Bismillahir Rohmanir Rohiym
«Zoxiriylik» arabcha «zohir» so‘zidan olingan bo‘lib, bizning tilimizda «yuzakilik» degan ma’noni ifoda etadi. Ya’ni bir narsaning javhariga, mohiyatiga va asl ma’nosiga e’tibor bermasdan, sirtiga yuzaki qarash deganidir. Ushbu holat ba’zi sahobalarda ham bo‘lib o‘tgan. Gapimizning dalili sifatida oyat va hadisni yuzaki tushunishga ayrim misollarni keltiramiz.
Adiy ibn Hotim roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Toki fajrda sizga oq ip qora ipdan ajraguncha...» oyati nozil bo‘lganda:
«Ey Allohniig Rasuli, men kechadan kunduzni ajratish uchun yostig‘im ostiga ikki chilvirni: bir oq chilvirni, bir qora chilvirni qo‘yganman», dedim.
Boshqa rivoyatda:
«Kechasi qarasam, ajratib bo‘lmayapti-ku!» deyilgan.
Ul zot alayhissolatu vassalom:
«Yostig‘ing keng ekan. U kechaning qorong‘iligi va kunduzning yorug‘ligidir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Bu rivoyatda ro‘za ibodati yangi joriy qilina boshlaganda bo‘lib o‘tgan latif hodisani keltirish orqali og‘izni qachon berkitish kerakligining hukmi bayon qilinmoqda. Ma’lumki, Alloh taolo og‘izni qachon berkitishning hukmini ma’lum qilish uchun Baqara surasining 187-oyatida:
«Tong paytida sizga oq ip qora ipdan oydinlashguncha yeb-ichavering», degan hukmni nozil qilgan.
Ushbu oyat nozil bo‘lganida ba’zi kishilar, jumladan, Adiy ibn Hotim roziyallohu anhu ham zikr qilingan «ip»dan murod majoziy «ip» ekanligini anglab yetmaganlar. Shuning uchun ham saharlik vaqtida bitta oq rangli, bitta qora rangli chilvirni olib, qorong‘ida ularning rangi ajralib ko‘ringuncha saharlik qilishga o‘tganlar. Lekin u kishi o‘zlarining bu ishlarida kamchilik sezib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga arz qilganlar va u zot oyatda zikr qilingan ipdan murod ip, chilvir yoki arqon emas, kechaning qorong‘iligi va kunduzning yorug‘ligi ekanini tushuntirib berganlar.
Demak, ro‘za tutmoqchi bo‘lgan odam saharlikni tong otguncha qilishi mumkin ekan. Tong otgandan so‘ng esa mazkur saharlikni to‘xtatishi vojib bo‘ladi. Aks holda ro‘zasi ro‘za bo‘lmaydi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning menga tezroq yetib oladiganingiz qo‘li uzuningiz», dedilar. (Ul zotning ayollari) qaysilarining qo‘li uzunligini o‘lchab ko‘rishar edi. Ichimizda eng qo‘li uzunimiz Zaynab edi, chunki u o‘z qo‘li bilan mehnat qilib, sadaqa qilar edi».
Imom Muslim va Buxoriy rivoyat qilishgan.
Boshqa bir sanad bilan qilingan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Oisha roziyallohu anho dedilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin, qachon birortamizning uyimizda to‘planib qolsak, qo‘limizni devorga cho‘zib, kimming qo‘li uzun ekan deb o‘lchab ko‘rar edik. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Zaynab binti Jahsh vafot etguncha shunday qildik. U (Zaynab) past bo‘yli ayol edi. Bizdan uzun emas edi.
(U vafot qilganidan keyin) Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo‘lning uzunligidan sadaqani iroda qilganlarini bilib oldik.
Zaynab qo‘li mohir ayol edi. U teri oshlar, tikar va Alloh azza va jallaning yo‘lida sadaqa qilar edi».
Hokim rivoyat qilgan.
Bu rivoyatda mo‘minlarning onalari Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytgan bir gapni sirtidan tushunib, xatoga yo‘l qo‘yganlari va keyinroq gapning maqsadini anglab yetganlari bayon qilinmoqda.
Allohning oxirgi Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu dunyoni tark qilganlaridan so‘ng, u zotning sahobalari orasida masalani harfma-harf tushunib, mahkam turib olish ham va dinimizning maqsadlariga, hikmatlariga hamda boshqa omillarga qarab hal etish holatlari ham bo‘lib o‘tgan. Bunday holatlarda muammoni Islomning maqsadlariga, hikmatlariga hamda boshqa omillarga qarab hal etish tarafdorlari tutgan yo‘l ma’qul ko‘rilgan.
Sarvari olam Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng musulmonlarga Abu Bakr roziyallohu anhu boshliq etib saylandilar. U kishining davrida dindan qaytgan murtadlar bilan musulmonlar orasida qattiq janglar bo‘ldi. Mazkur janglarda Qur’onni to‘lik yod olgan ko‘plab qorilar shahid bo‘ldilar. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuga Qur’onni kitob shakliga keltirib, jamlab qo‘yish maslahatini berdi. Avval boshda hazrati Abu Bakr bunga ko‘nmadilar, chunki bu ish Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida qilinmagan edi. Keyinroq esa Abu Bakr roziyallohu anhu ham Qur’onni kitob shakliga keltirib qo‘yish zarurligini anglab yetdilar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuni chaqirib, bu ishni amalga oshirishni unga topshirdilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu ham avvaliga masalani tor olib, bu taklifga ko‘nmadilar. Keyin esa asl maqsadni, ko‘zlangan hikmatni tushunib yetib, fikrlarini o‘zgartirdilar. Keling, gapni Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning o‘zlaridan eshitaylik.
3ayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Yamomadagilar o‘ldirilganda Abu Bakr menga odam yubordi. Yonida Umar bor ekan. Abu Bakr menga shunday dedi: «Umar menga kelib, «Yamoma kuni jangda Qur’on qorilari ichida o‘lim ko‘p bo‘ldi. Hamma joyda Qur’on qorilari ichida o‘lim ko‘payaversa, Qur’onning katta qismi yo‘qolib ketishidan qo‘rqaman. Menimcha, Qur’onni jamlashga buyruq berishingiz kerak», dedi. Men: «Qanday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan ishni qilaman?» dedim. Umar: «Allohga qasamki, bu xayrli ish», dedi. Umar menga shu to‘g‘rida qayta-qayta aytaverdi, nihoyat, Alloh mening qalbimni ham Umarning qalbini ochgan narsaga ochdi. Bu borada Umar kelgan fikrga keldim. Sen yoshsan, aqllisan, seni ayblaydigan joyimiz yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga (nozil bo‘lgan) vahiyni yozib yurarding. Qur’on(oyatlari)ni qidirib topib, ularni jamla!»
Allohga qasamki, agar menga bir tog‘ni ko‘chirishni yuklaganida, men uchun Qur’onni jamlashga buyurganidan og‘ir bo‘lmas edi.
«Qanday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan narsani qigansizlar?» dedim. Abu Bakr: «Allohga qasamki, bu xayrli ish», dedi. U meni qayta-qayta undayverdi, nihoyat Alloh mening qalbimni ham Abu Bakr va Umarning qalbini ochgan narsaga ochdi. Qur’onni surishtirib, uni xurmo po‘stloqlari, qog‘oz parchalari, yassi toshlar va odamlarning ko‘ksilaridan jamladim. Tavba surasining oxirini – «Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan Rasul keldi...»- ni oxirigacha Huzaymada [yoki «Abu Huzaymada»] topdim va uni o‘sha suraning oxiriga qo‘shib qo‘ydim.
Sahifalar Abu Bakrning hayoti davomida, Alloh uni vafot ettirguncha uning huzurida, keyin Umarning hayoti davomida, Alloh uni vafot ettirguncha uning huzurida, so‘ngra Hafsa bint Umarning huzurida bo‘ldi».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.
Ushbu rivoyatdan ko‘rinib turibdiki, sahobalar davrida ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida qilinmagan ishni qilish joiz emas, degan gapni olg‘a surganlar bo‘lgan. Ushbu rivoyatda Abu Bakr va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhular ushbu yo‘nalish tarafdorlari bo‘lishgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu esa masalani atroflicha tahlil qilganlar va dinimiz olg‘a surgan maqsadlar, hikmatlar asosida fikr yuritganlar. Eng quvonchlisi, erkin bahsdan keyin hammalari ittifoq qilib, harfparastlikni tark etib, shariatimiz maqsadlari hamda umumiy holat va maslahat asosida ish yuritishga o‘tganlar. Keyingi davrlardagi musulmon avlodlari ham xuddi shu yo‘lni tutganlar.
Ammo, ming afsuslar bo‘lsinkim, hozirgi ba’zi bir zohiriylik yo‘lini tutganlar tamoman bunga teskari ish tutishni o‘zlariga shior qilib olganlar.
Zohiriylikning ushbu lug‘aviy ma’nosi e’tiboridan, Qur’on va Sunnatni anglashda, ulardan shar’iy hukmlarni chiqarishda oyat va hadislarning chuqur ma’nosiga, sirlariga nazar solmay, dinimizning maqsadlari va hikmatlariga qaramay, yuzaki ma’nosiga qarab hukm chiqaradigan kishilar «zohiriylar» deyiladi. Bu borada ular tutgan yo‘l «zohiriylik mazhabi» deyiladi.
Zohiriy mazhabining o‘ziga xos belgilari bo‘lib, ular asosiy e’tiborni juz’iy matnlarga qaratib, harfma-harf fahmlashga e’tibor beradilar. Shariatda ko‘zlangan maqsadlar bilan ishlari yo‘q. Zohiriylar shar’iy hukmlarning sababi, hikmati va maqsadiga alohida e’tibor bermaydilar. Zohiriylarniig eng bosh alomatlaridan biri qiyosni inkor qilishdir. Ularning bundan boshqa o‘ziga xosliklari ham mavjud. Ammo bizning maqsadimiz ularning tafsilotini o‘rganish bo‘lmagani uchun gapni cho‘zib o‘tirmaymiz.
Hijriy ikki yuz yetmishinchi sanada vafot etgan Dovud Zohiriy zohiriylikning asoschisi sifatida tanilgan. Zohiriylarniig eng katta olimlaridan biri ekanligi bilan mashhur bo‘lgan shaxs Muhammad ibn Hazmdir. U kishi hijriy to‘rtinchi asrda yashagan. Bu ikki shaxs aql va ilm jihatidan ko‘zga ko‘ringan bilimli odamlar bo‘lib, yozgan bir nechta asarlari bilan kishilar orasida mashhur bo‘lishgan. Ammo Qur’on va Sunnatdan hukm chiqarishda zohiriy yo‘l tutganlari uchun ahli ilmlarni hayratga soladigan bir qancha g‘aroyib hukmlar, gaplar va sharhlar qoldirgamlar. Tushunarli bo‘lishi uchun Dovud Zohiriyning g‘aroyib ijtihodlaridan namuna keltiramiz.
Birinchi misol:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz oqmaydigan turg‘un suvga bavl qilmasin, (chunki) keyin unda g‘usl qiladi», dedilar».
Boshqa rivoyatda:
«So‘ngra undan tahorat qiladi», deyilgan».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifga binoan, barcha ulamolar oqmay turgan suvga najas tushsa, o‘sha suv najasga aylanishi haqida ijmo’ qilganlar. Ammo Dovud Zohiriy huddi shu hadisi sharifni dalil qilib, hammaga xilof o‘laroq aql ham, nakl ham ko‘tarmaydigan g‘aroyib gaplarni aytgan. Ko‘plab ulamolar uning bu haqdagi gaplariga qarshi qattiq raddiya bildirganlar.
Imom Navaviy o‘zining «Al-majmu’» nomli kitobida quyidagilarni yozadi:
«Sohiblarimiz Dovud ibn Ali Zohiriy Asfihoniy rahimahullohudan ajib mazhabni naql qilganlar. Ularning xabar berishicha, Dovud yolg‘iz o‘ziga xos bo‘lgan quyidagi gaplarni aytgan:
«Bir kishi oqmas suvga bavl qilsa, uning o‘sha suvdan tahorat qilishi joiz emas. Chunki «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz oqmaydigan turg‘un suvga zinhor bavl qilmasin. So‘ngra unda tahorat qiladi», deganlar. Bu hadis sahihdir. Undan (bavl qilgandan) boshqasi (tahorat qilsa) joiz. Chunki u (suv) uning uchun najas emas. Va agar bir idishga bavl qilib, uni suvga quysa yoki qirg‘oqqa bavl qilsa-yu, u oqib, suvga tushsa, u undan tahorat qilsa bo‘ladi. Chunki u suvga emas, boshqa yoqqa bavl qildi. Shuningdek, suvga qazoi hojat qilsa, o‘sha suvda tahorat qilsa bo‘ladi. Chunki u bavl qilmadi, qazoi hojat qildi».
Bu juda ham g‘arib va g‘oyatda buzuq gapdir».
«Ithoful kirom bi sharhi Umdatil ahkom» kitobining sohibi Abdurrahmon Suhaym yuqoridagi masalada mazkur hadisi sharifni sharhlab, undan chiqadigan hukmlarni keltirib bo‘lganidan keyin quyidagilarni aytadi:
«Shu yerda zohiriylar xato qilishgan:
Avvalo, ular u zot sollallohu alayhi vasallamning «Birortangiz oqmaydigan turg‘un suvga zinhor bavl qilmasin», degan qavllari:
a) bir idishga bavl qilib, uni suvga quygan va undan foydalanishni iroda qilgan insonni qaytarishni o‘z ichiga olmaydi, deyishgan;
b) agar suvga yaqin joyga bavl qilsa va u oqib, suvga tushsa, uni ham qaytarishni o‘z ichiga olmaydi deyishgan.
v) shuningdek, o‘sha suvni ishlatishni iroda qilmagan insonni qaytarishni ham o‘z ichiga olmaydi, deyishgan.
Bu bilan zohiriylar masxara bo‘ldilar. Qolaversa, ulamolar ularga raddiyalar qildilar va ba’zilari ularni qattiq so‘kdilar. Men esa bu masalani tolibi ilmlarga ibrat bo‘lsin deb kiritdim».
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Birortangiz oqmay turadigan zinhor suvga bavl qilmasin. So‘ngra unda g‘usl qiladi», boshqa rivoyatda esa «Tahorat qiladi», degan hadislaridan quyidagi xulosalar kelib chiqadi:
– Fuqaholar jumhuri bundan «oqmay turgan suvga najosat tushsa, suv ham najosatga aylanadi» degan hukmni chiqarganlar. Ular boshqa barcha najas narsalarni peshobga qiyos qilganlar. Hadisda faqat peshob zikr qilingan bo‘lsa ham, shariatning kishilarga manfaatni ravo ko‘rish maqsadini ishga solib, odamlarga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan barcha najaslarni ham unga qo‘shganlar. Hadisi sharifning maqsadi, hikmati va hukmning illatini hisobga olganlar.
– Zohiriylar esa hadisi sharifning zohiriga, so‘zlarning o‘zigagina nazar solganlar. Ularning zohiriyligi – yuzakiligi xatoga yetaklagan. Peshob va suvga bevosita bavl qilishnigina o‘ylaganlar. Oqibatda bir necha xatoga yo‘l qo‘yganlar:
1. Idishga bavl qilib, peshobni oqmay turgan suvga quysa, o‘sha suvdan peshob egasi ham, boshqalar ham foydalanishi mumkinligi. Chunki hadisda «suvga bavl qilsa» deyilgan, «peshob idishdan suvga quyilsa», deyilmagan.
2. Suvga yakin joyga bavl qilsa-yu, peshob suvga oqib tushsa, o‘sha suvdan peshob egasi ham, boshqalar ham foydalanishi mumkinligi. Chunki hadisda «peshob suvga yerdan oqib tushsa», deyilmagan.
3. Birov oqmaydigan turg‘un suvga bavl qilsa, o‘sha odamdan boshqa kishi bu suvdan foydalanishi mumkinligi. Chunki hadisda «kim oqmaydigan turg‘un suvga bavl qilsa, undan tahorat qilmasin», deyilgan, «bavl qilmagan odam ham», deyilmagan.
4. Suvga bavl qilinganda tushgan peshobdan boshqa barcha najaslar suvdan foydalanishni man qilmasligi. Chunki hadisda peshobdan boshqa najaslar aytilmagan.
5. Suvga qazoi hojat qilinsa, undan tahorat qilish va boshqa manfaatlar uchun foydalanish joizligi. Chunki hadisda qazoi hojat haqida so‘z kelmagan.
Ikkinchi misol:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Juvondan maslahat so‘ramay turib nikohlan mas. Qiz boladan izn olinmay turib nikohlanmas», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, (qiz bolaning) izni qanday bo‘ladi?» deyishdi.
«Sukut saqlashi», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Boshqa bir rivoyatda:
«Juvon o‘z nafsiga valiysidan ko‘ra haqliroq. Qiz boladan esa izn so‘raladi. Uning izni sukutidir», deyilgan».
Bu hadisi sharifdan ulamolar jumhuri quyidagi hukmlarni chiqarganlar:
– Agar erga tegishi haqida so‘z ketayotgan shaxs erdan ajragan juvon bo‘lsa, u o‘z roziligini ochiq-oydin aytishi shart. Chunki u oila qurgan, erkak kishi bilan munosabatda bo‘lgan, nikoh masalalarida tajribaga ega, bunday gaplarni gaplashib yurgan. Endi ochiqchasiga maslahatlashishdan uyalmaydi.
– Maslahat qiz bolaning turmushga chiqishi haqida bo‘layotgan bo‘lsa, biroz bonshqcha yo‘l tutiladi. Agar u ochiq javob bersa, o‘zining ishi. Uning o‘sha javobiga qarab ish qilinadi. Ammo indamasa, sukut rozilik alomati bo‘ladi.
– Muslima qizlar odob-axloq, hayo, ehtirom doirasida tarbiya topganlari sababli otasi, yaqinlari bilan o‘z nikohi to‘g‘risida gaplashishga uyalib, indamasligi mumkin. Shuning uchun qiz bolaning uyalib, indamagani uning roziligi hisoblanadi.
– Lekin indamasligiga norozilik alomatlari qo‘shilsa, bunday sukutni «rozilik» deb bo‘lmaydi.
Zohiriylarning eng ko‘zga ko‘rnngan namoyandasi Ibn Hazm Zohiriy esa hammaga xilof qilib: «Agar qiz bola roziligini anglatuvchi gap aytsa, nikoh durust bo‘lmaydi», deydi. U o‘zining «Al Muhallo» nomli kitobining «Ayolning nikohdagi izni masalasi» bobida quyidagilarni yozadi:
«Masala: Har bir juvonning nikohdagi izni faqatgina roziligini bildiradigan kalomi bilan bo‘ladi. Qiz bolaning izni esa faqatgina sukut saqlashi bilan bo‘ladi. Agar sukut saqlasa, batahqiq, izn bergan bo‘ladi va unga nikoh lozim bo‘ladi. Agar rozilik yoki monelik, yohud boshqa gapni gapirsa, bu bilan uning aqdi nikohi bog‘lanmaydi. Buning dalili bikr haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Uning izni sukut saqlashidir», degan qavllaridir. Va yana Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadisi sharifdir: «...Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Juvondan maslahat so‘ramay turib nikohlanmas. Qiz boladan izn olinmay turib nikohlanmas», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, izni qanday bo‘ladi?» deyishdi. «Sukut saqlashi», dedilar».
Muhammad ibn Hazm Zohiriy o‘zining «Sukut saqlamay, nikohga roziligini yoki boshqa biror gapni aytgan qiz bolaning nikohi durust bo‘lmaydi» degan ajabtovur hukmini yozibgina qolmasdan, unga xilof gapni aytgan ulamolar jumhurini fahmsizlikda va Nabiy alayhissalomga, sahobai kiromlarga xilof qilishda ayblab, bir qancha gaplarni ham yozgan.
Uchinchi misol:
Juma kuni g‘usl qilish, xushbo‘y surtish va misvok qilish haqidagi masala.
Bu masalada ham zoxiriy mazhabi bilan qolgan barcha musulmon fiqhiy mazhablari orasida ixtilof bo‘lgan. Mazkur ixtilof ham shar’iy matnni tushunish uslubidagi farqdan kelib chiqqan. Mazkur shar’iy matn quyidagi hadisi sharifdan iborat:
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Guvohlik beramanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Juma kuni g‘usl qilish, misvok qilish, agar topsa, xushbo‘y narsa surish har bir ehtilom bo‘luvchiga vojibdir», dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Ushbu rivoyatni dalil qilib, Ibn Hazm Zohiriy o‘zining mashhur «Muhallo» nomli kitobida quyidagilarni yozadi: «Juma kuni g‘usl qilish har bir balog‘atga yetgan erkak va ayol uchun farzdir. Shuningdek, xushbo‘y surtish va misvok qilish ham».
Bu ma’nodagi hadislar juda ko‘p. Ularda mazkur amallarni bajarish farz darajasida emasligi ko‘rinib turadi. Shuning uchun ham ba’zi mazhablarda juma kungi g‘usl sunnati muakkada deyilgan. Hanafiy mazhabida esa juma kungi g‘usl sunnat deyilgan.
To‘rtinchi misol:
Bomdodning ikki rak’at sunnatidan keyin o‘ng tarafga yonboshlash haqidagi masala.
Bu masalada ham barcha musulmon fiqhiy mazhablari bilan zohiriy mazhabi orasida ixtilof bo‘lgan. Bu ixtilof ham shar’iy matnni tushunish uslubidagi farqdan kelib chiqqan. Mazkur shar’iy matn quyidagi hadisi sharifdan iborat:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz subhdan oldin ikki rak’at namoz o‘qisa, o‘ng tarafiga yonboshlasin», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Zohiriylardan boshqa mazhablarning faqihlari bu amal haqidagi barcha dalillarni atroflicha o‘rganib chiqib, uning hukmini mustahab deyishgan.
Ibn Hazm esa «Muhallo» kitobida bu haqda quyidagilarnn yozadi: «Kim bomdodning ikki rak’at sunnatini o‘qigan bo‘lsa, uning uchun bomdodning ikki rak’at sunnatini o‘qib bo‘lib, bergan salomi bilan bomdodning farziga takbir aytishi orasida yonboshlab olmasdan, bomdodning farzini o‘qishi joiz emas. Bizning nazdimizda bunda yonboshlashni qasddan tark qilganmi yoki unutibmi, namozni vaqtida o‘qiganmi yoki unutganidan keyin qazo qilibmi, yohud uxlash niyatidami, baribir. Agar bomdodning ikki rak’at sunnatini o‘qimagan bo‘lsa, yonboshlashi lozim bo‘lmaydi. Agar xavf yoki bemorlik, yohud boshqa sabab tufayli o‘ng tarafga yonboshlay olmasa, toqati yetguncha ishora qiladi».
Ibn Hazm o‘zining bu gapiga yuqoridagi hadisni dalil qilib keltiradi. O‘zining gapini quvvatlab, o‘zgalarni tanqid qiladi va yana quyidagilarni yozadi:
«Kimdan unutish yoki uyqu tufayli bomdod namozi o‘tib ketgan bo‘lsa, biz unga ixtiyor qilamizki, qachon uni eslasa, hattoki quyosh chiqqanidan keyin bo‘lsa ham, ko‘p yoki oz o‘tgan bo‘lsa ham, avval bomdodning ikki rak’at sunnatini o‘qisin, keyin yonboshlasin va undan keyingina bomdodning farzini o‘qisin».
Beshinchi misol:
Ehromdagi kishining soch-soqolni olish, tirnoqni qisqartirish, xushbo‘y hidlash kabi ishlarni qilishi haqidagi masala.
Muhammad ibn Hazm «Muhallo» nomli kitobida bu haqda quyidagilarni yozadi: «Ehromdagi kishiga quyidagilar joizdir: hammomga kirish, uqalatish, boshini tiyn va xitomiy bilan yuvish, surma qo‘yish, misvok qilish, oynaga qarash, rayhon hidlash, kiyimini yuvish, tirnoqlarini va mo‘ylabini qisqartirish, qo‘ltiq ostidagi yungni yulish, qovug‘ini kirish. Ushbu narsalarning birortasida hech qanday tanglik yo‘q. Ularni qilgan odamga hech narsa lozim bo‘lmaydi. Chunki biz zikr qilgan narsalarning birortasini man qilish haqida Qur’onda ham, Sunnatda ham dalil kelmagan. Ulardan birortasida ijmo’ni da’vo qiluvchi ummatning barchasi yolg‘onchidir va ilmi yo‘q narsani gapiruvchidir. Kim «Bu narsada jarima lozim bo‘ladi» desa, dinda Alloh izn bermagan narsani shariat deb vojib qilgan bo‘ladi».
Qolgan barcha mazhablarning ulamolari esa ehromdagi kishiga man qilingan amallar borligini ta’kidlaydilar va barchalari o‘zlariiing haj va umraga oid kitoblarida «Mahzurotul ehrom» – «Ehrom man qiladigan narsalar» degan bob ochib, ularni hujjatlari bilan bayon qilib o‘tadilar. Biz bu masalada hanafiy mazhabida kelgan ma’lumotlarni e’tiboringizga taqdim etamiz.
Keyingi mavzular:
Exrom man kiladigan narsalar.
Yurtboshimizning muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Zero, bag‘rikenglik – turli millat va din vakillarining bir zaminda o‘zaro inoq va homkor bo‘lib yashashlarini anglatuvchi tushunchadir. Yurtimizda 16 diniy konfessiya, 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir osmon ostida, bir zaminda, bir havodan nafas olib, hamjihat bo‘lib, bir maqsad sari harakat qilishi bag‘rikenglik, totuvlik, hamkorlik kabi tushunchalarning yurtimizdagi ifodasidar.
Dini, millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar dunyodagi insonlarning huquqlari va erkinliklari tengdir. Islom dini ta’limotidan kelib chiqib, ajdodlar shunday yo‘l tutgan va bizlarga ham shunday o‘rgatganlar.
Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey insonlar, darhaqiqat Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishinglar uchun sizlarni turli-tuman xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik”, deya marhamat qilgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov va Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farxod aka Kushakovlar Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi jismoniy imkoniyati cheklangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand, kam ta’minlangan turli diniy konfessiya vakillari holidan xabar olishib, ular muborak Ramazon oyi bilan qutlashdi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari bilan hamkorlikda ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatishib, siniq ko‘ngillarga xursandchilik ulashishdi.
Bu kabi saxovat tadbirlari muborak Ramazon oyi oxiriga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati