Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kelinlikka nomzod ham, kuyovlikka nomzod ham surishtirib bo‘lindi. Sifatlari, dinu diyonati, odob-axloqlari va odamgarchiligi o‘rganildi. Ana shu ma’lumotlarga qarab, oila qurishga niyat qilinadi.
Islomda yuqoridagi ikki uslub ham noto‘g‘ri hisoblanadi. Bir-birini ko‘rmasdan oila qurish yaxshi emas. Bir-birini ko‘rmagan kishilar yuz ko‘rishganlarida bir-birlariga yoqmay qolishlari ham mumkin. Ikkinchidan, sifatlari surishtirilganda boshqa odam ko‘rsatilib, nikohga boshqasini olib kelish xavfi ham bor. Boshqa odamning suratini ko‘rsatib, tamoman o‘zga kishini nikohlamoqchi bo‘lganlar ham topiladi. Shuning uchun oila qurmoqchi bo‘lgan ikki taraf nikohdan avval bir-birini ko‘rishgani ma’qul.
Lekin bu ko‘pchilik orasida keng tarqalgan «Oila qurmoqchi bo‘lgan yoshlar bir-ikki yil sinashib, keyin nikohdan o‘tishlari kerak», degan gaplarni tasdiqlash emas. Mazkur «sinash» davri qanchalik uzoq davom etmasin, har ikki tomon ham maqsaddagi sinovga erisha olmasligini tajriba isbot qilmoqda.
Sinashib turmush qurganlarning oilasi tezroq va ko‘proq buzilishini hamma ko‘rib, bilib turibdi. Chunki har ikki taraf ham «sinash» davrida o‘z kamchiliklarini berkitishga, o‘zida yo‘q fazilatlarni ham bor qilib ko‘rsatishga jon-jahdi bilan urinadi. Oqibatda ikki tomon ham bir-birini aldaydi, bir-biriga «farishta» bo‘lib ko‘rinadi. Lekin qalbakilik umr bo‘yi davom etishi mumkin emas. Nikohdan keyin ikki tomon ham tezda o‘zining haqiqiy basharasini ochadi. So‘ngra kelishmovchiliklar chiqadi va oila buziladi. Faqat «sinash» davridagi harom-xarish yurish, gunoh, ba’zi hollarda zino, zinodan ortgan farzand qoladi, xolos.
Shuning uchun ham Islomda bu ishga ruxsat berilmaydi. So‘rab-surishtirsin, shariat belgilab bergan doirada ko‘rib, o‘rgansin, shuning o‘zi yetarli bo‘ladi. Bu masalaga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari qiziqtirganlar, tavsiya qilganlar. Shuning uchun ham barcha hadis kitoblarimizda va ko‘pgina fiqh kitoblarimizda sovchilik paytida bir-birini ko‘rish haqida alohida boblar bor.
Albatta, bu vaziyatda faqat ko‘rish haqida gap ketmaydi. Balki bugungi kun ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, sovchilik paytida kuyovlikka va kelinlikka nomzod shaxslarning huquq va odoblari haqida so‘z boradi.
Kuyovlikka nomzodning huquq va odoblari.
Sovchilik nikoh emas, shuning uchun ham sovchilik qilayotgan, kuyovlikka nomzod shaxs kelinlikka nomzodga nisbatan begona va nomahram sifatida qoladi. Bu paytda ushbu holatni zinhor unutmaslik zarur.
Ushbu muhim omilni hisobga olgan holda, kuyovlikka nomzodning huquq va odoblari quyidagilardan iborat:
Kuyovlikka nomzod kelinlikka nomzod bilan uchrashib, unga nazar solishga haqli.
قَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: كُنْتُ عِنْدَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَأَتَاهُ رَجُلٌ فَأَخْبَرَهُ أَنَّهُ تَزَوَّجَ امْرَأَةً مِنَ الْأَنْصَارِ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: أَنَظَرْتَ إِلَيْهَا؟ قَالَ: لَا، قَالَ: فَاذْهَبْ فَانْظُرْ إِلَيْهَا، فَإِنَّ فِي أَعْيُنِ الْأَنْصَارِ شَيْئًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ.
«Abu Hurayra roziyallohu anhu:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edim. Bir kishi u zotning oldilariga kelib, ansoriylardan bir ayolga uylanmoqchi ekanligini xabar qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Unga nazar soldingmi?» dedilar.
«Yo‘q», dedi u.
«Bor! Unga nazar sol! Ansoriylarning ko‘zlarida bir narsasi bo‘ladi», dedilar», dedi».
Muslim va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Demak, uylanmoqchi bo‘lgan odam o‘zining bo‘lajak umr yo‘ldoshiga qarashi, hatto ko‘zidagi farqni anglashi ham joiz ekan. Shuningdek, shunga o‘xshash maslahatlar berish ham joiz ekan.
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: إِذَا خَطَبَ أَحَدُكُمُ الْمَرْأَةَ فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ يَنْظُرَ إِلَى مَا يَدْعُوهُ إِلَى نِكَاحِهَا فَلْيَفْعَلْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالشَّافِعِيُّ وَالْحَاكِمُ وَصَحَّحَهُ.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Birortangiz biror ayolga sovchi qo‘ymoqchi bo‘lsa-yu, uni (o‘sha ayolning) nikohiga chorlovchi narsaga nazar solishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin», dedilar».
Abu Dovud, Shofe’iy va Hokim rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan.
Demak, uylanishdan oldin o‘zining bo‘lajak umr yo‘ldoshiga nazar solish joiz ekan.
Boshqa hadislarda sahobalarning o‘zlari uylanmoqchi bo‘lgan qizlarga sunnatga amal qilgan holda qanday nazar solganliklari, uni yoqtirib, so‘ngra uylanganliklari haqida so‘z ketgan.
عَنِ الْمُغِيرَةِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ خَطَبَ امْرَأَةً، فَقَالَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم: انْظُرْ إِلَيْهَا، فَإِنَّهُ أَحْرَى أَنْ يُؤْدَمَ بَيْنَكُمَا. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَحَسَّنَهُ.
Mug‘iyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi bir ayolga sovchi qo‘ymoqchi bo‘lganida Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Unga nazar sol, chunki bu orangizni bardavom qilish uchun kerakdir», dedilar».
Nasaiy va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziy hasan, degan.
Demak, shariatda bo‘lajak umr yo‘ldoshini bir ko‘rishga ruxsat berilganligining hikmati bir-birini yoqtirib, munosib ko‘rsa, ko‘ngli tortsa, keyin turmush qurish uchundir. Lekin bunday shakldagi nazar solishning, bir-birini ko‘rishning ham o‘ziga yarasha odoblari bor.
Avvalo, mazkur ko‘rish unashtirilishdan avval bo‘ladi. Shuning uchun bu ishda juda ham ehtiyot bo‘lish zarur. Ko‘rish oqibatida turli-tuman gap-so‘zlar tarqalmasligi kerak. Hatto bir-birini o‘ziga mos emas deb topilganda ham, yoqmay qolgan tarafning sha’niga tegadigan gap-so‘zlar tarqab, xafa qiladigan ish bo‘lmasligi lozim. Ushbu ko‘rishdan keyin ma’qul topilsa, unashtirish, bo‘lmasa, gap-so‘zsiz qolaverish kerak.
Ikkinchidan, mazkur ko‘rishish, tanishishning ba’zi nozik taraflari vakil vositasida yoki shaxsiy ishtirok bilan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, bo‘lajak kelin ham kuyovni ko‘rish, uni yaqinroqdan tanish uchun o‘z vakilini yuborishi mumkin. Oila qurish niyatidagi kishilarning bir-birlari bilan bevosita ko‘rishishlari shariat hukmiga binoan o‘tishi kerak. O‘zlari xilvatda yolg‘iz qolishlari mumkin emas. Mahramlardan biror kishi ular bilan birga bo‘lishi shart. Yigit qizning yuziga, ikki qo‘liga nazar solsa bo‘ladi. Hanafiy mazhabida «qadamiga ham» deyilgan. Yuz – jamolning oynasi, undan kishining chiroyi haqida to‘liq xulosa chiqarish mumkin. Qo‘ldan esa badanning boshqa qismlari haqida, masalan, oriq-semizlik kabi holatlarni bilish mumkin. Harakati, yurish-turishi, qad-qomati haqida shunday ham tasavvur olsa bo‘laveradi.
"Baxtiyor oila" kitobidan
Tushkunlik qondagi kortizol miqdorining kamayib ketishiga olib keladi, g‘azab esa qonda adrenalin va tiroksin miqdorining keskin oshishiga sabab bo‘ladi. Agar inson qattiq g‘azablanish, tashvish, uyqusizlik va tushkunlik holatiga tushsa, u osongina oshqozon yarasi, diabet, ichaklarning qisqarishi, qalqonsimon bez kasalliklari va yurak xuruji kabi kasalliklarning qurboniga aylanadi. Bu kasalliklarning yagona davosi esa, mehr-muhabbat ko‘rsatish, xushhollik kayfiyatini uyg‘otish, kengbag‘rlik va sofdillikdir.
Mustafo Mahmud "Qur’oniy yangi psixologiya" kitobida bunday yozadi: "Islomda ruhiy muolajaning eng yuqori cho‘qqisi zikr bo‘ladi. Bu - qalb, til, a’zolar, xulq-atvor va amallar bilan Alloh taoloni zikr qilmoqdir.
U har so‘z va ishda, doimiy va uzoq vaqt Hazrati ilohiyni eslashdir.
Shifo, himoya, omonlik va xotirjamlik zikrdadir.
Chunki zikr banda bilan Parvardigor o‘rtasida uzilgan rishtalarni ulaydi. Nafsni ayrilib qolgan manbasiga bog‘laydi. Ishni Egasiga topshiradi.
Zero, bu borliqda nafsning ayblarini Yaratgandan ko‘ra biluvchiroq va muolajasiga qodirroq hech kim yo‘qdir".
Darhaqiqat, nafl namozlar, Qur’on tilovati va "Astag‘firulloh", "Subhanalloh", "Alhamdulillah", "Allohu akbar" kabi so‘zlarni aytish zikr deyiladi.
Yanada kengroq aytilsa, har amalni bajarishda Alloh taoloni yodda tutish - zikr.
Masalan, ovqatlanganda, yurganda, o‘tirganda, savdo qilganda Allohni yodga olinadigan turli zikrlar hadis kitoblarida keladi.
Mustafo Mahmudning mazkur so‘zlariga amal qilib ko‘ring, ruhiy tushkunlik qanday yo‘qolishiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Mustafo Mahmudning "Sirlar olami" kitobidan