Bugun, 16 dekabr kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchilik qildi.
“Tepa” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi masjidlar imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj-2024” ziyoratchilari, MFYlar raislari ishtirok etdi.
Majlisda Zayniddin domla Eshonqulov kun davomida amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z yuritib, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlarini tushuntirdi.
So‘ngra ishchi guruh a’zolari tumandagi muammoli va ehtiyojmand oilalarga kirib, hol-ahvol so‘radilar. Ularning taklif, fikr, mulohazalarini tingladilar. Xususan, imom-xatiblar 7 toifaga mansub 103 ta oilaga, otinoyilar 5 toifaga mansub 25 ta oilaga, umumiy hisobda 128 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib bordilar.
Notinch bo‘lib turgan 13 ta oila o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Muammoning asl sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi. Nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 38 ta oilalarga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, sovg‘a-salomlar berildi, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.
Tadbir doirasida “To‘qaytepa” jome masjidi imom-xatibi Mamadaliyev Sa’dullo tashabbusi bilan saxovatpesha homiylar ko‘magida “Alisherobod” mahallasida istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan, uy-joyga ehtiyoji bor 3 farzandli yolg‘iz ayol Qurbonova Iroda oilasiga mahallada qad rostlagan ko‘pqavatli uylardan ikki xonali xonadon xayriya sifatida hadya qilindi
Homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmandlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari tarqatildi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi.
Shu kuni Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, yig‘ilgan qavmga dolzarb mavzularda ma’ruza qilib berdilar.
Shuningdek, Ishchi guruh a’zolari tumandagi imom-xatiblar faoliyatini o‘rganishdi. Jumladan, nizom asosida ish va hujjat yuritish, jamoani boshqarish, masjidni ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash jihatlari ko‘rib chiqildi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Mirzo Ulug‘bek tumani imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati