Abdulloh ibn Abu Avfodan rivoyat qilinadi:
Madinada bir nogiron kishi bor edi. U yaqinlariga: “Meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga boradigan yo‘lga qo‘yinglar”, dedi. Nogiron Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga qo‘yildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon masjidga borsalar, unga salom berar edilar.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan edik. U zot alayhissalomning oldilariga birov kelib, nogiron kishining vafot etganini yetkazdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turdilar, biz ham u zot bilan birga turdik. Kulbaga yaqinlashganlarida, sahobalariga: “Mendan boshqa biror kishi kulbaga yaqinlashmasin!” dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyga yaqin keldilar. U yerda Jabroil alayhissalom nogiron kishining boshida o‘tirgan edi. Jabroil alayhissalom: “Yo Allohning Rasuli! Agar Siz kelmaganingizda, o‘rningizga uning (marhumning yuvish) ishini biz bajarar edik. Ammo siz keldingiz va bunga siz haqliroqsiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, o‘z qo‘llari bilan uni yuvdilar, kafanladilar va unga janoza o‘qib, qabrga qo‘ydilar”.
Davron NURMUHAMMAD
Abd Ibn Humayd Keshiyning "Musnadi Keshiy" asaridan.
Shu yil 20 may kuni imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil qilish bo‘yicha Sirdaryo viloyati Guliston shahrida amaliy tadbir o‘tkazildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligidagi namunaviy-amaliy tadbir yig‘ilishi mazkur shahardagi "Guliston" jome masjidida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov yig‘ilishga boshchilik qildi. Shuningdek, vakillik xodimlari, tuman, shahar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilar, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan hududdagi 10 ta mahalladagi 75 ta xonadon xolidan xabar olindi. Jumladan, nogironligi bor xonadonlar, notinch oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qamrab olindi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati