Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Aprel, 2025   |   2 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:22
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
30 Aprel, 2025, 2 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Onasidan uyalgan "farzand"

16.12.2024   5880   5 min.
Onasidan uyalgan

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu.

Ayting-chi, bu dunyoda kim siz uchun jonini bera oladi, kim siz uchun o‘zini qurbon qilishga tayyor? Bir o‘ylab ko‘ring-chi? Allohga qasamki, onangizdan boshqa odamni topa olmaysiz. Hech kim sizni onangiz kabi sevmaydi, sizga g‘amxo‘rlik qilmaydi.

Ha, aslo hech kim onangiz kabi jonini qurbon qilishga tayyor emas.

Hikoya qilishlaricha, bir yosh yigit o‘z onasini yoqtirmas ekan. Onasining tashqi ko‘rinishidan uyalarkan. U: “Onamning ovozini eshitishni ham, o‘zini ko‘rishni ham istamayman” deb aytardi. Axir hech kim onasini sotib olmaydi. Nima bo‘lganda ham u sizning onangiz-ku! Siz onangizning roziligini topishingiz kerak. Aks holda, Allohning g‘azabiga uchraysiz.

Bu yigitning onasi juda mehribon edi. Lekin ona qanchalik yaxshilik qilmasin, farzandi yaxshi munosabatda bo‘lmasdi. Chunki mushtipar onaning faqat bir ko‘zi bor edi. Farzandi onasini tug‘ilganidan beri shunday holatda ko‘rdi. Shu sababli, o‘g‘li onasining tashqi ko‘rinishini yoqtirmasdi. Do‘stlari bilan uchrashganda ham onasidan uyalardi. Kunlarning birida ona o‘g‘lining maktabiga borganda farzandi “nima uchun bu yerga keldingiz, boshqa kelmang!” deb jahl qildi.

Aziz yoshlar, aslo onangizga bunday qo‘pol munosabatda bo‘lmang! Uning qalbini sindirmang! Bunday qilsangiz Allohning g‘azabiga uchraysiz.

Axir farzand o‘z onasiga ham shunday muomala qilishi mumkin-mi?!

Ammo, ming afsuski hikoyamizdagi yigit o‘z onasiga juda qo‘pol munosabatda bo‘lardi. Kunlar o‘tishi bilan uning muomalasi yanada yomonlashardi. Lekin ona hamon o‘g‘liga juda mehribon edi. Ona yolg‘iz o‘zi farzandini hech kimdan kam qilmay katta qilardi. Farzandi maktabni tugatdi. Ammo o‘qishni xorijda davom ettirishga qaror qildi. Onasi qancha iltijo qilib, yalanib, yolvormasin farzandi qarorini o‘zgartirmadi. Onasini yolg‘iz tashlab o‘zi xorijga uchib ketdi.

Oradan oylar, yillar o‘tdi. Ona o‘z farzandini juda sog‘inar, soatlab dilbandining rasmiga tikilib o‘tirardi, suratlarini bag‘riga bosardi.

Ona har kuni o‘g‘lini izlardi. Va nihoyat, kunlarning birida ona farzandi haqida xabar topdi. Unga: “Farzandingiz ishga kirdi, uylandi, farzandli bo‘ldi” deyishdi. Ona mayus ovozda “Ha, men bu haqda bilmas ekanman” dedi.

Ona ortiq o‘g‘lini kuta olmas, hatto o‘z uyiga ham sig‘mas edi. Oxir oqibat o‘g‘lini ko‘rgani xorijga ketdi. O‘g‘lining uyini topib bordi. Eshik qoqqan edi bir ayol eshikni ochdi. “Men o‘g‘limning onasiman” dedi. Ayol qariya ayolni uyga kiritdi. Buni ko‘rgan o‘g‘ilning ikki yuzi qizarib, peshonasidan ter oqdi. “Nima uchun keldingiz?” dedi. O‘g‘il hamon o‘z onasidan uyalardi. Ayol turmush o‘rtog‘ining onasiga yaxshi so‘zlar aytdi. “Biznikida qoling” dedi.

Ammo o‘z farzandi unga yomon munosabatda bo‘ldi. Uning qo‘pol munosabatiga ona zo‘rg‘a 3 kun chidadi. Lekin kelinining oldida juda hijolat bo‘lganidan o‘z vataniga qaytishga qaror qildi.

Ona uyiga qaytgach, bolasi bilan boshqa aloqa qilmadi. O‘g‘lining farzandlari asta-sekin ko‘z o‘ngida katta bo‘lishardi. Shunda o‘zida otalik tuyg‘ularini his qila boshladi. O‘zining onasini esladi, onasiga qilgan qo‘pol muomalasidan afsuslandi. Ammo endi juda, judayam kech edi...

Onasini sog‘indi, uni ko‘rishni istadi. Uyiga qaytib onasidan kechirim so‘rashga qaror qildi. Bir nechta joylardan onasini izladi. Lekin unga har safar “bu yerdan ko‘chib ketgan” deb javob berishdi. Oxiri onasi yashagan so‘nggi manzilni topdi. Ular “Ha, onang shu yerda yashardi, lekin u olamdan o‘tgan”, deyishdi.

Farzand qattiq xafa bo‘ldi. “Onang senga bir maktub qoldirgan edi” deb onaning omonatini o‘g‘ilga berishdi. Farzand xatni olib, darhol o‘qib chiqdi. Unda bunday jumlalar yozilgan edi:


“O‘g‘lim, bir o‘zimni uzoq yillar tashlab ketganing meni qattiq xafa qildi. Lekin sen mening farzandimsan va men seni yaxshi ko‘raman. Men senga aytmoqchi bo‘lgan eng oxirgi so‘zlarim bor edi. Sen dunyoga kelganingda baxtsiz hodisa tufayli bir ko‘zingni yo‘qotgan eding. Senga kimdir o‘zining ko‘zini bersa tuzatishning imkoni bo‘lgani uchun men o‘z ko‘zimni berdim. Ikkinchi ko‘zimni esa seni ko‘rish uchun qoldirdim”...

Farzand onasining qabriga borib, tinmay ko‘z yosh to‘kdi. “Onajon meni kechiring” deb dod solardi.

Aziz yoshlar, hatto kattalar onangizni hayotlik davrida qadriga yeting. Hayotingizning quvonchi va barakasi – onangizdir. Hatto jannat uning oyoqlarining ostidadir. Onangizning oyoqlaridan o‘pib oling! Shu so‘zlarni eshitiboq onangizning holidan xabar oling, uni xursand qiling, quchoqlab, “men sizni yaxshi ko‘raman” deb ayting!

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Alloma tug‘ilib o‘sgan yurtda uning ta’limoti o‘rganilmoqda (+video)

29.04.2025   1917   3 min.
Alloma tug‘ilib o‘sgan yurtda uning ta’limoti o‘rganilmoqda (+video)

 

29-30 aprel kunlari Samarqandda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.


Davlatimiz rahbarining shu yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda dunyoning o‘ttizga yaqin davlatidan muftiylar, islomshunos va dinshunos olimlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etmoqda.


Anjuman munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi Ilhom Ma’rupov konferensiya va uning doirasidagi tadbirlar haqida ma’lumot berdi.


– Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi I.Ma’rupov. – Ushbu ezgu ishlarning uzviy davomi sifatida 2025 yil 29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.


So‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonda moturidiyshunoslik ilmiy maktabi shakllandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.


Konferensiyaning ahamiyati va dolzarbligi haqida gapirganda bugungi kunda quyidagi omillar Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etayotganini alohida qayd etish lozim:


– muqaddas islom dini niqobi ostida faoliyat yuritayotgan radikal guruhlar harakati kuchayib borayotgan bugungi sharoitda xalqaro maydonda Imom Moturidiy ta’limotini o‘rganishga e’tibor oshmoqda;


– moturidiylik maktabining bag‘rikeng g‘oyalari, asrlar davomida mintaqamiz xususiyatlariga mos holda shakllangan insonparvar ta’limoti radikalizmga qarshi kurashning ta’sirchan va samarali vositasi sifatida baholanmoqda.


Konferensiya 3 ta shu’bada faoliyat olib boradi:


Birinchi shu’ba “Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Imom Moturidiy, moturidiy allomalari va izdoshlari hayot yo‘li, Movarounnahr kalom ilmi maktabi rivojlanish tarixi haqida bahs-munozaralar, ilmiy muzokaralar bo‘lib o‘tadi.


Ikkinchi shu’ba “Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini” mavzuida bo‘lib, u Moturidiylik ta’limotida ilgari surilgan g‘oyalar, jumladan, bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat nazariyalarining shakllanishiga oid munozaralarni o‘z ichiga oladi.


Uchinchi shu’ba “XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati” mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, u Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosida ko‘tarilgan mavzularning bugungi kundagi dolzarb muammolarni hal qilishdagi ilmiy va nazariy ahamiyatiga oid bahs-munozaralarni qamrab oladi.


Anjuman yakunida Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha nufuzli olimlarning taklif va tashabbuslari asosida yakuniy deklaratsiya qabul qilinadi. 


Bugun anjuman qatnashchilari uchun Samarqand shahridagi muqaddas qadamjolar va tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohat ko‘zda tutilgan. 

G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), O‘zA muxbirlari

O'zbekiston yangiliklari