Abdulloh ibn Abu Avfodan rivoyat qilinadi:
Madinada bir nogiron kishi bor edi. U yaqinlariga: “Meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga boradigan yo‘lga qo‘yinglar”, dedi. Nogiron Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga qo‘yildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon masjidga borsalar, unga salom berar edilar.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan edik. U zot alayhissalomning oldilariga birov kelib, nogiron kishining vafot etganini yetkazdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turdilar, biz ham u zot bilan birga turdik. Kulbaga yaqinlashganlarida, sahobalariga: “Mendan boshqa biror kishi kulbaga yaqinlashmasin!” dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyga yaqin keldilar. U yerda Jabroil alayhissalom nogiron kishining boshida o‘tirgan edi. Jabroil alayhissalom: “Yo Allohning Rasuli! Agar Siz kelmaganingizda, o‘rningizga uning (marhumning yuvish) ishini biz bajarar edik. Ammo siz keldingiz va bunga siz haqliroqsiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, o‘z qo‘llari bilan uni yuvdilar, kafanladilar va unga janoza o‘qib, qabrga qo‘ydilar”.
Davron NURMUHAMMAD
Abd Ibn Humayd Keshiyning "Musnadi Keshiy" asaridan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mushkuli borning duosi budir: "Allohumma, rohmataka arju va laa takilniy ila nafsiy torfata ’ayn va aslih liy shaniy kullah. Laa ilaha illa anta", dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ma’nosi: "Allohim, rahmatingdan umidvorman. Meni ko‘z ochib-yumguncha ham o‘z holimga tashlab qo‘yma. Barcha ishlarimni O‘zing o‘ngla. Sendan o‘zga iloh yo‘q".