Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhonallohi valhamdu lillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”, deyishim men uchun quyosh chiqib, nur sochganidan yaxshiroqdir, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda buni aytgan kishining gunohlari dengiz ko‘pigichalik bo‘lsa-da, kechirib yuborilishi aytiladi.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Jannat xazinalaridan birini senga aytaymi?" dedilar. Men: "Ha, ayting, Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam" dedim. Shunda u zot alayhissalom: "Laa havla va laa quvvata illa billahni ayt, u jannat xazinalaridandir", dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Zikrlarning afzali Laa ilaha illallohdir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Juvayriya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertalab subh namozi paytida uning huzuridan chiqib ketdilar. U namoz o‘qiydigan xonasida edi. So‘ngra zuho namozini o‘qib bo‘lib qaytib kelsalar, Juvayriya roziyallohu anho hali ham o‘tirgan edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chiqib ketganimdan beri shu holatda o‘tiribsanmi?” deb so‘radilar. Onamiz roziyallohu anho: “Ha”, deya javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Men sendan keyin to‘rtta kalimani uch martadan aytdim, agar ular tarozida o‘lchansa, sen bugun aytgan narsalardan og‘ir keladi. Ular: "Subhonallohi va bihamdihi ’adada xolqihi va rizo nafsihi va zinata ’arshihi va midada kalimatihi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ko‘p salavot aytish orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga noil bo‘lish mumkin. Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom ibn Mojalar rivoyat qilgan hadisda Omir ibn Robi’aning otalari quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Kim menga salavot aytsa, farishtalar unga ham menga aytgan salavotining barobarida salavot aytib turadilar. Banda salavotni xohlasa, oz aytsin, xohlasa ko‘p”, deganlarini eshitdim».
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi va o‘nta xatosini o‘chiradi”, deganlar.
Umrimizning har bir daqiqasi qadrli. Daqiqalarnigina emas, soniyalarni ham o‘z foydamizga hal etishning juda oson yo‘li chin ixlosdadir
Davron NURMUHAMMAD
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.