Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson hayoti davomida jamiyatdan ajralib kun kechira olmaydi. Atrofdagilar bilan turli ijtimoiy aloqalar o‘rnatadi. Har qanday holatda ham oila, mahalla va jamiyat ichida bo‘ladi. Tabiiyki, hayoti davomida uning atrofdagilarga nisbatan huquq va burchlari paydo bo‘ladi. Mana shunday huquqlardan biri qo‘shnichilik haqqi bo‘lib, unga dinimizda alohida e’tibor berilgan.
Alloh taolo Qur’oni karimda O‘ziga ibodat qilish va Unga hech narsani sherik qilmaslikka buyurganidan keyin, bir qancha toifalarga yaxshilik qilishga buyuradi. O‘sha kishilar ichida qo‘shnilar ham zikr qilingan. Oyati karimada bunday deyiladi: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchiga va qo‘l ostingizdagilarga ham yaxshilik qiling! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi 36-oyat).
Gohida qo‘shnilarning holidan g‘aflatda qolamiz, ularni holidan xabar olmaymiz, vaholanki, eng avvalo ular uchun bizning zimmamizda bir qancha haqlar bor: ko‘rganda salom berish; maslahat so‘rasa, to‘g‘risini aytish; aksa ursa, javob qaytarish; kasal bo‘lsa, ziyorat qilish; vafot etsa, janozasiga qatnashish va hokazolar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin!” (Imom Muslim rivoyati).
Qo‘shnilar o‘rtasidagi yaxshilikning bir ko‘rinishi – hayitlarda, quvonchli kunlar va munosib vaqtlarda o‘zaro hadya almashishdir. Muhimi – qo‘shnining hadyasi nima bo‘lsa ham, uni kam ko‘rmaslik kerak bo‘ladi.
Oisha onamiz Payg‘ambarimiz alayhissalomdan so‘radilar: “Ikki qo‘shnimning qaysi biriga hadya beray?” U Zot alayhissalom: “Eshigi yaqiniga”, dedilar – Imom Buxoriy rivoyati. Bu bilan yon qo‘shnining haqqi o‘zgalarnikidan ko‘proq bo‘lishini eslatib qo‘ydilar.
O‘zaro taom ulashish ham qo‘shniga yaxshilik qilishdandir. Abu Zarr raziyallohu anhu aytadilar: “Suyukli Payg‘ambarim menga buyurganlar: “Sho‘rva qaynatsangiz, suvini ko‘paytiring, so‘ngra qo‘shnilaringiz ahliga qarab, yaxshilik-saxovat bilan undan suzib bering” (Imom Muslim rivoyati).
O‘ziga to‘q qo‘shnilar hech qachon qiynalgan qo‘shnilarni e’tiborsiz tashlab qo‘ymasligi kerak. Qo‘shnilar zaruriy taom va kiyim kechak kabi narsalarga muhtoj bo‘lib qolishsa, albatta, ularga yordam qo‘lini cho‘zish zarur.
Musibat bo‘lgan xonadon ahlini qarindosh va qo‘shnilar taom bilan yo‘qlashi ham – dinimizdagi go‘zal sunnatlardandir. Ja’far raziyallohu anhu vafot etganlarida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “Ja’farning oilasiga taom tayyorlanglar, ularning boshiga mashg‘ul qiluvchi og‘ir ish tushdi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hozirda ayrim qo‘shnilar orasida yer-joy yoki boshqa masalalardagi o‘zaro talashishlar oqibatida yuzaga kelayotgan xunuk oqibatlar dinimiz ta’limotlariga mutlaqo ziddir. Bunday xijolatli ishlarga barham berish uchun qo‘shnilar o‘zaro kelishuv, hurmat, oliyjanoblik va diyonat bilan ish tutishlari kerak. Shunda Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ladilar, rizqlariga barakot kiradi, hayotlari ma’noli va mazmunli kechadi.
Alloh taolo barchamizga chiroyli qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shnilar bilan tinch-totuv, ahil yashashni nasib aylasin!
Kenjaboy Soliyev,
Toshkent islom instituti Modul ta’lim tizimi talabasi.
Ummatga qilingan so‘nggi vasiyat
“Hajjatul vado’” ya’ni “Vado xutbasi” lug‘atda “Vidolashuv xutbasi”, “xayrlashuv, ayriliq xutbasi-xitobi” degan ma’nolarni bildiradi.
Hijriy o‘ninchi yilning 9 zulhijja oyida (milodiy 632 yil 8 mart) Payg‘ambarimiz alayhissalom so‘nggi haj ibodatini ado etganlarida xutba qilganlar. Unda Makkada jami 124 ming musulmon to‘plangan edi.
U zot alayhissalom Qasvo degan tuyalariga minib, Arafot vodiysida ummatga so‘nggi vasiyatlarini bayon etganlar. Bu xitob faqat o‘sha joyda to‘plangan hojilargagina emas, balki qiyomatga qadar keladigan butun insoniyatga qaratilgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatga bunday vasiyat qildilar:
“Ey insonlar! So‘zimni yaxshilab tinglang... Bu yildan so‘ng sizlar bilan bu yerda yana ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.
Ey insonlar! Buguningiz qanday ham muqaddas kun, bu oylar qanday ham muqaddas oy, bu shahar (Makka) qanday ham muqaddas bir shahar bo‘lsa, Robbingiz bilan ko‘rishgunga qadar qonlaringiz, mollaringiz, obro‘larinigiz ham ayni shaklda muqaddasdir va bir-birlaringizga haromdir!
Ey sahobalarim! Ertaga Robbingizga ro‘para bo‘lib va bugungi holingiz haqida javob berursiz. Mendan so‘ngra eski zalolatlarga qaytib, bir-biringizning bo‘yningizga urmangiz!...
Ey insonlar! Ayollaringizga yaxshi muomala qilishingizni va Allohdan qo‘rqishingizni tavsiya qilaman. Chunki ular amringiz ostidadir. Siz ularni Allohning bir omonati o‘laroq oldingiz va ularning nomuslarini va iffatlarini Alloh oldida so‘z beraroq halol etingiz.
Yaxshi bilingki, sizning ayolingizda haqqingiz bo‘lganidek, ularning ham sizda haqlari bor.
Ey mo‘minlar! So‘zimni tinglang. Yaxshi tushinib oling. Batahqiq Robbingiz birdir. Otalaringiz ham bittadir. Alloh huzurida eng xayrligingiz, Allohdan eng ko‘p qo‘rqqaningizdir.
Arablarning ajamdan, ajamning esa arabdan, oq irqlining qora irqlidan, qora irqlining oq irqdan hech qanday ustunligi yo‘qdir. Ustunlik yolg‘iz taqvodadir.
Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing, rahbar qilib ustingizga burni, qulog‘i kesik bir qulni saylab qo‘ysa, Allohning Kitobi ila hukm etgani qadar uni tinglang va unga itoat eting!
Ey insonlar! Sizga bir omonat qoldirayapman-ki, uni mahkam ushlasangiz yo‘lingizdan adashmaysiz! U omonat Allohning Kitobi va payg‘ambarining sunnatidir.
Ey mo‘minlar! Allohdan qo‘rqing! Besh vaqt namozingizni o‘qing! Ramozon oyidagi ro‘zalaringizni tuting!
Mollaringizning zakotini bering! O‘zlaringizdan bo‘lgan amr sohiblariga itoat eting-ki, Robbingizni jannatiga kirursiz.
Ey insonlar! Haddan oshishlikdan saqlaning. O‘tgan ummatlarning halokatining sababi, dinlarida haddan oshish edi.
Bu sanadan so‘ngra yana siz bilan bu yerda ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.
Ey insonlar! Ertaga men xaqimda sizdan so‘raganlarida nima deysiz? Risolatni yetkazdimmi? Ilohiy vazifani ado qildimmi?”, dedilar.
Bunga butun as’hobi kirom shunday javob berdilar: “Albatta, qasam ichamizki siz Allohning xabarini tablig‘ etdingiz, vazifani bajardingiz. Bizga tavsiya va nasihatda bo‘ldingiz. Hammasiga shohidlik beramiz!”
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak ko‘rsatgich barmoqlarini samoga ishorat qildirib, jamoatga boqib bunday dedilar: “Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim!”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv xutbasini yakunlagach, Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:
“Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).
Nabiy alayhissalom vado hajidan qaytishda yo‘lda xastalandilar. Xastaliklari 13 kun davom etdi. Hijriy 11 yili robi’ul avval oyining dushanba kuni Oisha onamizning xonalarida muborak ruhlarini Allohga topshirdilar va o‘sha joyda dafn qilindilar...
Sollallohu alayhi vasallam
Davron NURMUHAMMAD