Kuni kecha Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlardan biri – ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan keng ko‘lamli yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar xalqimiz, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami orasida juda katta qiziqish uyg‘otdi, chunki ular sohada shu kungacha amalga oshirilgan ishlar, kelgusida amalga oshirilishi belgilangan vazifalar, ularni yanada takomillashtirish, rivojlantirish hamda yordamga muhtoj kishilarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, munosib hayot kechirishi uchun har taraflama shart-sharoitlar yaratishga qaratildi.
Ulug‘ bobomiz Hazrat Mir Alisher Navoiyning odil podshohlar haqida: “Ba’zilar saxovatli va himmatli podshohlarni qora tuproq ustiga durlar sochib, tikandan gullar undiruvchi bulutlarga o‘xshaturlar”, – deb aytganlar. Darhaqiqat, mamlakatda olib boriladigan odil siyosat tufayli jamiyat hayotida ulkan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Buni keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Ma’lumki, ijtimoiy himoya zamirida jamiyatda shakllantiriladigan insonparvarlik tushunchasi mujassam. Zero, har bir jamiyatda mustaqil holda o‘z hayotini ta’minlay olmaydigan, ya’ni jamiyat yordamiga muhtoj bo‘lgan kishilar mavjud bo‘ladi. Shuning uchun ularning dardini anglash hamda ularga amaliy va ma’naviy yordam qo‘lini cho‘zish barchamiz uchun ham farz, ham qarzdir. Bu haqda muqaddas kitobimiz Qur’oni karimda juda ko‘p ta’kidlar mavjud. “Baqara” surasi 3-oyati fikrimizning yorqin dalilidir: “Ular g‘aybga iymon keltirurlar, namozni to‘kis ado eturlar va Biz ularga bergan rizqdan nafaqa qilurlar”.
Demak, mo‘min kishining eng ulug‘ sifatlaridan biri muhtojga ko‘maklashishdir. Mamlakatimizda bu xayrli ish juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida ijtimoiy himoya sohasida yildan yilga ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Yig‘ilishda xuddi shu jihatlar tilga olinib, O‘zbekiston – ijtimoiy davlat ekanligi, hamda bu tamoyil Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilganligi va shu asosida mehr va ko‘mak tizimi aholiga tobora yaqinlashtirilayotganligi aytib o‘tildi. Barcha hududlarda “Inson” markazlari ochilib, mahallalarda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganligi, ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, minglab muhtoj odamlarga yordam ko‘rsatayotgani, keyingi paytlarda nogironlikni belgilash ishlari ancha soddalashtirilib, 26 ming nafar nogiron kishiga zarur protez berilganligi, yotib qolgan yolg‘iz keksalarga uyida parvarish tashkil etilayotganligi, nogironligi bor bolalarning bog‘cha-maktablarga joylashtirilganligini bu sohada amalga oshirilgan xayrli ishlar sifatida tilga olib o‘tildi. Yig‘ilishda tilga olingan bu raqamlar shunchaki hisobot emas, ularning har biri ortida minglab jamiyat ko‘magiga muhtoj kishilar taqdiri, minglab oilalarning quvonchu shodliklari mujassamdir. Alisher Navoiyning quyidagi baytini eslash o‘rinlidir:
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay...
Bu bejiz emas, albatta. Zero, ulamolar ta’kidlashicha, inson qalbi Yaratganning nazargohidir. Bir g‘amga to‘lgan ko‘ngilni obod etish, ya’ni unga shodlik ulashish, Ka’ba vayron bo‘lsa, uni qayta tiklab, Allohning roziligini topish bilan barobardir. Bu o‘rinda yana shuni ham unutmaslik kerakki, muhtojga yordam qo‘lini cho‘zgan kishilar ularning duosi tufayli ulkan savobga erishadi va natijada o‘zlariga ham naf yetadi, ya’ni Alisher Navoiy hazratlari ta’kidlaganlariday:
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur...
Xalqqa naf yetkazish, muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy himoya sohasini yanada rivojlantirish, yig‘ilishda aytib o‘tilgan ishlarni amalga oshirish hukumatimizdan, soha xodimlaridan juda katta mas’uliyat, milliardlab mablag‘lar talab qilishi tabiiy hol, albatta. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bu nafaqat davlat va soha xodimlari, balki kimgadir yordam ko‘rsatishga qodir bo‘lgan har birimizning zimmamizdagi ishdir.
Allohga behad hamdu sanolar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, turmushimiz farovon. Shu bois har kuni yuzlab to‘ylar va boshqa marosimlar bo‘lib o‘tmoqda. Ulardagi to‘kin-sochin dasturxonni ko‘rib, shukronalar aytamiz, lekin shu bilan birgalikda yana bir holat kishini o‘ylantiradi. Shu o‘rinda yana Hazrat Navoiyga qaytishni lozim topdik. Tarixdan ma’lumki, ulug‘ shoirimizning butun hayoti muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bilan ziynatlangan. U zotning sa’y-harakatlari, bevosita sarflagan mablag‘lari tufayli o‘sha paytda mamlakatda obodonchilik ishlari avj olgan, Hirot ilm-fan, adabiyot va san’at markaziga aylanib, turli sohalarning o‘nlab vakillari ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan va ijod qilganlar. Biz bugun muhtojlarga ko‘rsatishi kerak bo‘lgan xayru ehson haqida o‘ylar ekanmiz Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” (“Yaxshilarning hayratlanishi”) asaridan olingan quyidagi misralarni siz aziz o‘quvchilarga taqdim etishni lozim topdik. Hazrat saxovat haqida gapirar ekanlar, qilinilayotgan har bir ish ham saxiylik emasligini ta’kidlab shunday deb yozadilar:
Yoyar anga supraki, ul och emas,
Berur anga to‘nki, yalang‘och emas.
Ot anga tortarki, yuz ilqisi bor,
Sim anga berurki, yuz ilg‘isi bor...
Shoirning fikricha, qorni to‘qqa dasturxon yozish, usti butga to‘n kiygizish, yuz oti borga yana ot hadya qilish, yuz ilg‘isi (mol-dunyosi) borga sim (pul) berishni saxiylik sifatida baholab bo‘lmaydi. Shuningdek, shoir tamagirlik bilan, nimadir qaytarib olish maqsadida yozilgan dasturxonning sohibini ham saxovatli demaslikka chaqiradi. Biz bugungi to‘y-tomosha, ma’rakalardagi noz-ne’matlar bilan to‘lib toshgan dasturxon atrofida o‘tirgan kishilarni ko‘rib, aynan yuqorida aytilgan so‘zlarning guvohi bo‘layotganimiz hech kimga sir emas.
Demak, xalqqa dasturxon yozishdan, kimgadir yordam qo‘lini cho‘zishdan maqsad bunday bo‘lmasligi kerak. Bugun, afsuski, ko‘pchiligimiz o‘zimizni ko‘rsatib qo‘yish, boshqalardan kam emasligimizni bildirish kabi mutakabbirlik bilan mol-dunyoni sochish va “saxiylik” qilishga odatlanib qolganmiz. Yig‘ilishda aytilishicha, kelasi yil 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarur ekan. Agar biz to‘y va ma’rakalarimizni tom ma’nodagi saxovat tadbiriga aylantirsak, qaysidir yordamga muhtoj kishilarning ko‘nglini ko‘ratib, obod qilsak, jamiyatimizda yuqorida keltirilgan muhtojlar soni keskin kamayib ketar edi.
Yig‘ilishda aytilgan gaplardan meni o‘ylantirgan yana bir holat haqida ham fikr bildirishni lozim topdim. Unda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda og‘ir vaziyatga tushib qolgan bo‘lsa-da, o‘zida kuch topib, hayotini o‘zgartirgan matonatli insonlar oramizda ko‘p ekan. Bizning atrofimizda, yashab turgan hududimizda ham shunday kishilar topiladi. Ularni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatishimiz, o‘z vazifamizdan kelib chiqqan holda aholi bilan bo‘layotgan suhbatlarimizda ularning tom ma’nodagi qahramonliklari haqida ham gapirishimiz kerakligini anglab yetdim. Chunki sir emas, bugun to‘rt muchasi soppa-sog‘, lekin nafaqa undirish ilinjida idorama-idora yurib, o‘zini bechora qilib ko‘rsatishga odatlanib qolgan “muhtojlar” ham yo‘q emas.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nutqlari yig‘ilishda ishtirok etganlarda juda katta taassurot qoldirdi va ko‘pchilik unga o‘z munosabatini bildirdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining chiqishi ham ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olindi. U kishining, ayniqsa, “Odamlarning ko‘ziga yosh, qalbiga xursandchilik keltirgani Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil qilinishi bo‘ldi. Bu – Insof agentligi”, – degan gaplari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Darhaqiqat, muhtojlarga yordam berish, eng avvalo, imonli va insofli kishilarning fazilati. Zero, har bir ezgu ish insofdan boshlanadi. So‘zimni yakunlar ekanman, Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamning bugungi mavzumizga oid quyidagi hadislarini eslashni va sizlarga eslatishni lozim topdim:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqatlaridan bir mashaqqatni aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxirat ishlarini yengillatadi”. Bas, shunday ekan, barchamiz nabiyimizning bu o‘gitlariga amal qilib, muhtojlarga ko‘mak berib yashashga odatlanaylik. Zero, bunday yaxshilik bilan xulqlanish biz mo‘minlar uchun eng zarur fazilatdir.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, Qur’on matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham ma’lumotlar taqdim etilishi kutilyapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasi bo‘yicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qo‘lyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Zalda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi to‘plangan bo‘lib, bu yurtimizda Qur’onga bo‘lgan hurmat va e’tiborni namoyon etadi. Qo‘lyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:
- “Katta Langar Qur’oni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qo‘lyozmalardan biri;
- Hazrati Usmon Qur’oni — Qur’onning ilk nashrlaridan biri bo‘lib, islom olamida muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, boshqa davrlarga oid ko‘plab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qo‘lyozmalar namoyish qilinadi. Bu qo‘lyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ularni o‘rganish orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Muhokamada Qur’on zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qo‘llash, ya’ni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:
interaktiv ekranlar – har bir qo‘lyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini ko‘rib chiqish imkoniyati;
audiogidlar (ovozli yo‘lboshchilar) – har bir eksponat haqida o‘zbek, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar tinglash imkoniyati;
virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qur’on zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;
Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qo‘lyozmalarni zarar yetkazmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.
Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qur’on nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va san’at darajasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishadi.
Mazkur zal faqat ko‘rgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham bo‘ladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.
Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar bo‘limi boshlig‘i, olim:
– Qur’oni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qur’on matni qanday saqlanib qolganini ko‘rsatadi va o‘rganishimizga zamin yaratadi. Qur’on zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.
Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, ma’naviyat va bag‘rikenglik markazi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qur’on zali esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
cisc.uz