Shu yil, 18 dekabr kuni Farg‘ona viloyati vakilligida shahar-tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev olib bordi. Unda joriy yil davomida soha xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda imomlar tomonidan ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani, imom-xatiblar shariat xodimi sifatida xalqimiz diniy ehtiyojini qondirish va xayriya ishlarini keng ko‘lamda ado etayotganlarini e’tirorf etilishi bilan birga ayrim imom-xatiblar faoliyatida kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgani, ular o‘zlarini isloh qilishlari kerakligi alohida qayd etildi. Ular o‘z ustilarida ishlashi, bilim va ko‘nikmalarini orttirishi, tajribali imomlar yosh imomlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashi, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda faol bo‘lishi hamda imomlar jamiyatda namuna bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Davlat rahbari raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda muftiy hazratlari tomonlaridan aytilgan fikrlar e’tirof etilib, odamlarga qalbiga xursandchilik kiritish, muhtoj va qiynalganga yordam berish ulkan savob ekanini bildirish barobarida imom-xatiblar bu borada ham faol va namuna bo‘lishlari aytildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.