Ro'za tutgan kishining taqvodorligi ziyodalashadi. Alloh taolo Qur'oni karimda ro'zani oldingi ummatlarga farz qilganidek, ushbu ummati Muhammadiyyaga ham farz qilganini aytib, oyatning so'ngida albatta taqvodor bo'lasizlar deb ta'kidladi. Ro'za tufayli insonda Robbisini ko'rib turganligini his qilish kuchi, U zotdan qo'rqish hissi yanada ziyodalashadi. Ro'za tutish bilan banda Robbisiga bo'ysunib, buyrug'iga “labbay”, deb itoat qilgan bo'ladi.
Ro'za ko'zni nomahramlarga nazar solishdan saqlovchi, yomonliklarga undovchi shaytoniy nafsini susaytiradigan asosiy omillardandir. Chunki uning yordamida inson nafsining har qanday xohish-istaklariga g'olib keladi. Bu bilan insonning qiyinchilik, mashaqqatlarga bardosh berish, sabr qilish tajribasi oshadi.
Ro'zaning yana bir hikmati nochor, miskin, faqirlarni holatini eslatishdir. Kishi och, chanqoq bo'lmas ekan, faqirlar chekadigan qiyinchiliklarni qayerdan bilsin! Ro'za tutgan inson ochlik, chanqoqlik alamini totib ko'rib, bechora holdagilarni qanday kun kechirayotganini his etadi. Turmushimizda to'kin-sochin, farovon hayot kechirar ekanmiz, ko'p holatlarda, qarindosh-urug', qo'ni-qo'shni, atrofimizdagi insonlarning holati qay darajada kechayotganini, loaqal bir marotaba eslab qo'yish yodimizdan ko'tarilib qoladi. Ko'cha-ko'yda, avtobusda, metroga tushganimizda bozorga borganimizda, umuman olganda ko'plab o'rinlarda ibrat olishimiz kerak bo'lgan holatlarga duch kelamiz-u, ammo e'tibor bermasdan o'tib ketaveramiz. Shuning uchun ham xalqimizda “Qorni to'qning qorni och bilan nima ishi bor” degan ibora bejiz aytilmaydi. Haqiqatdan ham ba'zida bechorahol kishilarning oldidan o'tib ketadigan bo'lsak, ular ham biz kabi inson, ular ham biz kabi farovon hayot kechirishni istashlarini, ularning oldilaridagi jajji farzandlari, bizning farzandlarimiz kabi ota-onaning mehriga, atrofdagilarning e'tiboriga loyiq ekanlarini unutib qo'yamiz. Ha, inson unutuvchan va ba'zan noshukr bo'ladi, chunki kecha yaqinda o'zining holati ham shunday bo'lganini, o'zi ham boshqalarning ko'magiga muhtoj bo'lganida: “Men ham qachon o'zgalarga o'xshab ko'nglim tusagan narsani eyman”, deb Alloh taologa duo qilib yolvorganini esidan chiqaradi. Yoki bo'lmasa, umri davomida to'qchilikda yashab, taqdiri ilohiy bilan o'zining boshiga ham shunday kunlar tushib qolishi mumkinligi haqida o'ylab ham ko'rmaydi. Shuning uchun ham yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, ro'za insonni muruvvatga, o'zgalarga, xususan bechora hollarga e'tibor qaratishga undaydi. Kim o'zida rahm-shavqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashni xohlasa ro'za tutsin!
Yana bir hikmati – uzoq-yaqindagi barcha musulmonlarni Ramozon oyida ro'za tutishga birlashtirishdir. Bir vaqtda ro'zani niyat qilib, bir vaqtda ro'zalarini ochadilar. Shu bilan ham ma'nan, ham hissan barcha ummatning yakdilligi ro'yobga chiqadi.
Ro'zaning navbatdagi hikmati, ro'za badan uchun sihat-salomatlik garovidir. Ro'zador ro'za tutishi sababli, o'z sog'lig'ini tiklab oladi. Bugungi kunga kelib butun dunyoda ro'za nafaqat sog'liqni saqlash uchun, balki bemorlarni davolash uchun ham o'ta zarur omil ekanligi oshkora aytilmoqda. Yaqinda olimlar ro'za tutish yo'li bilan davolangan bemorlar ro'yhatini e'lon qilishdi. Natija kishini hayratga soladigan darajada muvaffaqiyatli edi. Hatto saraton kasaliga mubtalo bo'lganlar ham mana shu yo'l bilan shifo topishibdi. Ro'za turli kasalliklarga davo bo'lishi bilan birga badandagi yomon, keraksiz yog'larni, xolerik-safro, flagmatik-balg'am, sangvinik-qon, melanxolik-qora o'tlarni ketkazadi. Qonni musaffo qiladi, oshqozonni yaxshilaydi. Natijada ro'zador ancha engillashib qoladi, zehni o'tkir, xotirasi kuchli, irodasi mustahkam bo'ladi. Ko'plab tibbiyot mutaxassislari: “Ro'za tutish badanning sog'lom va quvvatli bo'lishiga sabab bo'ladi”, deb ta'kidlaydilar.
Ro'za tutgan kishining gunohlari tutgan ro'zasi sababli mag'firat qilinadi.
Ro'za tutgan kishi o'z ro'zasi sababli farishtalar sifati ila sifatlanadi. Ma'lumki, emaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo'lish farishtalarga xos sifatdir. Ro'za tutgan inson o'zining ro'zadorligi bilan aynan ana shu sifatlarga sohib bo'ladi.
G'iyosiddin HABIBULLOH
Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo‘lsinkim, yurtimizda keyingi yillarda ma’naviy hayotimiz yuksak pog‘onalarga ko‘tarilib, muqaddas dinimiz qadriyatlariga e’tibor tobora ortib bormoqda. Ana shunday ulug‘ va tarixiy voqealardan biri – Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi xalqimiz uchun chinakam ulkan ma’naviy bayram, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho ma’naviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-ma’rifat an’analarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi. Zero, muqaddas dinimiz insonni doimo ilmga, ma’rifatga, ezgulik va komillikka chorlab keladi. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatidayoq “Iqro!”, ya’ni “O‘qi!” deb amr qilingani ham bu yo‘lning naqadar ulug‘ va sharafli ekanini ko‘rsatadi. Markazning Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga ushbu muborak oyat muhrlab qo‘yilgani zamirida ham mana shunday chuqur ma’no-mazmun mujassam.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy dargoh, ayni vaqtda o‘tmish va bugunni, an’ana va taraqqiyotni, ma’naviyat va zamonaviylikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan nodir maskan bo‘lishiga iymonimiz komil.
Yurtimiz zamini azal-azaldan ilm-ma’rifat, zakovat va yuksak madaniyat beshigi o‘laroq dunyo tamaddunida alohida o‘rin tutadi. Movarounnahr diyorida yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar, mufassir va mutafakkirlar insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qo‘shganlar. Ularning ilmiy merosi asrlar davomida nafaqat islom olami, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, hadis ilmining sultoni bo‘lgan Imom Buxoriy, buyuk muhaddis Imom Termiziy, aqida ilmining zabardast namoyandasi Imom Moturidiy, shuningdek, astronomiya, tibbiyot, matematika va boshqa fan sohalarida yuksak natijalarga erishgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ zotlarimiz nomi jahon ilm osmonida yorqin yulduzlar kabi porlab turibdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir”, degan muborak hadislari ham bu yo‘lning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, yurtimizda ilmga hurmat, ulug‘ zotlarga ehtirom va ular qoldirgan ulkan merosni asrab-avaylash azaliy qadriyatlarimizdan. Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani esa ajdodlarimiz qoldirgan ana shu bebaho ilmiy va ma’naviy durdonalarni yanada chuqur o‘rganish, keng targ‘ib etish, jamoatchilikka va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Muhtasham maskanga qadam qo‘ygan har bir inson, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros, ularning beqiyos ilmiy va ma’rifiy faoliyati, bu yerda jamlangan manbalar, qo‘lyozmalar va ilmiy ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, qalbida o‘ziga xos iftixor va mas’uliyat tuyg‘usi uyg‘onishi tabiiy. Prezidentimizning “Ushbu markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘ladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi. Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerak”, deya ishonch bildirishi bejiz emas, albatta. Demak, markaz o‘z mohiyati va mazmuni bilan o‘tmish va bugunni o‘zaro bog‘lab turgan ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarmog‘iga shubha yo‘q. Ayniqsa, markazda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid boy tarixiy va ilmiy manbalar jamlangani yurtimiz zaminida kechgan buyuk Uyg‘onish davrlarining mazmun-mohiyatini chuqur anglash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi naqadar mustahkam ildizlarga ega ekanining yaqqol namoyonidir.
Muqaddas Qur’on zali esa ushbu muhtasham maskanning haqiqiy qalbi sifatida alohida ma’naviy-ruhiy ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yerga butun insoniyat uchun hidoyat manbai bo‘lgan ilohiy kalom — Qur’oni karimning eng qadimiy va nodir nusxalaridan biri bo‘lgan mo‘tabar Usmon Mus'hafi joylashtirilgan. Ushbu muqaddas kitob asrlar davomida turli zamon va makonlar osha necha-necha tarixiy sinovlarga guvoh bo‘lgan bebaho merosdir. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, XIV asr oxirlarida Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan ushbu Mus'haf bir necha asr davomida asrab-avaylangan.
Keyingi yillarda Usmon Mus'hafi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Mo‘yi muborak madrasasida saqlanib keldi. Allohning inoyati va yurtimiz rahbarining tashabbusi bilan 2025 yil 13 noyabr kuni bu noyob va muqaddas kitob Islom sivilizatsiyasi markazining muqaddas Qur’on zaliga olib kelinib, o‘zining yuksak maqomiga munosib sharofatli o‘ringa qo‘yildi. Bu esa, shubhasiz, yurtimizda muqaddas dinimizga, uning ilohiy manbasiga bo‘lgan yuksak ehtirom va sadoqatning yorqin ifodasidir.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur Mus'haf markazda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan bir makonda joylashtirildi. Bu qarorda ham chuqur ma’no mujassam: ilohiy kalom bilan diniy idora faoliyatining bir-biriga uyg‘un holda bo‘lishi islom an’analariga to‘la mutanosibdir.
Shuningdek, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan, ushbu zal devorlarida Qur’oni karim oyatlari tushirilgan sakkizta ipak gilamning to‘rt ravoqda joylashtirilgani ham zalning ma’naviy muhitini yanada boyitgan. Bu gilamlar go‘yoki ilohiy kalomning go‘zal ifodasi sifatida qalblarga nur ulashadi, insonni tafakkurga, ibrat olishga chorlaydi. Zero, Qur’oni karimda: “Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiluvchi mo‘minlarga, albatta, o‘shalarga, ulug‘ ajr borligi xushxabarini berur”, deb marhamat qilingan. Darhaqiqat, bu muqaddas kitob insoniyat uchun hidoyat, qalblar uchun shifo, hayot uchun dasturdir. Bunday muqaddas maskanda bo‘lish insonni o‘z-o‘zidan tafakkurga chorlaydi, qalbida shukr, ixlos va ezgulikka intilish tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Yana bir masala xususida ham to‘xtalib o‘tishimiz joiz. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ulug‘ ishlar, barpo etilayotgan ma’naviyat maskanlari, qayta tiklanayotgan muqaddas qadamjolar va bunyodkorlik ishlarining barchasi xalqimizning qalbida shukr, iftixor va umid tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotganining shohidi bo‘lib turibmiz. Yaratgan Robbimizga hamdlar bo‘lsinkim, ana shunday xayrli ishlar yurtimizda keng quloch yoymoqda. Minglab, millionlab yurtdoshlarimiz bugun qo‘l ochib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, ezgu ishlar bardavom bo‘lishi uchun duo qilmoqdalar. Bu duolar, inshaalloh, ijobat bo‘lib, diyorimizda yanada ko‘proq baraka va fayz-zarafshonlik qaror topadi.
Shu o‘rinda barcha ulamo va mo‘min-musulmonlar nomidan yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlar, muqaddas qadamjolarni obod etish, islom qadriyatlarini asrab-avaylash yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik izhor etamiz. Bu kabi ezgu ishlar, shubhasiz, xalqimiz qalbida chuqur ehtirom va rozilik tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.
Alloh taolodan mana shunday muborak Hayit ayyomlarida duo qilib so‘raymiz, yurtimiz tinch va osoyishta bo‘lsin, xalqimiz farovon va baxtli yashasin, amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga O‘zi baraka ato etsin. Yurtimizga ko‘z tegmasin, el-yurtimiz osmoni musaffo, barchamizning ezgu niyatlarimiz ijobat bo‘lsin. Alloh taolo doimo diyorimizni tinchlik va xotirjamlik ne’mati ila siylasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy