Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsangiz

12.12.2024   4266   3 min.
Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsangiz

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Inson hayoti davomida jamiyatdan ajralib kun kechira olmaydi. Atrofdagilar bilan turli ijtimoiy aloqalar o‘rnatadi. Har qanday holatda ham oila, mahalla va jamiyat ichida bo‘ladi. Tabiiyki, hayoti davomida uning atrofdagilarga nisbatan huquq va burchlari paydo bo‘ladi. Mana shunday huquqlardan biri qo‘shnichilik haqqi bo‘lib, unga dinimizda alohida e’tibor berilgan.

Alloh taolo Qur’oni karimda O‘ziga ibodat qilish va Unga hech narsani sherik qilmaslikka buyurganidan keyin, bir qancha toifalarga yaxshilik qilishga buyuradi. O‘sha kishilar ichida qo‘shnilar ham zikr qilingan. Oyati karimada bunday deyiladi: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchiga va qo‘l ostingizdagilarga ham yaxshilik qiling! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi 36-oyat).

Gohida qo‘shnilarning holidan g‘aflatda qolamiz, ularni holidan xabar olmaymiz, vaholanki, eng avvalo ular uchun bizning zimmamizda bir qancha haqlar bor: ko‘rganda salom berish; maslahat so‘rasa, to‘g‘risini aytish; aksa ursa, javob qaytarish; kasal bo‘lsa, ziyorat qilish; vafot etsa, janozasiga qatnashish va hokazolar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin!” (Imom Muslim rivoyati).

Qo‘shnilar o‘rtasidagi yaxshilikning bir ko‘rinishi – hayitlarda, quvonchli kunlar va munosib vaqtlarda o‘zaro hadya almashishdir. Muhimi – qo‘shnining hadyasi nima bo‘lsa ham, uni kam ko‘rmaslik kerak bo‘ladi.

Oisha onamiz Payg‘ambarimiz alayhissalomdan so‘radilar: “Ikki qo‘shnimning qaysi biriga hadya beray?” U Zot alayhissalom: “Eshigi yaqiniga”, dedilar – Imom Buxoriy rivoyati. Bu bilan yon qo‘shnining haqqi o‘zgalarnikidan ko‘proq bo‘lishini eslatib qo‘ydilar.

O‘zaro taom ulashish ham qo‘shniga yaxshilik qilishdandir. Abu Zarr raziyallohu anhu aytadilar: “Suyukli Payg‘ambarim menga buyurganlar: “Sho‘rva qaynatsangiz, suvini ko‘paytiring, so‘ngra qo‘shnilaringiz ahliga qarab, yaxshilik-saxovat bilan undan suzib bering” (Imom Muslim rivoyati).

O‘ziga to‘q qo‘shnilar hech qachon qiynalgan qo‘shnilarni e’tiborsiz tashlab qo‘ymasligi kerak. Qo‘shnilar zaruriy taom va kiyim kechak kabi narsalarga muhtoj bo‘lib qolishsa, albatta, ularga yordam qo‘lini cho‘zish zarur.

Musibat bo‘lgan xonadon ahlini qarindosh va qo‘shnilar taom bilan yo‘qlashi ham – dinimizdagi go‘zal sunnatlardandir. Ja’far raziyallohu anhu vafot etganlarida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “Ja’farning oilasiga taom tayyorlanglar, ularning boshiga mashg‘ul qiluvchi og‘ir ish tushdi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Hozirda ayrim qo‘shnilar orasida yer-joy yoki boshqa masalalardagi o‘zaro talashishlar oqibatida yuzaga kelayotgan xunuk oqibatlar dinimiz ta’limotlariga mutlaqo ziddir. Bunday xijolatli ishlarga barham berish uchun qo‘shnilar o‘zaro kelishuv, hurmat, oliyjanoblik va diyonat bilan ish tutishlari kerak. Shunda Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ladilar, rizqlariga barakot kiradi, hayotlari ma’noli va mazmunli kechadi.

Alloh taolo barchamizga chiroyli qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shnilar bilan tinch-totuv, ahil yashashni nasib aylasin!

Kenjaboy  Soliyev,
Toshkent islom instituti Modul ta’lim tizimi talabasi.

 

Boshqa maqolalar

Minoda qanday amallar bajariladi?

04.06.2025   4322   2 min.
Minoda qanday amallar bajariladi?

Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.

“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.

“Tarviya” – tafakkur ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.

 

Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.

Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.

 

Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.

Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).

Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.

Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..

Davron NURMUHAMMAD