Bugun, 14 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Andijon viloyati safarlari davomida tuman-shahar bosh imom-xatiblari va “Sayyid Muhyiddin maxdum” bilim yurti mudarrislari bilan yig‘ilish o‘tkazdilar.
Uchrashuv avvalida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida diniy sohada amalga oshirilgan islohotlar va soha vakillari oldida turgan muhim vazifalar haqida so‘z yuritdilar. Jumladan, har bir imom-xatib masjiddagi faoliyati bilan birga o‘ziga biriktirilgan mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashda ham faol xizmat qilishlarini ta’kidladilar. Shuningdek, imom-domlalar har bir ishni qonunchilik doirasida amalga oshirishlari va din peshvosi bo‘lgan imomlar jamiyatning eng namunali kishisi bo‘lishlariga katta urg‘u qaratdilar.
Tahliliy ruhda o‘tgan majlisda Muftiy hazratlari keyingi yillarda Andijon viloyatida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani, imom-xatiblar shariat xodimi sifatida xalqimiz diniy ehtiyojini qondirish va xayriya ishlarini keng ko‘lamda ado etayotganlarini ta’kidlash barobarida ba’zi imom-xatiblar faoliyatida kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgani, ular o‘zlarini isloh qilishlari lozimligini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, ustoz-muddarislik ham jamiyat hayotida eng muhim maqom va odamlar e’tiboridagi ulug‘ kasb ekani, bugungi kunda barcha sohada bo‘lgani kabi diniy jabhada ham har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlash juda ham zarur ekanini bayon etdilar.
Yig‘ilish davomida mutasaddilar o‘tayotgan yil yakunlari va kelgusi yilgi rejalar yuzasidan axborot berdi. Shuningdek, mas’ullarga soha faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Yaqinda bir do‘stim bilan inson vafotidan keyin ruh yerga qaytib kelishi haqida tortishib qoldik. Savolim shuki, ruh yerga qaytib keladimi yoki barzaxda qiyomatgacha kutadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ruhning asl haqiqati nima ekanligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Bu borada Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الرُّوحِ قُلِ الرُّوحُ مِنْ أَمْرِ رَبِّي وَمَا أُوتِيتُم مِّنَ الْعِلْمِ إِلَّا قَلِيلًا
“Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: “Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir”, – deb ayt” (Isro surasi, 85-oyat).
Inson ruhi vafot topishi bilan qabr hayotida (barzaxda) bo‘ladi. Kitoblarda zikr qilinishicha, jasadni qabrga dafn qilingandan so‘ng, savol-javob qilinishi uchun unga ruhi qayta kirgiziladi.
Shuningdek, qabr ahliga salom berilgan vaqtda ham ruh qabr atrofiga qaytarilib, salomga alik oladi.
Mo‘minlarning ruhi “Illiyyin” (yettinchi osmondagi joy)da, kofirlarning ruhi esa “Sijjiyn” (yetti qavat yerning ostidagi joy)da bo‘lishi ham bayon qilingan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.