Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Quyosh chiqqan va botgan kunlarning eng yaxshisi – juma kunidir. Har bir o‘rmalagan jonzot borki, juma kunida qiyomat qoim bo‘lishidan qo‘rqib turadi. Faqat insonlar va jinlar bundan mustasno», dedilar.
Ibn Xuzayma rivoyat qilgan.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida kunlarning hammasi yig‘iladi. Juma kuni esa oppoq nurli bo‘lib keladi. Juma ahlini kelinchakni chimildiqqa yetaklab kelinganidek, go‘zal holatda yetaklab kelinadi. Ular qordan-da oppoq nurlar ichida, hidlari mushku anbarona bo‘lib, kofur tog‘larining ichida yuradilar. Insonlar va jinlar ularga berilgan maqomdan ajablanib, jannatga kirgunlaricha ulardan ko‘z uzmaydilar. Hech kim ularning yaqinlariga borib, ular bilan birgalikda jannatga kirolmaydi. Savob uchun muazzinlik qilganlar ular bilan aralashib jannatga kiradilar», dedilar.
Tabaroniy rivoyat qilgan.
Imom Iroqiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Kunlarning eng yaxshisi deganda, juma – hafta kunlarining eng yaxshisidir. Ammo Arafa kuni to‘g‘risida kelgan hadislarda Arafa – yil kunlarining eng yaxshisidir", deyilgan.
Boshqa olimlar juma kunini yilning barcha kunlari ichida eng yaxshi, deb ham aytgan ekanlar.
Ulamolar aytadilar: “Ramazon oyida qadr kechasi yashirilgani kabi, juma kunida duo ijobat bo‘ladigan vaqt ham yashirilgandir”.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan u (jumadagi duo ijobat bo‘ladigan lahza) to‘g‘risida so‘radim. U zot: "Menga u bildirildi, so‘ng "Laylatul qadr" unuttirilgani kabi unuttirildim", dedilar».
Hokim va Ibn Xuzayma rivoyat qilishgan.
Ulamolarning duoning ijobat bo‘ladigan vaqti haqida quyosh zavoldan o‘tganda yoki juma namoziga azon aytilayotganda, yo imom minbarga chiqqanida, yo ikkinchi azondan keyin to namoz tugagunga qadar, yo imom ikki xutba o‘rtasida o‘tirganida, yo juma namozini o‘qib bo‘lgandan keyin, yo asr namozida, degan va boshqa rivoyatlar bor.
Qozi Iyoz mazkur hadisning sharhida aytadilar: “Hadisdan ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu hadisda juma kunining fazilatlarini sanab beryaptilar, xolos. Bu yerda zikr qilingan ba’zi narsalar fazilatga kirmaydi. Qiyomatning qoim bo‘lishi, Odam alayhissalomning jannatdan chiqarilishi kabilar fazilat emas. Vaholanki, bu o‘sha kunda bo‘ladigan va bo‘lishi mumkin bo‘lgan katta voqealarning bayonidir. Bu kunda katta savobli ishlar va katta hodisalar ro‘y berishi kutiladi. Shuning uchun ham banda solih amallar bilan, fazilatli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsin”.
Abu Bakr ibn Izziy bu hadisning sharhida shunday deydilar: “Hadisi sharifda rivoyat qilingan, sanalgan barcha ishlar yaxshilik, fazilatdir. Odam alayhissalomning jannatdan chiqarilishlari ham fazilatdir, chunki Odam alayhissalom yerga tushishlari bilan u kishidan zurriyotlar tarqaldi. Bu – katta ne’mat! U zurriyotlar orasidan payg‘ambarlar, solih bandalar, va avliyolar chiqdi. Odam alayhissalom jannatdan quvilganlari yo‘q. Yer yuziga ma’lum bir muddatda u kishiga yuklatilgan mas’uliyat va vazifalarni bajarish uchungina tushirildilar. Qiyomatning qoim bo‘lishi ham ulkan fazilat. U kunda payg‘ambarlar, siddiqlar, solihlar, avliyolarning maqomlari ko‘tariladi, mukofotlari beriladi, ajrlarini oladilar”.
«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan
24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.
Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.
27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati