Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fotiha surasining 5-oyatidagi “Sengagina ibodat qilamiz” jumlasi bandaning kufr va shirkdan yiroq bo‘lishga, “Sendangina yordam so‘raymiz” esa Allohdan o‘zgasiga tavakkul qilmaslikka targ‘ib qiladi. Lekin, bunda vosita bo‘ladigan narsalar inkor qilinmaydi. Masalan, biron yerga yetib olishda ulov vosita vazifasini bajarsa, u yerga xotirjam yetib olishga Alloh madad beradi.
Xullas, Islom yordam va ko‘mak ma’nosida vosita va sabab bo‘ladigan narsalarga qarshi emas. Faqat ana o‘sha vositalarning o‘ziga suyanib qolmasdan, qalbni butunlay Allohga toshpirish va sabablarni harakatga keltirish lozim.
Allohdan yordam so‘rash ikki xil bo‘ladi:
1. Ibodatlarni to‘liq, nuqsonsiz va bekamu ko‘st ado etishda yordam so‘rash;
2. Zararni daf qilish va yomonliklardan saqlanishda yordam so‘rash.
Ulamolarimiz oyati karimada avval ibodat, keyin isti’onat (yordam so‘rash)ning keltirilishiga bir necha sabablarni sanab o‘tishgan:
– Alloh taoloning haqqi bandalar haqqidan ustundir. Ibodat Allohning bandalari ustidagi haqqi, isti’onat esa bandalarning Alloh ustidagi haqqidir.
– avval umumiy, keyin xos narsaning zikr qilinishi. Ibodat umumiy ma’nodagi tushuncha bo‘lsa, isti’onat o‘sha ibodat turiga mansub amallardan biridir.
– avval vosita bo‘ladigan narsa zikr qilinsa, so‘ralayotgan duoning ijobati oson bo‘lishi.
– banda ibodat qilsagina Allohdan yordam so‘raydi. Imon yoki haqiqiy ibodatdan mahrum kishilar Allohga duo qilish va U Zotdan yordam so‘rashdan bebahra bo‘ladilar.
Allohning ibodatida bo‘lish va U Zotdangina yordam so‘rash bandani abadiy saodat sari yetaklovchi eng asosiy omildir. Bu ikkisini bajarmay turib haqiqiy baxtga erishib bo‘lmaydi.
Ibodat Alloh taoloning roziligini istab ado etilsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga mos kelsa, shundagina haqiqiy ibodat bo‘ladi. Aks holda, niyatning yo‘qligi va amalning shariatga muvofiq kelmasligi, uni botil (bekor, behuda) qilib qo‘yadi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortlaridan ketayotgan edim, u zot: “Ey bola, men senga bir necha (manfaatli) so‘zlarni o‘rgataman: Alloh(ning hududlari)ni saqla. Shunda U Zot seni saqlaydi. Alloh(ning haqlari)ni saqla. Shunda Uni qarshingda topasan. Agar so‘ramoqchi bo‘lsang, bas, Allohdan so‘ra. Agar yordam istasang, bas, Allohdan yordam so‘ra. Bilginki, agar ummat (bir joyga) to‘planib, senga mafaat yetkazmoqchi bo‘lsalar, faqat Alloh senga (taqdir qilib) yozib qo‘ygan darajada manfaat yetkaza oladilar. Agar ular yig‘ilib, senga ziyon yetkazmoqchi bo‘lsalar, faqat Alloh senga yozgan darajada zarar yetkaza oladilar, xolos. Qalamlar ko‘tarildi, sahifalar quridi”, dedilar (Imom Termiziy, Ahmad, Hokim “Mustadrok”da, Tabaroniy “Kabiyr” va “Avsat”da va Bayhaqiy “Shu’abul iyman”da rivoyat qilgan. Abu Iso Termiziy: “Bu hadis hasan-sahih”, degan. Bayhaqiy o‘z rivoyatida: “Agar panoh istamoqchi bo‘lsa, bas, Allohdan panoh so‘ra” jumlasini ziyoda qilgan).
Allohdan o‘zga zot biron narsani berish va man qilishga, zararni daf etish yoki foyda keltirishga qodir emas. Panoh va yordam so‘rashda ham faqat U Zotning O‘zigagina yuzlanish lozim. Allohdan o‘zgasi mukammal suratda, haqiqiy ma’noda panoh berolmaydi. Bandalar bergan “panoh” esa vaqtinchalik, o‘tkinchi va zavol topuvchidir.
Alloh O‘zidan so‘ragan bandasini yaxshi ko‘radi va aksincha, Unga duo qilmaydigan, hojatlarini so‘ramaydigan bandani yomon ko‘radi. Shu ma’noda Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Odamlarga odamlarning yoqimlirog‘i odamlardan behojat bo‘lgani va ulardan hech narsa so‘ramaydiganidir. Odamlarga odamlarning yoqmaydigani ularga muhtoj bo‘lganidir. Alloh uchun odamlarning suyumlirog‘i Allohga muhtoj bo‘lgani va Undan so‘ragani, Allohga odamlarning yoqmaydigani Undan “behojat” bo‘lgani va hech narsa so‘ramaginidir”.
Allohdan yordam so‘rash bir ishga kirishishdan oldin bo‘lgani afzal. Ya’ni, o‘sha ishni boshlamasdan oldin Allohga duo qilib, ishning yengil kechishi va barakali bo‘lishi so‘raladi va tavakkul qilinib, keyin harakatga o‘tiladi. Bu borada sa’y-harakat, intilish unutib qo‘yilmasligi lozim. Banda o‘zi dangasalik qilib, hech bir chora-tadbir ko‘rmay turib, Allohga duo qilishi, urug‘ ekmay turib hosil kutgan dehqonning behuda urinishiga o‘xshaydi.
Yuqoridagi oyati karima va uning tafsiri orqali Alloh taolodan nimalarni so‘rashni bilib oldik. Endi Allohdan o‘zgasidan, xususan dunyodan o‘tib ketganlardan yordam so‘rash mo‘min kishiga to‘g‘ri kelmasligi, bunday ishlar Islom e’tiqodiga zid ekani haqida suhbatlashamiz.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson yaralibdiki, xursandchilik bilan birga g‘am-tashvish, qayg‘u-alamlar ila yashaydi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, “g‘am-tashvish”, “qayg‘urish” kabi tushunchalar ikki xil bo‘ladi:
1. Tabiiy.
2. Orttirilgan.
Birinchisi haqida so‘z borganda, uni “sog‘lom tashvishlanish”, deb atashimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, busiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Tashvishlanishning bu turi topilmaydigan kishilar hissizlik ketidan kasal bo‘lib qolishlari turgan gap.
Albatta, hayot tashvishlari benihoya – ishdagi muammolar, uydagi g‘am-tashvishlar, ota-onaga g‘amxo‘rlik, farzand tarbiyasi, olingan qarzlarni to‘lash, oilaviy kelishmovchiliklar, imtihonlar, kimdirlar bilan uchrashish... Bularning barchasi odamni tashvishlanish, bezovta bo‘lish va qayg‘urishga undaydi. Bunday ruhiy holatlar ishtahamizni bo‘g‘ib, asabimizni buzadi, uyqimiz qochadi, bir so‘z bilan aytganda, hayotning achchiq-chuchuklarini totib, o‘nqir-cho‘nqirlariga duch kelamiz. Vaqt o‘tishi bilan bu muammolar o‘z yechimini topadi, biz ham voqelikka rozi bo‘lamiz, ko‘nikamiz, tashvishlar ariydi, stresslardan xalos bo‘lib, xotirjamlikka erishamiz. Oradan biroz muddat o‘tib yana yangi muammolarga duch kelamiz, xullas, hayot shu tarzda davom etaveradi.
Deyl Karnegi aytadi: “Men o‘ttiz yetti yildan ko‘proq vaqt Nyu-Yorkda yashadim. Menda “bezovtalik” degan kasallik borligidan ogohlantirib qo‘yish uchun biror kishi eshigimni taqillatib kelgani yo‘q. Suvchechak kabi kasallik keltirib chiqaradigan asoratlardan bir necha ming barobar ko‘p zararlar ko‘rishimning asosiy sababi, ushbu bezovtalik kasalligi bo‘ldi. Ha, ha, rost! Hech bir kishi eshigimni qoqib, amerikaliklarning har o‘ninchisi xavotir, ortiqcha tashvishga sabab bo‘luvchi asab buzilishiga chalinganini aytib, ogohlantirgani yo‘q”.
Karnegi so‘zida davom etadi: “Kishi butun dunyo mulkini qo‘lga kiritgan taqdirda ham, faqatgina bitta yotoqda yota oladi, xolos. Kunda uch mahaldan ortiq ovqatni oshqozoni sig‘dira olmaydi. Shunday ekan, bu odam bilan yer ag‘darib yurgan dehqon orasida qanday farq bor? Aksincha, dehqon chuqurroq uyquga ketsa kerak, to‘g‘rimi? Bu kabi badavlat kishidan ko‘ra dehqon yeyayotgan taomidan ko‘proq lazzat ola biladi, uning ta’mini yaxshiroq his qiladi, shunday emasmi?!”,
Barselonalik mashhur doktor Marko Alvares o‘z tajribalari bilan bo‘lishib, bunday deydi: “Ma’lum bo‘lishicha, har beshta bemorimdan to‘rttasining kasalligi birorta a’zo ta’sirida emas, aksincha, qo‘rquv, bezovtalanish, tashvishlanish, asabiylashish hamda kishi o‘zi va hayoti o‘rtasidagi munosabat hamda muvozanatni yo‘qotganligidan bo‘ladi”.
Shoir Mansur bir she’rida bunday deydi:
Xohla boy bo‘l, xoh faqirlikni et iroda,
Hech iloj yo‘q g‘am bo‘lar albat bu dunyoda.
Har gal oshib borsa atrofingda ne’mating,
Qarshisida ortib borar g‘am ustiga ham g‘aming.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.