frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Juma - quyosh chiqqan va botgan kunlarning eng yaxshisi

13.12.2024   10159   3 min.
Juma - quyosh chiqqan va botgan kunlarning eng yaxshisi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Quyosh chiqqan va botgan kunlarning eng yaxshisi – juma kunidir. Har bir o‘rmalagan jonzot borki, juma kunida qiyomat qoim bo‘lishidan qo‘rqib turadi. Faqat insonlar va jinlar bundan mustasno», dedilar.

Ibn Xuzayma rivoyat qilgan.

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida kunlarning hammasi yig‘iladi. Juma kuni esa oppoq nurli bo‘lib keladi. Juma ahlini kelinchakni chimildiqqa yetaklab kelinganidek, go‘zal holatda yetaklab kelinadi. Ular qordan-da oppoq nurlar ichida, hidlari mushku anbarona bo‘lib, kofur tog‘larining ichida yuradilar. Insonlar va jinlar ularga berilgan maqomdan ajablanib, jannatga kirgunlaricha ulardan ko‘z uzmaydilar. Hech kim ularning yaqinlariga borib, ular bilan birgalikda jannatga kirolmaydi. Savob uchun muazzinlik qilganlar ular bilan aralashib jannatga kiradilar», dedilar.

Tabaroniy rivoyat qilgan.

Imom Iroqiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Kunlarning eng yaxshisi deganda, juma – hafta kunlarining eng yaxshisidir. Ammo Arafa kuni to‘g‘risida kelgan hadislarda Arafa – yil kunlarining eng yaxshisidir", deyilgan.

Boshqa olimlar juma kunini yilning barcha kunlari ichida eng yaxshi, deb ham aytgan ekanlar.

Ulamolar aytadilar: “Ramazon oyida qadr kechasi yashirilgani kabi, juma kunida duo ijobat bo‘ladigan vaqt ham yashirilgandir”.

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan u (jumadagi duo ijobat bo‘ladigan lahza) to‘g‘risida so‘radim. U zot: "Menga u bildirildi, so‘ng "Laylatul qadr" unuttirilgani kabi unuttirildim", dedilar».

Hokim va Ibn Xuzayma rivoyat qilishgan.

Ulamolarning duoning ijobat bo‘ladigan vaqti haqida quyosh zavoldan o‘tganda yoki juma namoziga azon aytilayotganda, yo imom minbarga chiqqanida, yo ikkinchi azondan keyin to namoz tugagunga qadar, yo imom ikki xutba o‘rtasida o‘tirganida, yo juma namozini o‘qib bo‘lgandan keyin, yo asr namozida, degan va boshqa rivoyatlar bor.

Qozi Iyoz mazkur hadisning sharhida aytadilar: “Hadisdan ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu hadisda juma kunining fazilatlarini sanab beryaptilar, xolos. Bu yerda zikr qilingan ba’zi narsalar fazilatga kirmaydi. Qiyomatning qoim bo‘lishi, Odam alayhissalomning jannatdan chiqarilishi kabilar fazilat emas. Vaholanki, bu o‘sha kunda bo‘ladigan va bo‘lishi mumkin bo‘lgan katta voqealarning bayonidir. Bu kunda katta savobli ishlar va katta hodisalar ro‘y berishi kutiladi. Shuning uchun ham banda solih amallar bilan, fazilatli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsin”.

Abu Bakr ibn Izziy bu hadisning sharhida shunday deydilar: “Hadisi sharifda rivoyat qilingan, sanalgan barcha ishlar yaxshilik, fazilatdir. Odam alayhissalomning jannatdan chiqarilishlari ham fazilatdir, chunki Odam alayhissalom yerga tushishlari bilan u kishidan zurriyotlar tarqaldi. Bu – katta ne’mat! U zurriyotlar orasidan payg‘ambarlar, solih bandalar, va avliyolar chiqdi. Odam alayhissalom jannatdan quvilganlari yo‘q. Yer yuziga ma’lum bir muddatda u kishiga yuklatilgan mas’uliyat va vazifalarni bajarish uchungina tushirildilar. Qiyomatning qoim bo‘lishi ham ulkan fazilat. U kunda payg‘ambarlar, siddiqlar, solihlar, avliyolarning maqomlari ko‘tariladi, mukofotlari beriladi, ajrlarini oladilar”.

«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   25338   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari