Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon masjidga kirsalar:
«A’uzu billahil ’aziym va bivajhihil kariym va sultonihil qodiym minash shaytonir rojiym», der edilar. Agar mana shu duo o‘qilsa, shayton: «Boshqa kunlarda ham mendan muhofaza qilindi», deb aytadi» (Abu Dovud rivoyati).
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.