Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo taqvo qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Aslida esa, kim (Alloh) ahdiga vafo qilsa va taqvoli bo‘lsa, albatta, Alloh (bu kabi) taqvodorlarni sevadi” (Oli Imron surasi, 76-oyat).
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashuvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Alloh taolo yaxshilik qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).
Alloh taolo adolatli bandalarini yaxshi ko‘radi: “Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling! Albatta, Alloh odillarni sevadi” (Moida surasi, 42-oyat).
Alloh taolo har bir ishni go‘zal bajaruvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “(Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 195-oyat).
Alloh taolo sabrli bandalarini yaxshi ko‘radi: “Alloh (esa) sabrlilarni sevar” (Oli Imron surasi, 146-oyat).
Alloh taolo tavakkul qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Agar yuqorida zikr etilgan Alloh taolo yaxshi ko‘rgan bandalarining sifatlaridan birortasi sizda yo‘q bo‘lsa, noumid bo‘lmang! Unutmang! Alloh chin tavba qiluvchi bandalarini ham yaxshi ko‘radi: “Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Demak, Alloh taolo O‘zining sevgan bandalaridan bo‘lishmizga imkon bergan ekan, g‘aflatda qolmaylik, fursatni g‘animat bilib, gunohlarimizga tavba qilaylik! Shoyadki, Alloh taolo bizni ham O‘zining yaxshi ko‘rgan bandalari qatoriga qo‘shsa.
Allohim gunohlarimizni mag‘firat et! Sen gunohlarni kechiruvchi, mehribon va rahmli Zotsan. Sendan boshqa gunohlarni avf etuvchi Zot yo‘q!
Astag‘firulloh va atubu ilayh, Astag‘firulloh va atubu ilayh, Astag‘firulloh va atubu ilayh.
Davron NURMUHAMMAD
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD