Bismillahir Rohmanir Rohiym
Muoviya Qurayshiy roziyallohu anhu rivoyat qilib aytadi: «“Yo Rasululloh, bizlarning birimizda xotinining qanday haqlari bor?” dedim. U zot: “Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuziga urmaysan, qattiq so‘kmaysan va uydan boshqa joyga hijron qilmaysan”, dedilar» (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).
Bu hadis ayolning erdagi haqlarini bayon qilmoqda. Er ayoliga nafaqa berishi vojib. Hadisdagi ibora erning ham, ayolning ham haqlariga tegishli. Xotinning nafaqasini berishda erning moliyaviy holati e’tiborga olinishini shu hadisdan bilib olsak bo‘ladi.
“Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan”. Er nima yesa, ayoliga ham shundan yediradi. Bu borini birga baham ko‘rish deganidir. Shariat bandani toqatidan ortig‘iga buyurmaydi.
“Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan”. Kiyinish masalasida ham shunday: er o‘ziga qancha sarf qilsa, ayoliga ham shuncha sarflaydi. Ya’ni, issiq va sovuqdan himoyalanish, avratini yopish uchun zarur bo‘lgan kiyim-kechak bilan ta’minlaydi. Albatta, imkoniyati doirasida. Uning miqdori har bir diyor va shahar urf-odatiga qarab belgilanadi. Chunki har yerning vaziyati, urf-odati turlicha. Kiyim-kechak masalasida aql bilan ish tutib, Allohga taqvo qilinsa, odamlarga ko‘z-ko‘z qilish va moda ortidan quvish chetga surib qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ayollarga nafaqa berish, ularga yaxshi munosabatda bo‘lishning bir qismidir. Bundan tashqari, ochiq chehra bilan muomala qilish, yaxshi gaplar bilan ko‘nglini olish erning vazifasi hisoblanadi.
Erning zimmasida ayolini taom va kiyim bilan ta’minlash majburiyati bor ekan, o‘z navbatida, ayol zimmasida ham eriga itoat etish, xizmatini qilish vazifasi turadi. Modomiki, er o‘z vazifasini mas’uliyat bilan ado etar ekan, ayol eriga itoatsizlik qilmasligi, hurmatini saqlashi lozim. Aks holda, er ba’zi choralarni qo‘llashga majbur bo‘ladi.
“Yuziga urmaysan, qattiq so‘kmaysan va uydan boshqa joyga hijron qilmaysan”. Ayoldan itoatsizlik, xatolar sodir bo‘lganida, er qo‘pollikka yo‘l qo‘ymagan, ko‘nglini qoldirmagan holda uni isloh qilmog‘i, odob bermog‘i kerak. Dastlab nasihat qilib noto‘g‘ri ish qilayotganini tushuntiradi. Bu uslub kor qilmasa, ayoli bilan bir to‘shakda yotmay, hijron qiladi. Ya’ni, shu yo‘l bilan er ayolidan norozi ekanini bildiradi. Agar bu ham foyda bermay, ayol itoatsizlik etaversa, er ba’zi tarbiya uslublarini, choralarini qo‘llaydi: jarohat yetmaydigan, azob bermaydigan qilib yuzidan boshqa joyiga urishi mumkin. Albatta, bu uslub siyosat ma’nosidagi chora, xolos. Ayolni azoblash, tahqirlash, xo‘rlash mutlaqo nazarda tutilmagan. Chunki boshqa bir hadisda ayolini (azoblash, tahqirlash, xo‘rlash ma’nosida) urishdan qaytarilgan.
Hurmuhammad NURBOYEV
Toshkent islom instituti “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi mudiri.
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov