Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Kechasi ko‘chada yurishning zararlari

13.12.2024   8491   2 min.
Kechasi ko‘chada yurishning zararlari
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar odamlar yolg‘izlikda nimalar borligini men bilganchalik bilganlarida edi, birorta ham otliq tunda yolg‘iz yurmasdi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda Rasululloh sollalloh alayhi vasallam kechasi yolg‘iz yurishdan qaytarmoqdalar. Chunki uning bir qancha zararlari bor, ammo odamlar ularning hammasini ham anglab yetmaydilar. Shu sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar bilmagan yomonliklarni bilganlari uchun undan ogohlantirmoqdalar.

Bugungi kunda ota-ona nazorati va e’tiborisiz qolgan juda ko‘plab yoshlarning ushbu hadisga amal qilmay, kechasi bilan ko‘chalarda, kafe-bar, internet klublarda sang‘ib yurishlari, tongga qadar vaqtlarini behuda va bekorchi ishlarga sarflashlari kuzatilmoqda.

Eng xavfli va ayanchli jihati – yarim tunda bunday ko‘cha daydishlarning oxir-oqibati turli jinoyatlar, qotilliklar, mushtushzo‘rliklar bilan yakun topmoqda. Qolaversa, turli ruhiy kasalliklarga duchor bo‘lganlarning aksariyati aynan bemahalda ko‘chada sang‘ib yurganlar tashkil etishini unutmaslik kerak.

Shuningdek, tunni bekorchilik bilan o‘tkazish inson salomatligi uchun ham jiddiy zarar ekanini ta’kidlab o‘tish lozim. Buyuk Britaniya olimlarining 90 mingga yaqin ko‘ngilli qatnashgan, olti yil davom etgan taqdiqotlari natijasiga ko‘ra soat 2200 dan 2300 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida uyquga yotish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada kamaytirishi aniqlangan (European Heart Journal – Digital Health, Volume 2, Issue 4, December 2021, Pages 658–666).

Demak, shariat ko‘rsatmasiga amal qilgan banda dunyo va oxirati uchun foydali bo‘lgan amallarga yaqin, noxush va zararli holatlardan esa uzoq bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining roziligini topadigan solih amallarda bardavom qilsin!

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   5384   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari