Inson o‘ziga baho berishda to‘rtta jihatga alohida e’tibor berishi kerak:
• Moddiy baholash (qiz bolaning kiyim-kechaklari, taqinchoqlari va hokazo);
• Qobiliyatni baholash (muhim ishlarni qila olish. Masalan, darslarni o‘zlashtirish, ovqat pishirish, bozorlik qilish, oilani asrash va shunga o‘xshash hayotiy muvaffaqiyatlar);
• Ijtimoiy munosabatni baholash (oilaviy aloqalar, do‘stu birodarlar, hayotda muhim o‘rin tutadigan insonlar bilan aloqa);
• Allohga munosabatni baholash (ibodatlar, Allohga yetishishga tayyorgarlik).
Inson o‘ziga baho berishda mana shu jihatlarning hammasini e’tiborga olishi kerak. Birgina jihatini e’tiborga olib, o‘ziga baho berishi mutlaqo noto‘g‘ri. Masalan, bir qizning ijtimoiy aloqalari, hayotda tutgan o‘rni, mavqei – hammasi joyida, lekin tashqi ko‘rinishi unchalik jozibador emas. Bechora qiz «Hamma narsani tashqi ko‘rinish hal qiladi» deb biladi. Shuning uchun o‘ziga nihoyatda yomon baho beradi. Baxtga erishtiradigan juda ko‘p narsalarga ega bo‘lsa-da, o‘zini baxtsiz his qiladi.
Endi boshqa bir qizni olaylik. U nogiron, lekin o‘ziga yuqori baho beradi, chunki o‘zidagi afzalliklarning barchasini ko‘ra oladi. A’zolaridan yo‘qotganlarini ibodatlar bilan to‘ldiradi. Ruhiyatidagi kemtiklarni go‘zal ijtimoiy aloqalar bilan to‘yintiradi. Shuning o‘zi unga taqdirdan rozilik, baxt-saodat tuhfa qiladi.
Bu hadis – baxtli oila qurish tamoyillaridan biridir. Bu hadis erkaklarga o‘z ayoliga odilona munosabatda bo‘lishni o‘rgatadi, ayollarga ham o‘z eriga qanday munosabatda bo‘lishni ko‘rsatib beradi. Har ikki tomon juftining yaxshi xislatlarini ko‘rishga harakat qilsin. Yoqtirmaydigan biror fe’li bo‘lsa, shu sababli juftidan nafratlanmasin, darhol uning yaxshi taraflarini ko‘z oldiga keltirsin. Shunda tinchlanib, qalbiga osoyishtalik kiradi, natijada bu oila saodat qasriga aylanadi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, qiz bola o‘ziga, hayotiga go‘zal uslubda yondashishi kerak. O‘zida biror yoqimsiz jihatni ko‘rsa, bundan boshqa, hayotini go‘zallikka to‘ldiradigan ko‘plab yaxshi taraflari borligini yodga olsin. Shunda albatta baxtli bo‘ladi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati