Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov “paqildoq” va salyutlardan olingan jarohatlarning inson ko‘rish a’zolarida qoldiradigan og‘ir asoratlari haqida ma’lumot berdi:
– Har yili Yangi yil arafasida, bayramdan oldin va bayramdan keyingi kunlarda, "paqildoq" va salyutlardan olingan jarohatlar tufayli klinikamizga ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Ularda yuz sohalarining, peshona sohasining kuyishi bilan birgalikda ko‘z ko‘ruv a’zolarining shikastlanishi, ko‘rish faoliyatining buzilishi yoki butunlay yo‘qolishi holatlari kuzatiladi. Davolash chora-tadbirlariga qaramasdan, ayrim bemorlarda og‘ir asoratlar kuzatiladi – ko‘rish a’zolari shikastlanib, ko‘rish qobiliyati butunlay yo‘qoladi. Hattoki, pirotexnika vositalari sababli bolalar umrbod nogironlikka mahkum bo‘lib qoladi.
Ko‘zning pirotexnika vositalari ta’sirida kuyishi bir necha darajaga bo‘linadi. Birinchi darajali kuyishda bemorlarda ko‘z sohasida qichishish, qizarish shikoyatlari kuzatilsa, ikkinchi darajali kuyishda ko‘z olmasida, ko‘zning shilliq pardasida giperemiyalar, shoxpardada biroz shish kuzatiladi. Shu bilan birgalikda, yuz a’zolarining, peshona sohasining kuyishi kuzatiladi. Uchinchi darajali, ya’ni og‘ir darajali kuyishda esa shox pardaning xiralashishi, qovoqlar nekrozi, yuzning to‘liq kuyishi ro‘y beradi. To‘rtinchi darajali, ya’ni o‘ta og‘ir darajadagi kuyishda ko‘zning barcha organlari, shox parda va boshqa to‘qimalarning kuyishi, xiralashishlar va chuqur nekrozlar kuzatiladi.
Shuning uchun ota-onalardan, maktab muassasalaridan va barcha mas’ul bo‘lgan tashkilotlardan bolalarga bu to‘g‘risida to‘g‘ri tushuncha berib, har xil “paqildoq“lardan, pirotexnika vositalaridan foydalanmaslikka chaqirishlarini so‘rayman. Farzandlarimizning salomatligi bir zumlik zavq va o‘yinqaroqligi ortidan xavf ostida qolmasin!
O‘zA
Joriy yilning 2 iyun kuni ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, otinoyilar faoliyatini takomillashtirish maqsadida Namangan viloyatining shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan bosh otinoyilar va targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahharova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Iroda Ahmedova, O‘zbekiston musulmonlar idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Egamova ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ning mazmun-mohiyati, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, “Vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘grisida”gi farmon mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Otinoyilar faoliyati bo‘yicha yangi ishlab chiqilgan qo‘llanma o‘qib eshittirilib, har bir bandiga izoh berib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati