Cavol:Ramazon ro'zasini qasddan buzgan kishi kafforat to'lar ekan. Shu haqda ma'lumot bersangiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Ro'zador qasddan ya'ni, ro'za tutgani esida bo'la turib ovqat esa, suv ichsa yoki jinsiy aloqa qilsa, ro'zasi buziladi. Bu holatda ham qazo, ya'ni, buzgan ro'zasini tutishi, ham kafforat vojib bo'ladi.
Ro'zaning kafforati quyidagilardan iborat:
Bir qul ozod qilish.
Agar bunga qodir bo'lmasa ketma-ket ikki oy ro'za tutish.
Bunda bir kun qazosidan tashqari ikki oy hisoblanadi. Hozirgi kunda quldorlik yo'qligi sababli qul ozod qilishga qodir bo'lmaslik tabiiydir. Ushbu otmish kun ketma-ket tutiladigan ro'za shariatda ro'za tutish mumkin bo'lmagan kunlar ya'ni, Ramazon va Qurbon hayiti kunlari va Qurbon hayiti kunidan keyin uch kun, jami besh kunga to'g'ri kelib qolmasligi kerak.
Bunga ham imkoniyati bo'lmasa, oltmishta faqir kishiga fidya miqdoricha taom beradi yoki taomning qiymatini beradi. Bir faqir kishiga oltmish kun taom bersa ham bo'ladi. Ammo bir faqirga otmish kunlik taomni bir kunda bersa joiz bo'lmaydi.
Kafforat haqida fiqhiy manbalarimizda shunday deyilgan: "Kim ikki jinsiy yo'lning biriga qasddan yaqinlik qilsa, ozuqa yoki davo bo'ladigan narsani esa yohud ichsa uning zimmasiga qazo va kafforot lozim bo'ladi. Unda avvalo bir qul ozod qiladi. Topolmasa ikki oy ketma-ket ro'za tutib beradi. Unga ham qodir bo'lmasa, oltmish miskinni to'ydiradi"(“Raddul muhtor”).
Zimmasiga kafforat lozim bo'lgan kishi ro'za tutishga qodir bo'la turib, taomlantirish yo'li bilan kafforatni ado qilmoqchi bo'lsa, kafforat ado bo'lmaydi. Chunki tartib buzilgan bo'ladi.
Kafforat ro'zasini tutayotgan ayol orada hayz ko'rib qolsa, kafforatni qaytadan boshlamaydi, balki uzri ketgach davom ettiradi. Nifos qonini ko'rsa, kafforatni qaytadan boshlaydi. Chunki, nifos qoni bu masalada uzr hisoblanmaydi (“Raddul muhtor”).
Kafforat ro'zasini tutayotgan kishi oltmish kun ichida biror kunni qoldirsa kafforat buziladi va ro'za tutishni boshidan boshlaydi.
Ramazonning qazosi va kafforatini tutayotgan kishi subhi sodiq kirmasidan avval mana shu ro'zalarni tutishni niyat qilishlari shart. Agar niyat qilolmay subhi sodiqdan keyin niyat qilsa, niyati e'tiborli bo'lmaydi. Shuning uchun saharlikka turolmay qolishidan qo'rqqan kishi quyosh botganidan keyin ertangi kunning qazo yoki kafforat ro'zasini tutishni niyat qildim, desa kifoya qiladi (“Fatavoi Hindiya”).
Ramazon ro'zasidan boshqa ro'zalarni buzishda kafforat yo'q. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Jumladan, turkiyalik moturidiyshunos olim va mutaxassislar ushbu tashabbusni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qaror sifatida baholamoqdalar. Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Ahmad Yildirim tomonidan e’lon qilingan maqola fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Maqolada yurtboshimiz qabul qilgan mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, qayta tiklash va uni jahon hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilgan.
Maqolada Imom Moturidiyning islom tafakkuri tarixida tutgan o‘rni alohida ta’kidlangan. Unda bayon etilishicha, Imom Moturidiy ilmiy merosi bugungi globallashuv davri muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy o‘z davrida nafaqat diniy, balki falsafiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni ham qamrab olgan mukammal tizimni yaratgan. Moturidiylik ta’limoti asosan aql va hikmatga tayangan holda, insonning axloqiy mas’uliyatiga urg‘u qaratadi.
Ahmad Yildirimning ta’kidlashicha, Imom Moturidiyning hikmatga asoslangan tafakkur tizimi bugungi kun odami hayotdan ma’no izlash jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga ham yechim bera oladi. Maqolada e’tirof etilgan so‘zlar e’tiborga molik: “Imom Moturidiyning bugungi kunimiz uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni yuzaga chiqarib, insoniyat taraqqiyotiga safarbar qilish lozim. Shundan kelib chiqqan holda maxsus tadqiqotlar zarurligi ayni haqiqatdir. Mana shuni anglagan holda O‘zbekistonda 2025 yil Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash yili deb e’lon qilindi”.
Shuningdek, Ahmad Yildirim O‘zbekiston Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, talabalar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha musobaqa va davra suhbatlarini tashkil etish, moturidiylik allomalari hayoti va ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash hamda ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish kabi tadbirlarni ham alohida e’tirof etgan.
Ahmad Yildirim o‘z maqolasini quyidagicha yakunlaydi: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona rahbarligi hamda 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid qarori ortidan Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi tarixini o‘zgartirgan allomalarning avvalgi safida turuvchi Imom Moturidiyni xotirlash va uning fikrlarini qayta jonlantirish, yosh avlodni adashgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, insoniyatga bugungi kunda odamlar o‘tmishdagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan tinchlik, bag‘rikenglik va yuksak ishonch madaniyatini taqdim etadigan yangi Islom sivilizatsiyasi binosini barpo etish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilgan bo‘ladi”.
O‘zA