Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir insonning hayotga qarashini, uning shaxsiyatini bilish uchun u yoki bu vaziyatda aytayotgan so‘zlariga, gapiga yarasha qilayotgan xatti-harakatlariga nazar tashlashning o‘zi kifoya. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Islom tarixidagi o‘zi aytgan so‘zlariga amal qiluvchi eng sodiq insondir.
Binobarin, u kishi nafaqa qilishni yaxshi ko‘rishini aytgan, shuningdek, butun hayoti davomida bor boyligini Islom yo‘lida sarflagan. Mana, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning so‘zlarini o‘zingiz bir o‘qib ko‘ring:
«Bu dunyodagi menga eng suyukli narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlariga qarash, qizimning u zotga rafiqa bo‘lishi va mol-dunyomni u zot uchun sarflash buldi».
«Bu dunyoda uch narsani suydim: sizning yuzingizga qarash; siz uchun mol-dunyo sarflash, sizga vahiy qilingan Qur’onni o‘qish».
«Biz Allohning saxovatli qulimiz».
«Agar mol infoq qilmaganlarda, qurol undan foydalana olmaydiganlarda, fikr qabul qilmaydiganlarda bo‘lsa, ishlar buziladi».
«Biz bir haromga tushib qolishdan qo‘rqib, yetmish (dan ko‘p) halolni tark etardik».
«Yaxshi ko‘ringan, lekin nihoyasi jahannam bilan tugaydigan yaxshilik yaxshilik emas. Yomon ko‘ringan, lekin nihoyasi jannat bilan tugaydigan yomonlik yomonlik emas».
«Allohga qasamki, men namoz bilan zakotni ajratadiganlarga («Namoz o‘qiymiz, zakot bermaymiz», deganlarga) qarshi albatta jang qilaman».
«Insonlar ikki toifaga bo‘linishini ko‘rdim. Kimdir dunyoni, kimdir oxiratni xohlaydi. Men esa Mavloni afzal ko‘rdim».
Katta boylikka ega bo‘lgan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu musulmon bo‘lganida qo‘lida qirq ming dirham bor edi. U bor-budini qullarni ozod qilish va Islomga yordam berish uchun sarfladi. Alloh yo‘lida hijrat qilgan paytda qo‘lida bor-yo‘g‘i besh yuz (ba’zi rivoyatlarda besh ming) dirham bor edi. Musulmon bo‘lgani uchun qiynoqlarga uchragan uchta joriya va to‘rtta qulni sotib olib, ozod qildi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishiga yer va har yili o‘n uch tonna (yuz vasaq) xurmo berishni tayinladilar. U kishi hijratdan keyin Madinada yana besh ming dirham sarmoya bilan yangidan tijorat qila boshladi. Madinaning chekkasida va shahar markazida uylari, Madina atrofidagi Xaybarda va Bahraynda yeri bor edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etgan yillari savdo qilish uchun Busraga borib, mollarini sotdi. O‘shanda Tabuk g‘azoti uchun to‘rt ming dirham xayr-ehson qildi, xalifalikni boshlaganida esa hamma mol-mulki va boyliklarini baytulmolga berdi.
Ibn Is'hoqning rivoyat qilishicha, hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu xalifa etib saylanganidan keyin bozorda boshiga kiyim qo‘yib sotib yurganida Umar ibn Xattob va Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhumo uchrab qolishgan. Ikkovlari unga:
«Musulmonlarga boshliq bo‘la turib, nega bunday qilib yuribsan?» deyishgan. Hazrati Abu Bakr:
«Ahli ayolimni qayerdan boqaman?» degan.
Ikkovlari: «Senga maosh tayinlaylik» deb, har kuniga yarimta qo‘y tayinlashgan».
Biroq bu mablag‘larning salmoqli qismi elchilar va mehmonlarga sarflangan.
Xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu baytulmolning ortiqcha daromadidan «ato» yoki «atiya» nomi bilan erkak, ayol, katta-kichikni ajratmasdan, barcha musulmonlarga teng miqdorda maosh ajratgan. U kishi xalifalikning birinchi yilida har bir kishiga yiliga 7,3 dirhamdan, ikkinchi yili esa yigirma dirhamdan tarqatgan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo‘lganidan keyin shaxsiy boyliklarining barchasini kambag‘allarga tarqatgan. Davlat maoshini olgan bo‘lsa-da, go‘yo oddiy odamdek, hatto ulardan ham faqirona hayot kechirgan. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan faqat bir sog‘in tuya, bir qul, bir parcha mato va sut sog‘ish uchun bir idish meros qolgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Alloh taolo u kishiga bergan dunyo ne’matlarini U Zot rozi bo‘ladigan ishlarga sarflagan.
«Millioner sahobalar» kitobidan
"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.
Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.
Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.
Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.
Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).
"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.
Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!
Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.
Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).