Bismillahir Rohmanir Rohiym
Albaniya poytaxti Tirana shahrida Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA)ning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda kelasi yil o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan Islom birdamligi o‘yinlarining mezbonligi va tashkilotning kelgusidagi faoliyatiga oid masalalar ko‘rib chiqilmoqda. Yig‘ilishda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahri 2025 yilgi Islom birdamligi o‘yinlariga mezbonlik qilishi rasman tasdiqlandi. Bo‘lajak musobaqa 7-21 noyabr kunlariga belgilangan. Uning dasturidan 13 ta Olimpiya, 4 ta noolimpiya, 3 ta Paralimpiya va 1 ta milliy sport turi o‘rin olgan. Dasturga ko‘ra, bugun xalqaro tashkilotning Ijroqo‘m yig‘ilishi va Bosh assambleyasi o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi Islom birdamligi o‘yinlari 2022 yil Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston delegatsiyasi 56 ta davlat orasida 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan so‘ng faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan edi.
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati