibodat”ni faqat namoz, ro‘za, zakot va haj kabi ulug‘ ibodatlar deb tushunadigan bo‘lsak, jin va insonlar umrlarining har bir daqiqasini sajda qilib yoki har bir kunlarini ro‘za tutib o‘tkazishlari lozim bo‘lar edi. Aslida, Alloh jin va insonlarni faqat O‘zigagina bo‘ysunishga, amriga quloq tutib, qaytarganlaridan qaytishga buyurgan.
Alloh taolo bergan ne’matlarga shukr qilish, ularni o‘z joyiga sarflash ham ibodatning asosiy qismlaridan biridir. Parvardigorimiz aytadi: “Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz – pokiza narsalardan yenglar va agar (chindan) Allohning O‘zigagina ibodat qilguvchi bo‘lsangizlar U Zotga shukr qilingiz!” (Baqara, 172).
“Isti’onat” manfaatga erishish va zararni daf qilish uchun qalbning Alloh taologa qattiq bog‘lanishi, banda o‘zini ojiz sanagan holda U Zotdan yordam so‘rashidir.
Ibodat Allohning bandalari ustidagi haqqi, isti’onat (yordam so‘rash) esa bandalarning Alloh ustidagi haqqidir. Agar bandalar Allohga ixlos bilan ibodat qilsalar, Alloh ularga nusrat beradi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyatni: “Robbimiz, Sening Yakkaligingni e’tirof etamiz, Sendan qo‘rqamiz va Sendan umid qilamiz, Sendan o‘zgasiga ibodat qilmaymiz. Toat-ibodatlarimiz va barcha ishlarimizda Sendan yordam so‘raymiz”, deb tafsir qilgan (Ibn Jarir va Ibn Abu Hotim rivoyati).
Banda Alloh taolodan barcha narsani so‘rashi kerak va bularning avvalida Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizlarga ta’lim bergan narsalar turadi.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qo‘lidan tutib, “Ey Muoz, Allohga qasamki, men seni, albatta yaxshi ko‘raman. Allohga qasamki, men seni, albatta yaxshi ko‘raman”, deb turib, so‘ngra: “Ey Muoz, senga nasihat qilamanki, har bir namozdan so‘ng “Allohumma a’inniy ’alaa zikrika va shukrika va husni ’ibaadatik” deyishni unutmagin”, dedilar (Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon, Bayhaqiy “Shu’abul iyman”da va Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan).
Ushbu duo o‘ta ahamiyatli bo‘lganidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avval Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rishlarini ma’lum qilib, so‘ngra har bir namozdan keyin unga ushbu duoni qoldirmaslikni tayinlamoqdalar.
Rivoyatda keltirilgan duo har bir mo‘min va mo‘mina uchun juda ham kerakli bo‘lganidan ushbu hadis roviylari ham uni bir-birlariga omonat tarzida qoldirib kelishgan. Rivoyatning davomida aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu nasihatlarini Muoz ibn Jabal Sunobihiyga, Sunobihiy Abu Abdurahmonga, Abu Abdurahmon esa Uqba ibn Muslimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasihatlarini alohida tayinlab yetkazgan.
Tovus aytadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deb duo qilar edilar: “Hamd (u sano) meni yaratgan – Alloh uchun (xos)dir! Allohim, menga dunyodagi qiyin ishlarda, zamonning yomonliklarida, tun va kunlarning mashaqqatlarida yordam bergin!” (Abdurazzoq “Musonnaf”da rivoyat qilgan).
Yordam so‘rash duo bilan bo‘ladi. Shu sabab banda Allohga duo qilib, xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, har bir ehtiyojini U Zotdan so‘rashi va yomonliklardan panoh istashi kerak.
Barchamizga ma’lumki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi.
Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida bunday deganlar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo‘lib kelgan. Hozirda ham yoshlar tarbiyasiga, ularning sifatli bilim olishlariga davlatimiz miqyosida katta ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edilar: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni aqlan va ma’nan yetuk avlod bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir.
Islom ta’limotlariga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.
Buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.
Inson dunyoda yashar ekan, o‘z hayotini go‘zal o‘tkazishga harakat qiladi. Turmushning farovon bo‘lishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan bo‘ladi. Qayerda ilm-fan rivoj topsa, o‘sha yerda tarqqiyot bor. Ilm-fanning rivoji esa ilm egalari – olimlar bilan bo‘ladi.
Islom dini musulmonlarni doimo ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa hech narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi.
«Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi».
Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash’aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlaylik.
Shunday ekan, biz musulmonlar o‘z farzandlarimizni bugungi kun talablari asosida tarbiyalashimiz, ularni zamonaviy ilm va kasb-hunarga yo‘naltirishga bor kuchimizni sarflashimiz lozim. Shunda farzandlarimiz xorij mamlakatlariga ishlash uchun “qora ishchi” bo‘lib emas, balki mutaxassis sifatida boradilar.
So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonlaridan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha ilgari surilgan “1000 dasturchi”, “Ikki til, bir kasb” loyihalaridan ham aynan shu ezgu maqsad ko‘zlangan...
Albatta, musulmon inson o‘zga insonlarga avvalo o‘zining yuksak axloqi bilan namuna bo‘lishi kerak. Zero, insonlar xulqi go‘zal kishini yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomga chaqirishni boshlaganlarida qarindoshlarini “Ey Bani Fihr, ey Bani Adiy” deb chaqirdilar. Barcha to‘plandi, uyidan chiqishga imkoni bo‘lmagan kishilar nima bo‘layotganini bilib kelish uchun odam jo‘natdilar. Rasululloh alayhissalotu vasallam: “Agar men sizlarga mana bu tog‘ etagidagi vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdi, deb xabar bersam, menga ishonasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Sizning biror marta yolg‘on gapirganingizni bilmaymiz, Sizga ishonamiz”, deyishdi. Shundan keyin u zot o‘zlarini Payg‘ambar qilib yuborilganlarini aytdilar.
Bu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar ekanlarini turli hujjat va mo‘jizalar orqali isbotlash bilan e’lon qilmadilar. Balki, eng avvalo ularga o‘zlarining axloqlari haqida savol berib, o‘zlarining rostgo‘y ekanliklarini tasdiqlatib oldilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, musulmon kishi o‘zga kishilarga eng avvalo amali, xulqi va odobi bilan namuna bo‘lishi kerak ekan.
Kishi husni xulqli bo‘lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlaridan bahramand bo‘lishi va ularni odob axloqlaridan o‘ziga namuna olishi ham ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Imom Molikning ilmlaridan ko‘ra, u zotning odoblaridan o‘rganganimiz ko‘proq bo‘ldi”.
Demak, husni xulq va odob kishida o‘z-o‘zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahli bilan hamsuhbat bo‘lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o‘rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o‘tgan salafi solihlarimizning go‘zal odatlaridan bo‘lgan.
Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo‘lsa ham, to‘rtta narsa uni yuqori darajalarga ko‘taradi: Hilimlik, tavoze’lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.
Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: “Ey otajon, inson uchun qaysi xislat yaxshiroq?” dedi. Otasi: “Din”, deb javob berdi. “Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. Otasi: “Din va mol”, dedi. “Agar uchta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol va hayo”, dedi. O‘g‘il: “Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?” dedi.
Otasi: “Din, mol, hayo va chiroyli xulq”, dedi. “Agar beshta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol, hayo, chiroyli xulq va saxiylik”, deb javob berdi. O‘g‘il yana: “Oltita bo‘lsa-chi?” deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: “Ey o‘g‘lim, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi” deb javob qildi. Mana shu beshta xislatlar borligi ham mo‘minlik sifatlaridandir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy maqomga yetadi, garchi (nafl) ibodatini ko‘p qilsa ham”.
Inson yomon xulqi bilan boshqa insonlarni ko‘ngliga ozor beradigan bo‘lsa, o‘sha xulqi tufayli qilgan yaxshiliklari ham bekor bo‘ladi.
Kishi ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa va odobga ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm, go‘zal xulq va odob insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va madadkor jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.
Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor zinhor unutmaylik. Farzandim ilmli, odobli, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib, oilasiga, vataniga, muborak diniga xizmat qiladigan, orzu-havaslaringizni ro‘yobga chiqaradigan inson bo‘lsin desak, hayotda turli keraksiz, ortiqcha hoyu-havaslarga berilib ketmasdan, ularning ehtiyoji uchun eng zaruriy badiiy, ilmiy, tanlagan kasbiga oid, dunyo va oxiratiga manfaat beradigan kitoblar, darsliklar olib berishga erinmaylik. Albatta, olib berib, ularni xursand qilib, qo‘llab-quvvatlab, shu kitoblarni birga o‘qiylik yoki o‘qishini albatta nazorat qilib turaylik.
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.