Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ehromdagi odam shahvoniy ish, fisq va janjal hamda quruqlik ov hayvonlarini o‘ldirishdan, ularni ovchiga ishora ila ko‘rsatishdan va yo‘llab qo‘yishdan, xushbuy narsa iste’mol qilishdan, tirnok olishdan, yuz va boshni to‘sishdan, boshi va soqolini xitmiy ila yuvishdan, soqolni qisqartirishdan, soch va badandagi tuklarni oldirishdan, tikilgan narsa, salla va xushbo‘y narsa ila bo‘yalgan kiyim kiyishdan saqlanishi shart. Ammo mazkur xushbo‘y narsani yuvib tashlab, izor yoki rido qilsa bo‘ladi.
Xuddi namozni niyat qilib takbiri tahrima aytgan kishiga namozdan boshqa narsa harom bo‘lgani kabi ehrom bog‘lab, haj yoki umrani niyat qilgan odam uchun ham ma’lum narsalarni qilish harom bo‘lib qoladi. Ular quyidagilardan iborat:
1. Shahvoniy ish.
Ayoliga yaqinlik qilish va shu ishga olib boruvchi amallar. Ya’ni o‘pish, quchoqlash, shunga taalluqli gaplarni gapirish.
2. Fisq.
Alloh taoloning toatidan chiqish, gunoh ishlarni qilish.
3. Janjal.
Sheriklar, xodimlar va boshqalar bilan talashib-tortishish, janjallashish va shunga oid ishlar...
“Kimki ularda o‘ziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo‘qdir”, degan oyatiga binoan man etilgandir (Baqara surasi, 197-oyat).
4. Quruqlik ov hayvonlarini o‘ldirish, ularni ovchiga ishora ila ko‘rsatish va yo‘llab qo‘yish.
Alloh taolo: “Dengiz ovi va uning taomi siz va yo‘lovchilar bahramand bo‘lishingiz uchun sizga halol qilindi. Modomiki, ehromda ekansiz, sizga quruqlik ovi harom qilindi. Huzurida to‘planadiganingiz Allohga taqvo qiling”, degan (Moida surasi, 96-oyat).
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ular yurishlardan birida edilar. Ba’zilari ehrom bog‘lagan, ba’zilari ehrom bog‘lamagan edilar. Bir yovvoyi eshakni (qulonni) ko‘rdim. Otimni minib, nayzamni qo‘limga oldim. Ulardan yordam so‘ragan edim, yordam berishdan bosh tortdilar. Ulardan birining qamchisini sug‘urib oldim-da, eshakning ustiga bostirib borib uni ovladim. Ular undan yedilar va qilganlaridan qo‘rqdilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan u haqda so‘raldi. Shunda u zot: “Sizlardan birortangiz unga hamla qilishni buyurdimi yoki ishora qildimi?” dedilar. “Yo‘q”, deyishdi. «Unda qolgan go‘shtni ham tanovul qilaveringlar», dedilar (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyat qilishgan).
5. Xushbo‘y narsa iste’mol qilish.
Shuningdek, moy surtish, hina qo‘yish, xushbo‘y sovunlardan foydalanish, rayhon va mevalarni hidlash ham man qilingan.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Hoji qandan odam?» dedi. «Sochi to‘zigan, xushbo‘y ishlatmagan», dedilar (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan).
6. Tirnoq olish.
Alloh taolo: “So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar...” degan (Haj surasi, 29-oyat).
Qurbonlik qilib bo‘lganidan keyin, hojiga ehromdan chiqishga ruxsat bo‘ladi. Shunda uning uchun ehrom vaqtida mumkin bo‘lmagan soch oldirish yoki qisqartirishga, qo‘ltiq ostidagi va boshqa joylardagi tuklarni, tirnoqlarni olishga izn beriladi.
«...o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar...» deyishdan maqsad shu.
7. Yuz va boshni to‘sish.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Otliqlar bizning oldimizdan o‘tardi. Biz esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ehromda edik. Qachon ular to‘g‘rimizga kelganlarida birimiz jilbobini boshidan yuziga tushirib olardi. Ular bizdan o‘tib ketganlarida uni ochardik” (Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilishgan).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga edi. Birdan tuyasi uni ehromdalik holida yiqitib, bo‘ynini sindirib qo‘ydi. U o‘lib qoldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni suv va sidr bilan yuvinglar va ikki en kiyimga kafanlanglar. Unga xushbo‘y surtmanglar va boshini yopmanglar. Chunki u qiyomat kuni talbiya aytgan holida tiriltiriladi”, dedilar (Ikki shayx rivoyat qilishgan).
8. Boshi va soqolini xitmiy bilan yuvish.
“Xitmiy” nabotot bo‘lib, u bosh va soqolni yuvishda ishlatilgan. U bilan soch yoki soqol yuvilsa, ulardagi jonzotlarni o‘ldirgan. Shuning uchun ehromdagi odam xitmiy ila boshini yuvishi man qilingan. Lekin ehromdagi odam xushbo‘y bo‘lmagan sovun va shunga o‘xshash jonzotlarni o‘ldirmaydigan narsalar bilan boshini yoki soqolini yuvishi joiz.
9. Soqolni qisqartirish va soch oldirish.
Alloh taolo: “Haj va umrani Alloh uchun tugal ado eting. Agar ushlanib qolsangiz, muyassar bo‘lgan hadiy (vojib). Hadiy o‘z joyiga yetmaguncha, sochingizni oldirmang”, degan (Baqara surasi, 196-oyat).
Soqolni qisqartirish yoki sochni qisqartirish ham shu hukmga kiradi.
10. Tikilgan narsa, salla va xushbo‘y narsa ila bo‘yalgan kiyim kiyish.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Bir kishi: “Yo Allohning Rasuli! Ehromdagi kishi qaysi kiyimlarni kiyadi?” dedi.
“Kuylaklar, sallalar, shalvorlar, kulohlar, mahsilarni kiymaydi. Illo, birov kiygani shippak topmasa, mahsi kiyib, oshig‘idan pastidan kesib olsin. Za’faron va vars tekkan kiyimlarni kiymanglar”, dedilar (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Umuman olganda, erkak kishi ehromga kirganda tikilgan narsa kiyishi mutlaqo mumkin emas.
Za’faron – sariq rangli o‘simlik bo‘lib, u ko‘proq xushbo‘y narsa sifatida kiyimlarga surtilgan. “Vars” ham Yamanda o‘sadigan sarg‘ish qizil o‘simlik bo‘lib, xushbo‘y narsa sifatida ishlatilgan. Haj va umra qiluvchi shaxs ehrom kiyimiga bu ikki narsani surtishi mumkin emas.
Ehromdagi erkak kishining oyoqlarining oshig‘i va ust qismi ochiq bo‘lishi lozim. Shuning uchun shippagi yo‘q odam mahsi kiyishga majbur bo‘lsa, uning oshig‘idan ustini kesib tashlashi tayinlanmoqda.
Zohiriylarniig ushbu misollarda keltirilganga o‘xshash g‘aroyib gaplari va hukmlari juda ko‘payib ketganidan keyin, ulamolar va barcha musulmonlar orasida ular haqida turli fikrlar tarqalgan. Keyin bunday gap-so‘zlarga barham berish niyatida zohiriylar haqida xulosa chiqarib, ko‘pchilikka yetkazish zarurati tug‘ilgan. Quyida ana shu xulosalardan ba’zilarini keltiramiz:
Imom Zahabiy ulamolarning zohiriylarga munosabati haqida quyidagilarni yozadi: «Dovud va unga ergashganlarning gapini hisobga olish haqida ulamolarning ikki xil qavli bor:
1. Ularning xilofini e’tiborga oladiganlarning qavli:
«Ularning xilofini e’tiborga olishimiz ularning hiloflari hujjat bo‘lgani uchun emas, hikoya qilish uchundir. Hiloflarining ba’zisi durust, ba’zisi kuchli va ba’zisi arzimasdir. Ularning o‘zlariga xos hiloflari zonniy ijmo’ga xilof qilish turidandir».
2. Ularning xilofini e’tiborga olmaydiganlarning qavli: “Ular avom jumlasidandir yoki fiqhning furu’sida shiy’alar kabidir. Ularning gaplariga e’tibor bermaymiz. Ularga xilof qilib ham o‘tirmaymiz. Kitoblariga ahamiyat bermaymiz. Fatvo so‘rab yurgan odamlarga ularga murojaat qilishni maslahat bermaymiz. Ikki oyoqqa mas'h tortish kabi botilligi aniq masalalarni oshkor qilsalar, ta’zirini va adabini beramiz hamda oyoqlarini yuvishga majbur qilamiz”.
Abu Is'hoq Isfaroiyniy aytadi: “Jumhurning gapiga binoan, ular, ya’ni qiyosni inkor qiluvchilar ijtihod darajasiga yetmaydilar va ularni qozilikka tayin qilish joiz emas”.
Abu Mansur Bag‘dodiy Abu Ali ibn Abu Hurayradan va bir guruh shofe’iylardan naql qiladi: “Dovud va boshqa u kabi qiyosni inkor qiluvchilarning xilofining e’tibori yo‘q”.
Imomul Haramayni Abul Ma’oliy aytadi: «Ahli tahqiqning qarori bo‘yicha, albatta, qiyosni inkor qiluvchilar ummatning ulamolaridan ham, shariatning homillaridan ham hisoblanmaydilar...».
Bunga o‘xshash gaplarni juda ko‘p keltirish mumkin. Lekin asosiy maqsad zohiriylarniig aybini axtarish emas, balki Qur’oni Karim, Sunnati Nabaviya va diniy matnlarni anglashda hamda ulardan hukm chiqarishda noto‘g‘ri yo‘l tutish va matnlarning faqat sirtiga e’tibor berishga mahkam yopishib olish qanday noqulay oqibatlarga olib kelishini anglab olishdir. Shuning uchun ham zohiriy mazhabi mo‘min-musulmon ummatining e’tirofini qozona olmadi. Bu mazhab Ahli sunna val jamoa aqiydasidagi to‘rt mo‘taraf fiqhiy mazhab kabi musulmonlar ommasining e’zoziga musharraf bo‘lmadi. Balki bir muddatdan keyin inqirozga uchradi. Ammo zohiriy mazhabining o‘zi yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa ham, turli sabablarga ko‘ra, uning fikrlaridai ba’zilari har zamonda bosh ko‘tarib turadi.
Keyingi mavzular:
Yangi Zohiriylar;
Namozdan keyin jamoat bilan duo qilish.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:
«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.
Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.
Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.
Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:
«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.
«Ha», dedi Suhayb.
Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:
«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:
«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.
Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.
Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.
Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.
Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.
Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.
So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.
Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».
Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.
Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.
U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi