Bismillahir Rohmanir Rohiym
MASKAT, 18 dekabr. /"Dunyo" AA/. O‘monning "Asdaa Oman" elektron gazetasida O‘zbekistonning zamonaviy madaniyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada milliy san’atni asrab-avaylash, yosh avlodni uning go‘zalligida tarbiyalash va madaniyatni rivojlantirish ijtimoiy hayotning ajralmas qismi sifatida O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy elementlari ekanligi ta’kidlanadi.
Madaniyat va san’at sohasidagi ta’limni rivojlantirish, professional ta’lim tizimini takomillashtirish hamda ushbu omillarning jamiyat ma’naviy uyg‘unligini ta’minlashga ta’siri haqida ma’lumotlar keltirilgan.
O‘zbek xalqining boy madaniy merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgani ta’kidlandi. Xususan, madaniy meros elementlarini raqamlashtirish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va targ‘ibotni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlar xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga aylangani e’tirof etilgan.
"Bu nafaqat zaruriyat, balki oliy maqsad hamdir - ushbu jarayonning ijobiy tomonlaridan foydalanish va o‘zbek madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlarini jahon maydonida namoyish etish millat taraqqiyotining muhim mezoniga aylanadi", - deya xulosa qiladi "Asdaa Oman" gazetasi.
Alloh taolo aytadi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlardan ilgari yashab o‘tgan bir kishini takabburlik bilan izorini sudrab yurganida yer yutdi. U qiyomat kunigacha yer (qa’ri)ga kirib ketaveradi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshligimizda ustozlar kishining kibrli yo unday emasligini donga to‘la boshoqning egilishi, donsiz boshoqning esa xuddi kibrlanganday tik turishi misolida tushuntirishgandi. Katta bo‘lib angladikki, ustozlarning maqsadi boshoq misolida kibrlanmaslikni ko‘z oldimizda qoldirish bo‘lgan ekan. Negaki, mutakabbirlikning oqibati juda ayanchli bo‘larkan.
Amr ibn Shuaybning bobosidan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qiyomat kunida mutakabbir kimsalar odam suratidagi chumolilarga o‘xshash holda qayta tiriladi. Ularni har tomondan xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi “Bulus” deb nomlanadigan zindonga haydaladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Kibrning sabablari turlichadir. Masalan, biror sohani o‘zlashtirgan, kerakli mutaxassisga aylangan odam o‘zini olim, boshqalarni johil sanab, nasihatni qabul qilmay qolishi, kimdir ota-bobolarining oliy nasabi bilan faxrlanib, o‘zgalarni nasabi past, deb bilishi, kimdir esa mol-dunyo tufayli g‘ururga ketishi mumkin. Yana chiroy, quvvat kabi ne’matlar ham shular jumlasidan. Ko‘plar shu sabablar tufayli “Boshqalardan ustunman”, deb o‘ylashadi. Vaholanki, Alloh bandaning chiroyiga, nasabiga, boyligiga emas, qalbiga, qilayotgan niyati va amaliga qaraydi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi ilm o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamagach:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi, dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli, – debdi. Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim. Lekin huzurimga kelgan paytingda "bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor", deya kibrlanding. O‘sha qarashing haliyam ketmadi. Men bo‘sh idishni to‘ldiraman, deb javob qilibdi.
Mol-davlatga kibrlansangiz, demak faqirsiz. O‘zingizni boshqalardan ustun ko‘radigan bo‘lsangiz, har qancha ilmingiz bo‘lmasin, johilsiz. Kishini zulmga, tug‘yonga soladigan kuch-quvvat aslida zaiflikdir. Haqiqiy boylik, martaba va ilmni tavozeli insonlardan topasiz!
Ja’farxon So‘fiyev,
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi
“Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi