Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Qabr imtihoni va qabr azobi haqligi haqida e’tiqodimiz

13.12.2024   23461   14 min.
Qabr imtihoni va qabr azobi haqligi haqida e’tiqodimiz

52 - وَفِي الأَجْدَاثِ عَنْ تَوْحِيدِ رَبِّى سَيُبْلَى كُلُّ شَخْصٍ بِالسُّؤَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Robbimning tavhididan qabrlarda har bir shaxs savol bilan imtihon qilinadi.

Nazmiy bayoni:

Har bir shaxs qabrga qo‘yilgan zamon,
Robbim tavhididan bo‘lar imtihon.

Lug‘atlar izohi:

فِي – zarfiyat ma’nosida kelgan jor harfi.

الأَجْدَاثِ – “qabrlar” ma’nosini anglatadi. Jor majrur keyin keladigan سَيُبْلَى fe’liga mutaalliqdir.

تَوْحِيدِ عَنْ – jor majrur السُّؤَالِ ga mutaalliq.

رَبِّى – muzofun ilayh.

سَيُبْلَى – avvalidagi harf muzori’ fe’lining hukmini hozirgi zamondan kelasi zamonga o‘zgartiradigan istiqbol harfi. بَلاَءٌ masdari imtihon qilish ma’nosini anglatadi.

كُلُّ – noib foillikka ko‘ra raf bo‘lib turibdi. Nakra ismga izofa bo‘lib kelgani uchun “istig‘roqul jins”ni ifodalaydi.

شَخْصٍ – shaxs kalimasi aslida biror narsaning uzoqdan ko‘ringan qorasiga nisbatan ishlatiladi. Shuningdek bu ism erkak yo ayolligidan qat’i nazar barcha insonlarga nisbatan teng ishlatiladi.

بِ – “tab’iyz” (bo‘laklarga ajratish) ma’nosida kelgan jor harfi.

السُّؤَالِ – jor majrur سَيُبْلَى fe’liga mutaalliq.

Matn sharhi:

Har bir shaxs vafot etib qabriga qo‘yilganidan so‘ng qabrida yo biror ofat tufayli qabrga ko‘milmasdan qolib ketsa, o‘sha joyda “Robbing kim?”, “dining nima?”, “payg‘ambaring kim?” degan faqat e’tiqodga taalluqli savollar bilan imtihon qilinadi. So‘fi Ollohyor bobomiz aytganidek:

Agar chandiki go‘rsiz o‘lsa inson,
So‘ralur, albatta, beshaku nuqson.

* * *

Agar daryoda o‘lsun yo osilsun
G‘azab etsa bani odam na bilsun.

* * *

Nechuk qilsa erur qodir va nosir
Bu yerda bandasining aqli qosir.

Ya’ni inson dengizda cho‘kib ketgan yoki yonib kulga aylangan bo‘lsa ham, albatta, so‘roq qilinadi. Mazkur so‘roq-savollarni Alloh taolo O‘zi xohlaganidek amalga oshirishiga iymon keltirish lozim. Zero, buning qanday sodir bo‘lishini idrok etishga bandalarning aql quvvati yetmaydi. Shunga ko‘ra jumhur ulamolar qabrdagi savolga javob berish haqida umumiy quyidagicha e’tiqod qilishni aytganlar: so‘roq paytida mayyitning ruhi tanasiga qaytariladi, u savolni tushunadi va unga o‘z aqli bilan tiriklik paytida qilgan amallariga ko‘ra javob beradi.

Mayyitning yoniga Munkar va Nakir ismli ikki farishta kelib savol berishi, mayyit esa mo‘min yo kofirligidan kelib chiqib javob berishi juda ko‘plab hadislarda bayon qilingan:

عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ العَبْدَ إِذَا وُضِعَ فِي قَبْرِهِ وَتَوَلَّى عَنْهُ أَصْحَابُهُ وَإِنَّهُ لَيَسْمَعُ قَرْعَ نِعَالِهِمْ أَتَاهُ مَلَكَانِ فَيُقْعِدَانِهِ فَيَقُولاَنِ مَا كُنتَ تَقُولُ فِي هَذَا الرَّجُلِ لِمُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَأَمَّا الْمُؤْمِنُ فَيَقُولُ أَشْهَدُ أَنَّهُ عَبْدُ اللهِ وَرَسُولُهُ فَيُقَالُ لَهُ اُنْظُرْ إِلَى مَقْعَدِكَ مِنَ النَّارِ قَدْ أَبَدَّلَكَ اللهُ بِهِ مَقْعَدًا مِنَ الجَنَّةِ ، فَيُرَاهُمَا جَمِيعًا وَأَمَّا الْمُنَافِقُ وَالكَافِرُ فَيُقَالُ لَهُ مَا كُنتَ تَقُولُ فِي هَذَا الرَّجُلِ فَيَقُولُ لَا أَدْرِى كُنْتُ أَقُولُ مَا يَقُولُ النَّاسُ! فَيُقَالُ لَا دَرَيْتَ وَلاَ تَلَيْتَ وَيَضْرِبُ بِمَطَارِقٍ مِنْ حَدِيدٍ ضَرْبَةً فَيَصِيحُ صَيْحَةً يَسْمَعُهَا مَنْ يَلِيهِ غَيْرَ الثَّقَلَيْنِ. مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Banda qabriga qo‘yilib, kishilar qaytishayotganda albatta u kishilarning kavushlari ovozini eshitib turadi. Shu payt ikki farishta kelib, uni o‘tirg‘izishadi va: “Bu kishi Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida nima deysan?” – deyishadi. Agar mo‘min bo‘lsa: “Guvohlik beraman, albatta u Allohning bandasi va elchisidir”, – deydi. Unga: “Do‘zaxdagi o‘rningga qara. Alloh seni undan jannatdagi o‘ringa almashtirdi”, deyishadi va barchasini ko‘rsatishadi. Agar munofiq va kofir bo‘lsa, unga: “Bu kishi haqida nima deysan?” – deyishadi. U: “Bilmayman. Insonlar nima desalar, men ham shuni aytardim”, – deydi. Unga: “Bilmading va ergashmading”, deyishib, temir to‘qmoq bilan shunday urishadiki, u qattiq chinqirib yuboradi. Uning chinqirig‘ini insonlar va jinlardan boshqa atrofdagilarning barchasi eshitadi”, – dedilar”. Muttafaqun alayh.

Iymon keltirib, solih amallarni qilgan insonlarni Alloh taolo bu dunyoda ham, oxiratning dastlabki bosqichi bo‘lgan qabrda ham sobitqadam qilishi haqida quyidagi rivoyat kelgan:

Barro ibn Ozib roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: الثَّابِتِ بِالْقَوْلِ آمَنُوا الَّذِينَ اللَّهُ يُثَبِّتُ oyati qabr azobi haqida nozil bo‘lgan. Unga: “Robbing kim” deyiladi, u: “Robbim Alloh, Payg‘ambarim Muhammad sollallohu alayhi vasallam”, deydi. O‘shanday deyishi U zot azza va jallaning: (Alloh iymon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustuvor So‘z (iymon kalimasi) bilan sobitqadam qilur)[1] (so‘zining isbotidir)” – dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Ya’ni Alloh taolo iymon keltirgan haqiqiy saodatmand mo‘min bandalarni dunyoda ham “La ilaha illalloh” kalimasini aytib iymonda sobit turadigan, yo‘ldan adashmaydigan va har xil fitnalarga aldanmaydigan qilib qo‘yadi. Oxiratda ham, ya’ni qabrda ikki farishtaning beradigan savollariga ham “La ilaha illalloh” kalimasini aytib, iymonda sobit turadigan qilib qo‘yadi.

Umar Nasafiy rahmatullohi alayh “Aqoidun Nasafiy”da quyidagilarni yozgan: “Kofirlarga va ba’zi osiy mo‘minlarga qabr azobining bo‘lishi hamda itoat qiluvchi (mo‘minlar)ning qabrda huzur-halovatda bo‘lishi, Munkar va Nakirning savol berishi sam’iy dalillar (ya’ni oyatlar va hadislar) bilan sobitdir”.

Shunga ko‘ra mo‘min kishi mazkur xabarlarga iymon keltirishi, ularning qanday bo‘lishini anglashga urinib aqlini qiynamasligi lozim bo‘ladi. Zero chuqur tafakkur qilib ko‘riladigan bo‘lsa, sog‘lom aql mazkur xabarlarni inkor qilmaydi, balki ularning qanday sodir bo‘lishidan hayratda qoladi. Chunki qabrda o‘lgan odamning tanasiga ruhining yana qaytishi dunyodagi odatiy holatga ko‘ra bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra tabiy ravishda ular orasidagi hukmlar bir-biridan farqli bo‘ladi.

Ruh va tananing bir-biriga bog‘lanishi umumiy uch davrga bo‘linadi va har bir davrda o‘zga xos hukmlar joriy bo‘ladi:

1. Dunyodagi bog‘lanish. Dunyodagi hukmlar tanalarga joriy qilingan va ruhlar ham ularga tobedir;

2. Barzaxdagi bog‘lanish. Barzaxdagi hukmlar ruhlarga tegishli bo‘lib, tanalar ularga tobedir;

3. Oxiratdagi bog‘lanish. Qiyomat kunida hamma qabrlaridan turgandan keyingi hukmlar esa ruhlar va tanalarning barchasiga baravar joriy bo‘ladi.

Ushbu ma’nolar to‘g‘ri taammul qilib ko‘rilsa, qabrning jannat bog‘laridan bir bog‘, yoki do‘zax chuqurlaridan bir chuqur ekanini aql qiynalmasdan qabul qiladi. Eng muhimi g‘aybga iymon keltirish mo‘min kishining iymoni taqozosidir.

 

QABR AZOBI HAQLIGI BAYONI

 - 53وَلِلْكُفَّارِ وَالْفُسَّاقِ بَعْضٍ عَذَابُ الْقَبْرِ مِنْ سُوءِ الْفِعَالِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Kofirlarga va ba’zi fosiqlarga yomon ishlari tufayli qabr azobi bo‘ladi.

Nazmiy bayoni:

Kofirlaru ba’zi fosiq kimsalar,
“qilmish” uchun qabr azobin ko‘rar.

Lug‘atlar izohi:

لِلْكُفَّارِ – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan. Jor majrur xabari muqaddam. Bu kalimadagi الْ“jinsiya” ma’nosida kelgan.

الْفُسَّاقِ – ma’tuf. Bu kalimadagi اَلْ “ahdiya”, ya’ni qaysidir bir bo‘lagini ma’rifa qilish uchun kelgan. Fisq kalimasi haq va to‘g‘ri yo‘ldan chiqish ma’nosini anglatadi.

بَعْضٍ – badal. Ko‘plab nusxalarda بَعْضٍ ning o‘rniga يُقْضَى kelgan. Ikkala jihatda ham ma’no bir xil chiqadi. Lekin tahqiqlarga ko‘ra ushbu nusxa mo‘tabar hisoblanadi.

 عَذَابُ– mubtado. Azob kalimasi lug‘aviy jihatdan “man qilish” ma’nosini anglatadi. Chunki birovga berilgan azob boshqalarni o‘shanday jinoyat qilishdan man qilib to‘sib turadi. Shu ma’noda chuchuk suvni ham عَذْبٌ deyiladi. Chunki chuchuk suv ham chanqoqlikni to‘sadi.

الْقَبْرِ – lug‘aviy ma’nosi عَذَابُ الْقَبْرِ izofasiga لِ yoki فِي ma’nolarini berish mumkin . Ya’ni “qabrning azobi” yoki “qabrdagi azob” ma’nolarini berish mumkin.

مِنْ – “ta’liyliya” (izohlash) ma’nosida kelgan jor harfi.

سُوءِ – “yomonlik”, “buzuq” ma’nolarini anglatadi.

الْفِعَالِ – muzofun ilayh. Bu kalima فِعْلٌ ning ko‘pligi bo‘lib, bajaruvchilari ko‘p bo‘lgan ishga nisbatan ishlatiladi.

Matn sharhi:

Qabrdagi imtihondan o‘ta olmagan kimsalar xabarlarda kelgani kabi, to qiyomat kunigacha qabr azobiga giriftor bo‘ladilar. Qur’onda Fir’avn ahlining ertayu kech olovga ko‘ndalang qilinib turishlari xabar berilgan:

“Va Fir’avn ahlini yomon azob o‘rab oldi. U olovdir. Unga ertayu kech ko‘ndalang qilinurlar. Soat (qiyomat) qoim bo‘lganida esa: “Fir’avn ahlini eng ashaddiy azobga kiritinglar”, (deyilur) .

Mufassirlar ushbu oyati karimadagi olovni qabr olovi va azobi deyishgan. Chunki qiyomat kunining azobi oyati karimaning davomida alohida bayon etilgan. Ya’ni Fir’avn ahli qiyomatgacha qabrda azoblanadi, qiyomatda esa undan ham battar azobga duchor bo‘lishadi. O‘sha kunda farishtalarga: “Fir’avn ahlini eng qattiq azobga kiritingiz!”, – deyiladi.

Shuningdek, zulm qilgan kofirlarga ham oxirat azobidan boshqa azob borligi bayon qilingan:

“Albatta, zolim (kofir) bo‘lgan kimsalar uchun bundan (qiyomatdan) ilgari (dunyoda) ham azob(lar) bordir. Lekin ularning aksariyati (buni) bilmaslar”.

 Ushbu oyati karimadagi “...bundan (qiyomatdan) ilgari (dunyoda) ham azob(lar) bordir...” ma’nosi haqida ibn Abbos roziyallohu anhu: “U qabr azobidir,” – degan.

Munofiq kimsaning to qiyomat kunigacha azoblanib turishi ko‘plab hadislarda bayon qilingan:

عَن أَبِي عَن أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا قُبِرَ الْمَيِّتُ أَوْ قَالَ أَحَدُكُمْ أَتَاهُ مَلَكَانِ أَسْوَدَانِ أَزْرَقَانِ يُقَالُ لِأَحَدِهِمَا الْمُنْكَرُ وَالْآخَرُ النَّكِيرُ فَيَقُولَانِ مَا كُنْتَ تَقُولُ فِي هَذَا الرَّجُلِ فَيَقُولُ مَا كَانَ يَقُولُ هُوَ عَبْدُ اللَّهِ وَرَسُولُهُ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ فَيَقُولاَنِ قَدْ كُنَّا نَعْلَمُ أَنَّكَ تَقُولُ هَذَا ثُمَّ يُفْسَحُ لَهُ فِي قَبْرِهِ سَبْعُونَ ذِرَاعًا فِي سَبْعِينَ ثُمَّ يُنَوَّرُ لَهُ فِيهِ ثُمَّ يُقَالُ لَهُ نَمْ فَيَقُولُ أَرْجِعُ إِلَى أَهْلِي فَأُخْبِرُهُمْ فَيَقُولاَنِ نَمْ كَنَوْمَةِ الْعَرُوسِ الَّذِي لاَ يُوقِظُهُ إِلاَّ أَحَبُّ أَهْلِهِ إِلَيْهِ حَتَّى يَبْعَثَهُ اللَّهُ مِنْ مَضْجَعِهِ ذَلِكَ وَإِنْ كَانَ مُنَافِقًا قَالَ سَمِعْتُ النَّاسَ يَقُولُونَ فَقُلْتُ مِثْلَهُ لاَ أَدْرِي فَيَقُولاَنِ قَدْ كُنَّا نَعْلَمُ أَنَّكَ تَقُولُ ذَلِكَ فَيُقَالُ لِلْأَرْضِ الْتَئِمِي عَلَيْهِ فَتَلْتَئِمُ عَلَيْهِ فَتَخْتَلِفُ فِيهَا أَضْلاَعُهُ فَلاَ يَزَالُ فِيهَا مُعَذَّبًا حَتَّى يَبْعَثَهُ اللَّهُ مِنْ مَضْجَعِهِ ذَلِكَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon mayyit qabrga qo‘yilsa, yo sizlardan birlaringiz qabrga qo‘yilsa, – dedilar, unga ikki qora ko‘k farishtalar keladilar. Biri Munkar, ikkinchisi Nakir, deyiladi. Ular: “Bu kishi haqida nima derding”, – deb so‘rashadi. U oldin aytgan narsasini aytadi: “U Allohning bandasi va Rasulidir, guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Uning bandasi va Rasulidir” – deydi. Ular: “Sening shunday deyishingni bilardik”, – deydilar. So‘ngra uning qabri yetmishga yetmish ziro’ qilib kengaytiriladi. So‘ngra o‘sha joy uning uchun charog‘on qilinadi. So‘ngra unga: “Uxla”, – deyiladi. U: “Ahlimga qaytib ularga xabar beray”, – deydi. Ular: “Sen oilasining eng sevimli kishisi uyg‘otadigan yangi uylangan kuyovning uyqusidek uxlagin”, – deydilar. U to Alloh taolo uni o‘sha yotgan joyidan qayta tiriltirgunicha shunday yotadi. Agar munofiq bo‘lsa: “Odamlarning aytayotganlarini eshitgan edim, men ham o‘shanday deganman, bilmayman”, – deydi. Ular: “Biz sening shunday deyishingni bilardik”, – deydilar. Bas, yerga: “Uning ustida birlashgin”, deyiladi. Yer uning ustida birlashadi, u yerda uning qovurg‘alari aralashib ketadi. U to Alloh taolo uni o‘sha yotgan joyidan qayta tiriltirguncha doimo azoblanib turadi”, – dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Mo‘taziliy va Jahmiya kabi firqalarning qabr azobi to‘g‘risida noto‘g‘ri qarashlari bo‘lgani uchun O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu masalani alohida keltirgan. Mazkur dalillar qabr azobini inkor qiladigan barcha firqalarga keskin raddiya hisoblanadi.

Ba’zi ulamolardan qabr azobining ikki turda bo‘lishi rivoyat qilingan:

1. Doimiy. Bunday qabr azobi kofirlarning barchasiga va ba’zi osiy mo‘minlarga bo‘ladi;
2. Doimiy bo‘lmagan. Ba’zi gunohkor mo‘minlardan qabr azobi duo va sadaqa kabi ishlar tufayli to‘xtatiladi.

Qabr azobi va ne’mati haq ekaniga iymon keltirish lozimligi Ahli sunna val-jamoa ittifoq qilgan masala hisoblanadi. Qabr azobini inkor qilishning hukmi haqida ikki xil qavl rivoyat qilingan:

a) qabr azobini inkor qilgan kimsa (ma’naviy) mutavotir xabarlarni inkor qilgani uchun kofir bo‘ladi;
b) qabr azobini inkor qilgan kimsa Ahli sunna val-jamoadan chiqqan bid’atchi bo‘ladi.

Ushbu ikkinchi qavl ko‘pchilik ulamolar nazdida mo‘tabar hisoblanadi.

Keyingi mavzular:

Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

 

[1] Ibrohim surasi, 27-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

26.08.2026   11202   8 min.
MUQADDAS QADRIYAT VA UNI NIQOB QILGAN MANFUR SIYOSAT: SHAHIDLIK MASALASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.

“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.

Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.

Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!

Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.

Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.

Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.

Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.

Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:

1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.

2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.

Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.

Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.

Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).

Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).

Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:

⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.

⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.

⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.

⏺ G‘arq bo‘lganlar.

⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).

⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.

⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.

⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.

⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.

⏺ Juma kechasi vafot topganlar.

⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.

⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.

⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.

⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.

⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.

⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.

⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.

⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.

⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.

⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.

⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.

⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.

⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.

⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.

⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.

⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.

⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.

⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.

⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.

⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.

Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA