Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fotiha surasining 5-oyatidagi “Sengagina ibodat qilamiz” jumlasi bandaning kufr va shirkdan yiroq bo‘lishga, “Sendangina yordam so‘raymiz” esa Allohdan o‘zgasiga tavakkul qilmaslikka targ‘ib qiladi. Lekin, bunda vosita bo‘ladigan narsalar inkor qilinmaydi. Masalan, biron yerga yetib olishda ulov vosita vazifasini bajarsa, u yerga xotirjam yetib olishga Alloh madad beradi.
Xullas, Islom yordam va ko‘mak ma’nosida vosita va sabab bo‘ladigan narsalarga qarshi emas. Faqat ana o‘sha vositalarning o‘ziga suyanib qolmasdan, qalbni butunlay Allohga toshpirish va sabablarni harakatga keltirish lozim.
Allohdan yordam so‘rash ikki xil bo‘ladi:
1. Ibodatlarni to‘liq, nuqsonsiz va bekamu ko‘st ado etishda yordam so‘rash;
2. Zararni daf qilish va yomonliklardan saqlanishda yordam so‘rash.
Ulamolarimiz oyati karimada avval ibodat, keyin isti’onat (yordam so‘rash)ning keltirilishiga bir necha sabablarni sanab o‘tishgan:
– Alloh taoloning haqqi bandalar haqqidan ustundir. Ibodat Allohning bandalari ustidagi haqqi, isti’onat esa bandalarning Alloh ustidagi haqqidir.
– avval umumiy, keyin xos narsaning zikr qilinishi. Ibodat umumiy ma’nodagi tushuncha bo‘lsa, isti’onat o‘sha ibodat turiga mansub amallardan biridir.
– avval vosita bo‘ladigan narsa zikr qilinsa, so‘ralayotgan duoning ijobati oson bo‘lishi.
– banda ibodat qilsagina Allohdan yordam so‘raydi. Imon yoki haqiqiy ibodatdan mahrum kishilar Allohga duo qilish va U Zotdan yordam so‘rashdan bebahra bo‘ladilar.
Allohning ibodatida bo‘lish va U Zotdangina yordam so‘rash bandani abadiy saodat sari yetaklovchi eng asosiy omildir. Bu ikkisini bajarmay turib haqiqiy baxtga erishib bo‘lmaydi.
Ibodat Alloh taoloning roziligini istab ado etilsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga mos kelsa, shundagina haqiqiy ibodat bo‘ladi. Aks holda, niyatning yo‘qligi va amalning shariatga muvofiq kelmasligi, uni botil (bekor, behuda) qilib qo‘yadi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortlaridan ketayotgan edim, u zot: “Ey bola, men senga bir necha (manfaatli) so‘zlarni o‘rgataman: Alloh(ning hududlari)ni saqla. Shunda U Zot seni saqlaydi. Alloh(ning haqlari)ni saqla. Shunda Uni qarshingda topasan. Agar so‘ramoqchi bo‘lsang, bas, Allohdan so‘ra. Agar yordam istasang, bas, Allohdan yordam so‘ra. Bilginki, agar ummat (bir joyga) to‘planib, senga mafaat yetkazmoqchi bo‘lsalar, faqat Alloh senga (taqdir qilib) yozib qo‘ygan darajada manfaat yetkaza oladilar. Agar ular yig‘ilib, senga ziyon yetkazmoqchi bo‘lsalar, faqat Alloh senga yozgan darajada zarar yetkaza oladilar, xolos. Qalamlar ko‘tarildi, sahifalar quridi”, dedilar (Imom Termiziy, Ahmad, Hokim “Mustadrok”da, Tabaroniy “Kabiyr” va “Avsat”da va Bayhaqiy “Shu’abul iyman”da rivoyat qilgan. Abu Iso Termiziy: “Bu hadis hasan-sahih”, degan. Bayhaqiy o‘z rivoyatida: “Agar panoh istamoqchi bo‘lsa, bas, Allohdan panoh so‘ra” jumlasini ziyoda qilgan).
Allohdan o‘zga zot biron narsani berish va man qilishga, zararni daf etish yoki foyda keltirishga qodir emas. Panoh va yordam so‘rashda ham faqat U Zotning O‘zigagina yuzlanish lozim. Allohdan o‘zgasi mukammal suratda, haqiqiy ma’noda panoh berolmaydi. Bandalar bergan “panoh” esa vaqtinchalik, o‘tkinchi va zavol topuvchidir.
Alloh O‘zidan so‘ragan bandasini yaxshi ko‘radi va aksincha, Unga duo qilmaydigan, hojatlarini so‘ramaydigan bandani yomon ko‘radi. Shu ma’noda Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Odamlarga odamlarning yoqimlirog‘i odamlardan behojat bo‘lgani va ulardan hech narsa so‘ramaydiganidir. Odamlarga odamlarning yoqmaydigani ularga muhtoj bo‘lganidir. Alloh uchun odamlarning suyumlirog‘i Allohga muhtoj bo‘lgani va Undan so‘ragani, Allohga odamlarning yoqmaydigani Undan “behojat” bo‘lgani va hech narsa so‘ramaginidir”.
Allohdan yordam so‘rash bir ishga kirishishdan oldin bo‘lgani afzal. Ya’ni, o‘sha ishni boshlamasdan oldin Allohga duo qilib, ishning yengil kechishi va barakali bo‘lishi so‘raladi va tavakkul qilinib, keyin harakatga o‘tiladi. Bu borada sa’y-harakat, intilish unutib qo‘yilmasligi lozim. Banda o‘zi dangasalik qilib, hech bir chora-tadbir ko‘rmay turib, Allohga duo qilishi, urug‘ ekmay turib hosil kutgan dehqonning behuda urinishiga o‘xshaydi.
Yuqoridagi oyati karima va uning tafsiri orqali Alloh taolodan nimalarni so‘rashni bilib oldik. Endi Allohdan o‘zgasidan, xususan dunyodan o‘tib ketganlardan yordam so‘rash mo‘min kishiga to‘g‘ri kelmasligi, bunday ishlar Islom e’tiqodiga zid ekani haqida suhbatlashamiz.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Shu yil 13-28 may kunlari haj amallarini bajarish uchun jo‘nab ketayotgan ziyoratchilar mamlakatning sakkizta hududiy xalqaro aeroporti – Toshkent, Samarqand, Namangan, Qarshi, Termiz, Navoiy, Urganch va Nukus shaharlaridan Madina shahriga yetkaziladi.
Joriy yilda Uzbekistan Airways 6 267 nafar ziyoratchi tashuvini amalga oshiriladi.
Jiddadan Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlariga ortga qaytuvchi aviaqatnovlar 12-29 iyul kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur bosqich doirasida 15 150 nafar ziyoratchi tashuvini amalga oshirish rejalashtirilgan.
uzbekistanairways