Har bir banda hazir bo‘lishi lozim bo‘lgan qalb xastaliklaridan yana biri munofiqlikdir. Arab tilida munofiqlikni anglatuvchi so‘zlarning o‘zagi bo‘lmish «nifoq» so‘zi ichi bo‘sh, tashqi ko‘rinishi o‘zgacha narsaga ishlatiladi. Misol uchun, yumronqoziq yoki tulkining uyasiga ham «nifoq» so‘zi ishlatiladi.
Chunki, ular ustidan oddiy yerga o‘xshaydi, bir tarafdan kirsa, ikkinchi tarafdan chiqib ketaveradi. Hozirgi kunda ajnabiy tillarda «tonnel» deb nomlanayotgan inshootlar ham arabchada «nafaq» deyiladi. Agar bu ma’noni diniy-aqidaviy istilohda ishlatmoqchi bo‘lsak, sirtdan musulmonlikni e’lon qilib, ichidan unga loyiq bo‘lmaslikka «munofiqlik» deb aytiladi. Odamlar ko‘z o‘ngida Islom diniga mansubligini e’lon qilib, hatto ba’zi amallarni ham qilib yuradigan, aslida, e’tiqodi buzuq bo‘lgan kishilar «munofiq» deyiladi. Jurjoniy nifoqni «Ta’rifot»da: «Nifoq til bilan iymonni izhor qilib, dildagi kufrni berkitishdir», deb ta’rif qilgan. Bu «katta nifoq» deb ataladi. Ko‘pgina hadisi shariflarda munofiqlarning alomatlari haqida so‘z yuritilgan.
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Uch narsa qay kishida bo‘lsa, munofiq bo‘lur: gapirsa yolg‘on gapiradi, va’da bersa, xilof qiladi, omonat ishonilsa, xiyonat qiladi. Kimda shu xislatlardan bittasi bo‘lsa, uni tark qilgunicha nifoqdan bitta xislati bo‘ladi» – Ahmad rivoyat qilgan.
Bunday nifoq amaliy – «kichik nifoq» deb ataladi. Alloh taolo «Niso» surasida: «Albatta, munofiqlar do‘zaxning eng ostki qavatidadirlar va hargiz ularga bir yordamchini topa olmassan», degan (145-oyat).
Alloh taolo «Tavba» surasida: «Alloh munofiq erkaklarga, munofiq ayollarga va kofirlarga jahannam otashini va’da qildi. Unda abadiy qolurlar. O‘sha ular uchun yetarlidir. Hamda Alloh ularni la’natladi. Ularga doimiy azob bordir», degan (68-oyat).
Imom Buxoriy qilgan rivoyatda Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu: «Bugungi munofiqlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagidan yomondir. Chunki, ular munofiqlikni maxfiy qilardilar, bular esa, oshkora qilmoqdalar», degan ekanlar.
Bir kishi aytgan ekan: Kunlarning birida yo‘lda ketayotib, janjalning ustidan chiqib qoldim. Ikki kishi mushtlashguday bo‘lib, baralla nimalarnidir muhokama qilishardi. Qiziquvchanligim ustunlik qilib, bir to‘da odamlar ichidagi qariyadan voqeaning sababini so‘radim. Otaxon bosh chayqagancha, “Omonatga xiyonat – bu juda katta gunoh”, dedi-yu boshqa biror so‘z aytmadi. Voqeaning asl mohiyatini tushunmagan bo‘lsam-da, sababini anglab yetdim. Ularning qaysidir biri unga ishongan inson omonatiga xiyonat qilgan ko‘rinadi.
Shu o‘rinda bir hikoyat esimga tushdi. O‘g‘irlik bilan nom taratgan o‘g‘riboshining yo‘lida bir mo‘ysafid duch kelib, bir xalta tillo tanga beribdi-da, bu omonatimni masjiddan chiqgunimcha ushlab tursang, deb iltimos qilibdi. O‘g‘ri ham ikkilanmay xaltani olibdi. Chol esa bemalol namozini o‘qib chiqib, o‘g‘riboshidan tillolarni olib yo‘lida davom etibdi. Bu holatni ko‘rgan o‘g‘rilardan biri nega tillolarni qaytarib berganini, o‘g‘irlik qilish uchun tug‘ilgan qulay imkoniyatni qo‘ldan boy berganining sababini so‘rabdi. Shunda o‘g‘riboshi, u menga omonat deb aytdi. Qilayotgan ishimdan ko‘ra omonatga xiyonat og‘ir gunoh, deb javob beribdi.
Ba’zan shunday hikoyalarni o‘qib o‘ylanib qolamiz. “Biz ham omonatlarga xiyonat qilmayapmizmi?” degan savol xayolimizga keladi. O‘z-o‘zimizda sodir bo‘lgan shunday voqealarni tahlil qilamiz. O‘zimizcha xulosa yasaymiz. Zero, eng katta omonatlarga xiyonat qilayotganimizni bilamizmi?!
Alloh tomonidan bizga berilgan bu aziz jon, umrimiz ham omonat. O‘tib borayotgan har bir daqiqamiz orqali og‘ir gunoh qilmayapmizmi? Umrimizni bekorchi narsalarga sarflab, vaqtimizni yutqazib, birovlarning qalbiga ozor berib, omonatlarga xiyonat qilmayapmizmi?
Xulosa qilib adolat tamoyillari asosida o‘ylab ko‘rish kerak emasmikin!
Ja’farxon Sufiyev,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi, “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari