Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Alloh meni yaxshi ko‘rishini bilishni istayman...

19.12.2024   1472   3 min.
Alloh meni yaxshi ko‘rishini bilishni istayman...

Bismillahir Rohmanir Rohiym


Agar Alloh Sizni yaxshi ko‘rishini bilmoqchi bo‘lsangiz, Alloh taolo yaxshi ko‘rgan bandalarining axloqlari haqidagi oyatlarni o‘qing!

Alloh taolo taqvo qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Aslida esa, kim (Alloh) ahdiga vafo qilsa va taqvoli bo‘lsa, albatta, Alloh (bu kabi) taqvodorlarni sevadi” (Oli Imron surasi, 76-oyat).

Siz taqvo qilyapsizmi? Tikanzorda yalang oyoq o‘zingizni tikandan saqlab yurganingizdek gunoh va ma’siyatlardan ham ehtiyot, uzoq bo‘lishga urinyapsizm?


Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashuvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).

Sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashyapsizmi?

 

Alloh taolo yaxshilik qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).

Siz yaxshilik qilyapsizmi?


Alloh taolo adolatli bandalarini yaxshi ko‘radi: “Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling! Albatta, Alloh odillarni sevadi” (Moida surasi, 42-oyat).

Siz barchaga birdek adolatli bo‘lyapsizmi?

 

Alloh taolo har bir ishni go‘zal bajaruvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 195-oyat).

Siz har bir ishingizni puxta ado etyapsizmi?


Alloh taolo sabrli bandalarini yaxshi ko‘radi: “Alloh (esa) sabrlilarni sevar” (Oli Imron surasi, 146-oyat).

Siz toat-ibodatlarni ado etishda, gunohlardan tiyilishda hamda musibatu sinovlarga sabr etyapsizmi?

 

Alloh taolo tavakkul qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).

Siz har bir ishingizda Allohga tavakkul qilyapsizmi?

 

Agar yuqorida zikr etilgan Alloh taolo yaxshi ko‘rgan bandalarining sifatlaridan birortasi sizda yo‘q bo‘lsa, noumid bo‘lmang! Unutmang! Alloh chin tavba qiluvchi bandalarini ham yaxshi ko‘radi: “Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).

Demak, Alloh taolo O‘zining sevgan bandalaridan bo‘lishmizga imkon bergan ekan, g‘aflatda qolmaylik, fursatni g‘animat bilib, gunohlarimizga tavba qilaylik! Shoyadki, Alloh taolo bizni ham O‘zining yaxshi ko‘rgan bandalari qatoriga qo‘shsa.

Allohim gunohlarimizni mag‘firat et! Sen gunohlarni kechiruvchi, mehribon va rahmli Zotsan. Sendan boshqa gunohlarni avf etuvchi Zot yo‘q!

Astag‘firulloh va atubu ilayh, Astag‘firulloh va atubu ilayh, Astag‘firulloh va atubu ilayh.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

26.12.2024   4711   4 min.
Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:

«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.

Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.

Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.

Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:

«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.

«Ha», dedi Suhayb.

Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:

«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:

«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.

«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.

Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.

Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.

Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.

Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.

Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.

So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.

Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».

Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.

Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.

U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi ayb­dor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi