Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Asarlarda kelishicha, Muso alayhissalomning davrlarida Bani Isroilda qahatchilik va qurg‘oqchilik yuz bergan ekan. Shunda Muso alayhissalom kishilarni tavba va istig‘forga targ‘ib qildilar. So‘ng ular bilan istisqo namozi o‘qigani chiqdilar. Namozga faqat tavba qilganlar chiqsin deb talab qo‘ydilar.
Muso alayhissalom ular bilan namoz o‘qidilar. Ammo yomg‘ir yog‘madi. Bu haqda Allohdan so‘raganlarida U zot ichlarida gunohdan tavba qilmagan inson borligini aytdi. Muso alayhissalom yomg‘irdan mahrum bo‘lmaslik uchun Bani Isroildan yomg‘ir yog‘masligiga sabab bo‘lgan gunohkor kishining oralaridan chiqib ketishini so‘radilar. Hech kim chiqmadi. Ammo yomg‘ir yog‘a boshladi.
Muso alayhissalom Allohdan osiy kishi oralarida bo‘lsa ham, nega yomg‘ir yog‘dirgani sababini so‘radilar. Alloh taolo haligi gunohkor inson tavba qilganini aytdi. Muso alayhissalom uning ismini so‘radilar. Alloh taolo: «Gunoh qilganida uni yashirgan edim. Tavba qilganida oshkor qilamanmi?» dedi.
Sahobalardan Moiz roziyallohu anhu zino qilib qo‘ydi. U qilgan ishini do‘sti Huzol Aslamiyga aytdi. Huzol roziyallohu anhu nasihat qilmadi, tavbaga chaqirmadi, balki gunohini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytishni maslahat berdi.
Moiz roziyallohu anhu Rasululloh sollalloxu alayhi vasallamning huzurlariga borib, voqeani aytib, gunohiga iqror bo‘ldi. Payg‘ambar alayhissalom uni toshbo‘ron qilishga amr etdilar. Chunki ish davlat rahbariga yetib borar ekan, avf soqit bo‘ladi. U shar’iy had-jazoni qoim qilishi lozim.
Ha, Islom ma’lum jazolarni belgilagan. Insoniyatga oid barcha qonunlarda ham jinoyatga oid kodekslar bor.
Ammo islom, modomiki, Alloh satr qilgan ekan, gunohni oshkor etmaslikka, undan tavba qilishga chaqiradi. Yaxshisi, gunoh va jinoyat qilgan kishi davlat rahbari oldiga bormasin, jazo berishini so‘ramasin. Aksincha, Alloh yashirganni oshkor etmasin, tavba qilsin, qaytib u gunohga qo‘l urmasin.
Satr shariatimiz asoslaridan biridir. Har bir musulmondan o‘zining ham, boshqalarning ham ayb-gunohlarini bekitish talab qilingan. Bashariyatning nafsi esa o‘zining ayblarini yashirib, boshqalarning aybini oshkor qilishga moyildir. Kim boshqalar aybining ortidan tushsa, Alloh uning aybi ortidan tushadi. Kim boshqalarni satr qilsa, Alloh ham uni satr qiladi. Zero, jazo amalning jinsidan bo‘ladi.
Hammamizning aybimiz bor. Agar Alloh bizning ustimizga Satrini tashlamaganda sharmanda bo‘lar edik. Kishilar bizni zarracha ehtirom qilmasdi.
Banda amal qiladigan eng go‘zal hulq kishilarga Alloh taolo singari muomalada bo‘lmoqdir. Ya’ni, Alloh ayblarni yashiruvchidir. Yashirishni yaxshi ko‘radi.
Insonlarning aybini eshitsak, uni ichimizda qoldiraylik. Bizning ham ayblarimiz bor. Insonlarning ustiga satr tashlaylik. Shunda o‘zimizning ayblarimizga satr tashlagan bo‘lamiz.
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.
Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.
Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.
Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.
Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).
"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.
Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!
Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.
Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).