Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Abu Bakrga Allohning rahmati bo‘lsin

13.12.2024   7326   5 min.
Abu Bakrga Allohning rahmati bo‘lsin

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa etib saylangach, oilasini tijorat bilan boqmoqchi bo‘ldi. U kishi xalifalikka saylanganidan bir kun o‘tib, bozorga sotiq uchun ketayotganida Abu Ubayda va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumo bilan uchrashib qoldi. Ular: «Butun musulmonlarning yuki zimmangizga tushib turganida, bozorda nima qilib yuribsiz?» deya baytulmol (davlat xazinasi)dan maosh olishni taklif qilishdi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: «Olgan narsamni to‘lay olmayman deb qo‘rqaman», dedi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu esa davlat ishidan ortib, tijorat bilan shug‘ullanishga vaqt topolmasligini aytdi, uni davlat g‘aznasidan tirikchiligiga yarasha maosh olishga ko‘ndirdi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ikki yillik xalifalik davrida yetakchi sahobalarning roziligi bilan xazinadan maosh oldi. Lekin Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu hamisha o‘ziga berilayotgan bu maoshga haqqim yo‘q deb o‘ylar va ularni shaxsiy ishlariga sarflamaslikka astoydil harakat qilar edi.

U kishi o‘limi yaqinlashib qolganini bilgach, yaqinlarini chaqirib, zaruriy ehtiyojidan qolgan mollarni olib, xazinaga qaytarilishini aytdi. O‘lim to‘shagida yotar ekan, quyidagicha vasiyat qildi:

«Umar meni o‘z holimga qo‘ymadi va baytulmoldan olti ming dirham olishga majbur bo‘ldim. Ularning barchasi falon yerdagi devorga yashirilgan. Ularni olib, Umarga qaytarib beringlar», dedi.

Keyin qizi hazrati Oisha onamizga quyidagilarni aytdi:

«Musulmonlarning ishini o‘z qo‘limga olganimdan buyon men ularga tegishli bir dirhamni ham, bir dinorni ham yemadim. Aksincha, men ham ularning eng kambag‘allari kabi ko‘pincha och qolib, eng eski kiyimlarni kiyib yurdim. Xazinaga oid anavi qul bilan shu mato parchasidan boshqa hech narsa yo‘q. Sen ularni olib, Umarga ber».

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu vafot etgach, omonatlar Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga berilgach, u kishi hayratini quyidagicha ifodaladi:

«Abu Bakrga Allohning rahmati bo‘lsin, o‘zidan keyin keladiganlarga qiyin qildi», dedi (ya’ni amaldor bo‘la turib, mol-dunyoga ega bo‘lishni yo‘q qilib qo‘ydi)».

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo‘lganidan keyin orttirgan mollarini mehnat tufayli emas, mansab tufayli ko‘paygan, deb hisobladi va ularni baytulmolga qo‘shishga qaror qildi.

Bu ish u kishidan keyin keladigan Islom jamiyati raxbarlariga ham vojib bo‘lib qoldi. Mansabdan foydalanib, mol-mulk orttirdi degan shubha paydo bo‘lmasligi uchun mol-mulkni ko‘paytirishga ruxsat yo‘q bo‘lib qoldi.

Ibn Sa’d Sahl ibn Abu Hasma va boshqalardan quyidagilarni rivoyat qiladi:

«Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning Sunhda mashhur bo‘lgan baytulmoli bor edi. Uni hech kim qo‘riqlamas edi. Unga:

«Ey Rasulullohning xalifasi, uni hech kim qo‘riqlamaydi-ya?» deyishdi.

«Unga xavf yo‘q», dedi.

«Nima uchun?» deyishdi.

«Qulfi bor», dedi.

U undagi narsa tugaguncha berar edi. Abu Bakr Madinaga ko‘chib o‘tganida baytulmolni ham o‘z hovlisiga ko‘chirdi. Unga Qubaliyya va Juhayna konlaridan ko‘p mol kelgan edi. Abu Sulaym koni ham Abu Bakrning xalifaligida ochildi. Undan ham sadaqalar keldi. O‘shalarning hammasini baytulmolga qo‘shar edi. Abu Bakr oltin-kumushlarni odamlarga parcha-parcha qilib taqsimlar edi. Yuz kishiga buncha-bunchadan tegar edi. U mol taqsimlashda odamlar orasida, ular qul bo‘lsin, hur bo‘lsin, erkak bo‘lsin, ayol bo‘lsin, katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, teng taqsim qilar edi. Tuya, ot va siloh sotib olib, Allohning yo‘liga ishlatar edi. Bir yili sahrodan keltirilgan qatiyfa, ya’ni to‘nlarni sotib olib, qishda Madina ahlining tul ayollariga bo‘lib berdi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu vafot etib, dafn qilinganidan so‘ng Umar ibn Xattob omborchilarni chaqirib, ular bilan Abu Bakrning baytulmoliga kirdi. U bilan birga Abdurrahmon ibn Avf, Usmon ibn Affon va boshqa roziyallohu anhular ham bor edi. Ular baytulmolni ochib, unda dinor ham, dirham ham topmadilar. Bir pul xaltani topib, ochishgan edi, bir dirham chiqdi. Hammalari: «Abu Bakrga Allohning rahmati bo‘lsin», dedilar. Madinada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vaqtlaridan beri bir tarozibon bor edi. U Abu Bakrga ham tarozibonlik qilgan edi. Tarozibondan Abu Bakrga kelgan mol qancha ekanligini so‘rashdi. U ikki yuz ming ekanligini aytdi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu murtadlarni dinga qaytardi. Arablarni Islomda qayta birlashtirdi. O‘sha paytdagi ikki ulkan imperiyani fath qilishni boshladi. Qur’oni Karimni bir mus'hafga jamladi va boshqa ko‘plab ulkan ishlarni amalga oshirdi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining qozisi edi. Abu Ubayda roziyallohu anhu esa devonbegi edi. Usmon ibn Affon, Aliy ibn Abu Tolib va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhum u kishining mirzalari edi.

«Millioner sahobalar» kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   5119   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).