Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon masjidga kirsalar:
«A’uzu billahil ’aziym va bivajhihil kariym va sultonihil qodiym minash shaytonir rojiym», der edilar. Agar mana shu duo o‘qilsa, shayton: «Boshqa kunlarda ham mendan muhofaza qilindi», deb aytadi» (Abu Dovud rivoyati).
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Ko‘pincha dengiz sathi tashqaridan qaragan kishiga go‘yoki ipakdan to‘qilgan mayin gilamni to‘shab qo‘ygandek, tinch va sokin ko‘rinadi...
Lekin o‘sha tinch va sokindek ko‘rinayotgan aldamchi manzara ostida tinimsiz kurash, hayot va mamot to‘qnashuvlari, halokatli nidolar yashirinib yotadi. Dengiz qa’rida kitlar, akulalar, ilonlar va suvsarlar suzib yuradi, bir-birlarini o‘ljaga aylantirish maqsadida tinimsiz ta’qib qiladilar.
Xuddi shu kabi sizning yuzingiz ham oyna qarshisida tinch, mehrli va musaffo ko‘rinadi. Ammo tanangizni ichida esa, xujayralar g‘alayon qiladi, nafs xohishlari alanga oladi, g‘arizalar avj oladi va adovatlar olovlanadi.
Agar siz dengizdagi o‘sha maxluqlar jang qilayotgan chegaralardan o‘tib, dengizning ulardanda qa’riga yetib borsangiz, u yerda sukunat hukmron ekanligini, sadaflar, marvaridlar va marjonlar yashayotganini ko‘rasiz.
Xuddi shuningdek, tanangizda ham agar nafsoniy hirslar hukmronlik qilayotgan chegaradan o‘tib olib, ruhiyat hududiga yetib borsangiz, u yerda sakinat topasiz, hikmat ziyosining nuridan bahra olasiz, Parvardigorning huzuridan oqib chiqayotgan muhabbat bulog‘idan qonasiz.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV