Albaniya poytaxti Tirana shahrida Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA)ning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda kelasi yil o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan Islom birdamligi o‘yinlarining mezbonligi va tashkilotning kelgusidagi faoliyatiga oid masalalar ko‘rib chiqilmoqda. Yig‘ilishda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahri 2025 yilgi Islom birdamligi o‘yinlariga mezbonlik qilishi rasman tasdiqlandi. Bo‘lajak musobaqa 7-21 noyabr kunlariga belgilangan. Uning dasturidan 13 ta Olimpiya, 4 ta noolimpiya, 3 ta Paralimpiya va 1 ta milliy sport turi o‘rin olgan. Dasturga ko‘ra, bugun xalqaro tashkilotning Ijroqo‘m yig‘ilishi va Bosh assambleyasi o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi Islom birdamligi o‘yinlari 2022 yil Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston delegatsiyasi 56 ta davlat orasida 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan so‘ng faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan edi.
Shu yil 11 yanvar kuni Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Haj va umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari hamda Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar jadal rivojlanayotgani, Alloh taoloning mehmoni bo‘lgan ziyoratchilarga namunali xizmat ko‘rsatilayotgani alohida qayd etildi.
Ayniqsa, haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirilgani, keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajargani yuqori baholandi. Umra safarlari uchun cheklovlar olib tashlangani, qonuniy tartibga solingani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan yurtimizda haj va umra safarlari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkiliy tadbirlar, huquqiy asoslar, raqamlashtirish jarayonlari va o‘zbekistonlik ziyoratchilarning tartib-intizomi Saudiya tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, Tavfiq bin Favzon ar-Rabia so‘zining davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni e’tirof etish barobarida zaminimizdan nafaqat islom ulamolari, balki dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan Ibn Sino, al-Xorazmiy kabi buyuk mutafakkirlar, ilm-fan namoyondalari yetishib chiqqani va yurtdagi bugungi o‘zgarishlar yana mana shunday allomalar chiqishiga poydevor bo‘lishini ta’kidladi.
Muloqot yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari topshirdilar.
O‘MI Matbuot xizmati