Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Ceni Allohning azobidan qutqarib olaman

19.12.2024   7590   15 min.
Ceni Allohning azobidan qutqarib olaman

Bismillahir Rohmanir Rohiym

6. Muhammad Amin
(xalifalik davri: hijriy 193–198; milodiy 809–814)

Bu xalifaning to‘liq ismi: Muhammad Amin ibn Horun ar-Rashid. Uning onasi – Zubayda bint Ja’far ibn Mansur. Banu Abbos xalifalarining ichida ham otasi, ham onasi hoshimiylardan bo‘lgan yagona inson shudir. Muhammad Aminning otasi Horun ar-Rashid bay’at unga bo‘lishiga ahd qilgan, keyin ukasi Ma’mun bo‘lishiga qaror qilgan edi. Qosimni esa Iroqqa voliy etib tayinlagandi. Ma’mun mashriqqa – Xurosonga voliy bo‘ldi. Horun ar-Rashid ularning ikkisiga Makkada bay’at olgan va ikkovlarini ixtilof qilmaslik haqida qasam ichtirib, o‘sha yerda hozir bo‘lgan barcha kishilarni bunga guvoh qilgan edi. Shuningdek, bay’at haqida yozilgan vasiyqani Ka’bai mu’azzamaning ichiga qo‘ygan edi. Muhammad Aminning vaziri Fazl ibn Robe’ uni ig‘vo qilib, ukasi Ma’munni bo‘shatishga undadi. O‘zinnng o‘g‘li Musoga bay’at olishga qiziqtirdi va Muhammad Amin xuddi shunday qildi. U guvohlar oldida qilingan bay’at vasiyqasini yirtib tashladi. Shundan keyin Ma’mun unga qarshi chiqdi.

 

Hukmronlik uchun kurash va Muhammad Aminning yengilishi
(hijriy 195; milodiy 811)

Hijriy 195 yilda Muhammad Amin ukasiga qarshi urush qilish uchun ikkita lashkar yubordi. Ma’munning lashkarboshisi Tohir ibn Husayn ikkala lashkarni ham mag‘lubiyatga uchratdi. Hijriy 196 (milodiy 812) yilda yana boshqa yurish qilib, unda ham mag‘lubiyatga uchradilar. So‘ng Tohir Bag‘dod sari yurish boshlab, u yerni nihoyatda qattiq qamal qildi. Shundan keyin Muhammad Aminning odamlari uni tark etib, Ma’munning odamlari ko‘paya boshladi. Hijriy 198 yilda Ma’munning qo‘shini Bag‘dodga kirib bordi. Ikki taraf orasida shiddatli jang bo‘ldi. Nihoyat Muhammad Amin yengilib qochdi va shu yili qatl qilindi. Muhammad Amin lahv ishlarga berilgan, ov qilishga, o‘yin-kulgiga nihoyatda o‘ch odam bo‘lib, davlat ishlari uning uchun ikkinchi darajada edi. Tarix kitoblarida uning salbiy sifatlari haqida juda ko‘p xabarlar kelgan. Muhammad Aminning xalifaligi 5 yil davom etdi.


7. Abdulloh Ma’mun
(xalifalik davri: hijriy 198–218; milodiy 814–833)

Ma’mun laqabi bilan mashhur bo‘lgan bu xalifaning to‘liq ismi – Abdulloh ibn Horun ar-Rashid. Hijriy 170 yilning rabi’ul avval oyida tug‘ilgan. Uning onasi Marojil ismli asli cho‘ri ayoldir. Ma’mun hijriy 198 yil muharram oyida xalifa bo‘lgan.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, Horun ar-Rashid ikki o‘g‘liga – Aminga va keyinroq Ma’munga bay’at olgan edi.

Amin Abdulloh ya’ni Ma’munni xalifalikdan bo‘shatdi. Shundan keyin Abdulloh Ma’mun qonli, shafqatsiz jang olib bordi va o‘z vaziri Fazl ibn Sahlning qurgan tadbiri samarasi o‘laroq Aminni yengib, hijriy 198 (milodiy 814) yilda xalifalikni o‘ziga o‘tkazib oldi.

Xalifa Ma’munning davrida Baytul Hikmat o‘z rivojlanish pallasining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Ma’mun unga katta ahamiyat berdi, o‘zining had-hisobsiz mol-davlatini, vaqtini uning rivoji uchun sarfladi. Baytul Hikmatga uning o‘zi rahbarlik qilar, olimlarni o‘zi tanlar, boshqa taraflardan kitoblar olib keltirar edi.

Baytul Hikmat bir vaqtning o‘zida ham kutubxona, ham tarjima va ta’lif markazi, ham ilmiy tekshirishlar markazi, ham rasadxona sifatida xizmat qilar edi. U yerda ustozlar va talabalar yotoqxonasi, universitet binosi va maydoni, oshxona va boshqa zarur binolar mavjud edi.

Hijriy 656 (milodiy 1258) yilda ushbu ajoyib akademiya mo‘g‘ullar tomonidan kun-fayakun qilindi.

Ushbu o‘rinda Buyuk Britaniyada Jon Fozergil rejissyorligida «Es de Media» kompaniyasi tomonidan ishlangan «Sharq va Farb» deb nomlangan yetti bo‘limdan iborat filmning to‘rtinchi qismidan olingan Baytul Hikmat haqidagi iqtibosni e’tiboringizga havola etishga ijozat bergaysiz.

 

Doktor Rim Turkmaniy
(London imperial kolleji):

«Bu yerda musulmonlar, nasroniylar, yahudiylar, sobiiylar va boshqa olimlar yonma-yon ishlashgan. Turli maktab vakillari hamkorlik qilgan bu erkin ijodiy muhit ularga yangi-yangi kashfiyotlar qilish uchun barcha sharoitlarni muhayyo etgan».

Abbosiylar sulolasining intellektual madaniyat yaratish istagi nafaqat Islom saltanati, balki dunyoning barcha burchaklaridagi olimlarni o‘ziga jalb qilardi. Poytaxtning markazida xalifa asos solgan «Baytul Hikmat» («Hikmat uyi») nomli ulkan kutubxona joylashgan edi. Kinoning o‘zi allaqachonlar vayron qilingan, biroq ushbu kutubxona haqidagi ma’lumotlar bu yerdan 5000 kilometr g‘arbda saqlanib qolgan. Oksforddagi Bodli kutubxonasining arxivlarida saqlanib kelayotgan qo‘lyozmalarda qadimiy yunon hikmatlarini bag‘dodlik olimlar qanday qilib saqlab qolganlari bayon qilingan.

 

Professor Peter Adamson
(London qirollik kolleji):

«Qo‘limdagi kitob – Yevklidning «Ibtidolar» nomli asari nus'hasi. Bu matematika tarixida eng ulkan inqilob yasagan asarlardan biridir. Yevklid uni Qadimiy Yunonistonda, Arastu va Aflotun davrida yozgan. Uning sahifalarida chizmalar juda ko‘p, chunki bu Geometriyaga oid kitob. Qadimiy yunon olimlari uchun ham, zamonaviy olimlar uchun ham «Ibtidolar» kitobi ilmiy ijod namunasi bo‘lib, undagi bilimlar birlamchi asoslarga suyangan holda xosil qilingan. Biroq uning qizig‘i shundaki, Yevklid qalamiga mansub mazkur kitob nus'hasi yunon tilida emas, arab tilidadir. Bu qo‘lyozma o‘rta asrlarga oiddir. Uning tarjima nus'hasi IX asrda Bag‘dodda keng ko‘lamli ilmiy loyiha doirasida amalga oshirilgan. Abbosiy xalifalarning amriga muvofiq qadimgi yunon olim va faylasuflarining asarlari arab tiliga tarjima qilingan».

Abbosiy hukmdorlarning homiyligi ostida Bag‘dodda qadimiy yunon falsafasiga oid muhim asarlar qidirib topilib, rejali ravishda arab tiliga tarjima qilingan. Bu insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan ish bo‘lib, bir avlodning boshqa e’tiqoddagi avlod to‘plagan ilmu hikmatni keyingi avlodlar uchun saqlab qolishga urinishi edi.

 

Professor Peter Adamson
(London qirollik kolleji):

«Tarjimachilik harakati keng ko‘lamli loyiha bo‘lib, qo‘limizdagi ushbu asarning nus'hasi mazkur loyiha doirasida amalga oshirilgan muhim ishlardan biridir. Ushbu harakat qadimiy yunon ilmiy xamjamiyatiga oid vakillarning deyarli barchasi – matematiklar, astronomlar, musiqachilar va albatta faylasuflarning asarlarini to‘liq qamrab olgan edi. Eramizning IX asrida Yevropada Arastu, Galiley, Galen yoki Yevklidning asarlarini o‘qish imkoni yo‘q edi. U paytda ilm va falsafa arab dunyosida, xususan, Bag‘dodda taraqqiy topdi».

Tasavvur qiling, butun Bag‘dod va bugungi Yaqin Sharq hududi bo‘ylab yirik olimlardan iborat ko‘p sonli guruhlar tashkil qilingan. Olimlar bu guruhlarda kunning eng dolzarb mavzularini muhokama qilganlar, yirik ilmiy masalalar bo‘yicha bahs olib borganlar. Masalan, Arastuning «Metafizika»si yoki Galenning tibbiyotga oid qarashlari ustida ilmiy munozaralar olib borilgan.

Bag‘dodlik tarjimonlar butun jahon ilmi uchun yangi tilni barpo qilganlar. Arastuning falsafasi, Galenning tibbiyotga oid inqilobiy asarlari, Ptolemeyning astronomiyasi, Yevklidning «Ibtidolar»i, Pifagor geometriyasi... Endi bu asarlarni dunyo ahli yunon tilida emas, balki arab tilida o‘qir edilar.

Albatta, Bag‘dod faqat qadimgi yunon hikmatlari bilangina cheklanib qolmadi. Musulmonlar Hindistonda zamonaviy sonlar tizimini hamda yulduzlar harakatiga oid yangi ilmlarni o‘zlashtirdilar» (Iqtibos tugadi).

 

Hodisalar
Bag‘dod qo‘zg‘aloni

Ma’mun o‘ziga Husayn ibn Aliyning nabiralaridan hisoblangan Aliy ibn Muso Rizoni valiahd qilib, bay’at oldi. U bu ishni rofiziy mazhabiga mansub vaziri Fazl ibn Sahlning gapi bilan qilgan edi. Bundan qattiq g‘azablangan abbosiylar hijriy 201 (milodiy 817) yilda uni halifalikdan bo‘shatib, uning amakisi Ibrohim ibn Mahdiyga bay’at qilishdi. Shundan so‘ng Ma’mun Marvdan kelgan. U xalifa bo‘lganidan buyon o‘sha yerda qaror topgan edi. Amakisi Ibrohim ibn Mahdiy qochib ketdi, Aliy Rizo esa vafot etdi. Shundan so‘ng ishlar qaror topib, tinchidi. Bu voqealar hijriy 202 yilda bo‘lib o‘tdi.

 

Xurramiyya

Zindiqlar mazhabidan biri «xurramiyya» deb atalib, u Mazdakning fikrlarini qo‘llab-quvvatlovchilar, ularning davomchilari mazhabidir. Bu mazhab Xurram deb atalmish Fors shahriga nisbat beriladi. Xurramiylar barcha harom narsalarni muboh deb bildilar. Ularning eng mashhur boshliqlaridan biri Bobak Xurramiy ruhlarning bir-biriga ko‘chib yurishi aqiydasini targ‘ib qilar, ikki iloh – pur va zulmat ilohi borligini aytar edi. U hijriy 201 yilda qo‘zg‘alon ko‘tardi. Ular Hamadon va Isfahon shaharlarini egallab olishdi. Ma’mun o‘zining xalifalik davrida unga qarshi tinimsiz kurash olib bordi, lekin ishni oxiriga yetkazmay turib vafot etdi.

 

«Qur’oni Karim – maxluq» degan fitnaning tarqalishi

Ma’munnint xalifalik davrida, hijriy 218 (milodiy 833) yilda «Qur’oni Karim – maxluq, u Alloh tomonidan nozil qilinmagan» degan gap tarqaldi. Bu mu’taziliy mazhabining fikri bo‘lib, bu e’tiqodga Ma’mun ham iymon keltirdi. Ushbu munosabat bilan juda ko‘p ulamolar azob-uqubatga duchor etildi. Ularning ichida imom Ahmad nbn Hanbal rahmatullohi alayh ham bor edi.

Imom Ahmadning davri siyosiy va aqiydaviy ixtiloflar kuchaygan bir davr bo‘ldi. Ayniqsa, o‘sha paytda mu’taziliy mazhabi tarafdorlari hukumatga yaqin bo‘lib olib, ko‘p buzg‘unchiliklar qilishdi. Ularning o‘sha davrdagi boshliqlaridan biri Ibn Abu Dovud xalifa Ma’munni odamlarga «Qur’on – maxluq» deb majburlab ayttirishga urindi. Uning maslahati bilan xalifa Ma’mun voliylarga Ahli sunna val jamoa ulamolarini haqoratlab xat yozdi. Ularni hukumat qarorgohlariga olib kelib, «Qur’on – maxluq» degan gapni ayttirishga, buni bajarmaganlarni esa jazolashga amr qildi.

Musulmonlar ulkan fitnaga yo‘liqdilar. Islom aqiydasining buzilish xavfi tug‘ildi. Bag‘dodda imom Ahmad ibn Hanbal boshchiligida ulamolar bunga qattiq qarshilik ko‘rsata boshladilar. Ular ilmiy munozaralarda mu’taziliylarni sharmanda qilishar edi. Buni sezgan xalifa Ma’mun Bag‘dodning yettita atoqli olimini o‘z huzuriga yuborishni buyurdi. Ularni majbur qilib, e’tiroflarini oldi va hammaga e’lon qildi. Shu bilan imom Ahmadning qanotini kesmoqchi va shavkatini sindirmoqchi bo‘ldi. Lekin imom Ahmad bu fitnaga qarshi salobatli tog‘dek mahkam turdi. U kishi fitnachilarni halq orasida hujjat va dalillar bilan sharmanda qilib, dovdiratib qo‘ydi.

Shunda Ma’mun o‘zi turgan Turmus shahriga imom Ahmad ibn Hanbalni va u kishining sheriklari Muhammad ibn Nuhni yuborishni amr qildi. Olimlarning qo‘llarini kishanlab, behurmat qilib olib ketishdi. Ammo ular yo‘ldalik paytida xalifa Ma’mun vafot etdi.

Olimlarni kishanlangan hollarida Bag‘dodga qaytarishdi. Yo‘lda esa Ibn Nuh vafot etdi. Imom Ahmad u kishini o‘zi yuvib, janoza o‘qib ko‘mdi. Yangi xalifa tayin bo‘lgunicha imom Ahmadni qamab qo‘yishdi. Afsuski, yangi xalifa ham eskisining yo‘lini tutdi.

Akasi Ma’munning vasiyatiga amal qilgan xalifa Mu’tasim ham fitna yo‘lini davom ettirdi. Imom Ahmadni ikki yildan ortiq, aniqrog‘i, yigirma sakkiz oy qamoqda ushlab qiynashdi, ammo u kishining irodasini buka olishmadi. Ular imom Ahmadning e’tirofi ko‘pchilikning huzurida bo‘lishini xohlashar edi. Shuning uchun odamlarni to‘plab, xalifa Mu’tasim o‘zi chiqar va imom Ahmadni so‘roqqa tutar edi.

Gap bilan yenga olmasliklariga ko‘zlari yetgandan so‘ng kaltaklashga o‘tishdi. Har safar gap-so‘z foyda bermagandan so‘ng Imomni xushidan ketib qolgunicha darra bilan urishar, keyin esa ko‘tarib qamoqqa olib ketishar, bu hol ertasiga yana qaytadan boshlanar edi.

Bir kuni kaltak zarbidan xushidan ketayozgan Imomning qulog‘iga fitnaboshi Ibn Abu Dovud:

«Ey Ahmad, qulog‘imga «Qur’on – maxluq» deb qo‘ygin, seni xalifaning qo‘lidan qutqarib olaman», dedi.

Shunda imom Ahmad boshini zo‘rg‘a ko‘tarib:

«Ey Ibn Abu Dovud, qulog‘imga «Qur’on – Allohning kalomi, maxluq emas» deb qo‘ygin, seni Allohning azobidan qutqarib olaman», dedi.

Mazkur voqea xalifaning tavba qilishi, fitnaboshi Ibn Abu Dovud va uning sherigi Bashrul Muraysiyning boshi olinishi va imom Ahmadning g‘alabasi bilan tugadi. Bu buyuk imom musulmonlarning katta fitnadan qutulib qolishlariga sababchi bo‘ldi.

Ushbu buzuq e’tiqod davom etib kelib, xalifa Mutavakkilning davrida Ahli sunna e’tiqodi g‘olib bo‘ldi.
 

Fathlar

Abbosiylarning davrida fathlar juda ham kamayib ketgani, Banu Umayya davlatining oxirgi paytlariga kelib to‘xtab qolgani ham ma’lum. Ma’munning davrida oz bo‘lsa ham fathlar bo‘ldi, hijriy 202 (milodiy 818) yilda Daylamga tegishli Loz va Shizir kabi yurtlar fath etildi. Shuningdek, Nuba va Bujod yurtlari ham fath qilindi. Ma’mun askarlikka turklarni ola boshladi.

 

Valiahd tayin qilinishi

Ma’munning eng katta ishlaridan biri shu bo‘ldiki, u abbosiy xalifalar ichida birinchi bo‘lib tarix hodisalaridan to‘g‘ri xulosa chiqardi va xalifalikka o‘g‘illarga meros bo‘ladigan xos mulk deb qaramadi. Ma’mun xalifalikni oliy maqom deb bildi. U kishilarning baxt-saodati, farovon hayoti uchun xizmat qilishi kerakligini tushungan holda faoliyat olib bordi. Shuning uchun o‘g‘li Abbos ko‘zga ko‘ringan qo‘mondonlaridan bo‘lishiga qaramay, uni qo‘yib, ukasi Mu’tasimni valiahdlikka tayin qildi. Ma’mun o‘z o‘g‘lining shijoatli, shu ishga loyiq inson ekanligini yaxshi bilsa ham, uni valiahd qilmadi.

 

Ma’munnning vafoti

Xalifa Ma’mun hijriy 218 yilda vafot etdi. Uning xalifaligi 20 yil davom etdi.

 

Keyingi mavzular:

Abu Is'hoq Mu’tasim;
Horun Vosiq;
Ja’far Mutavakkil.

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fatvo berishga kim haqli

13.06.2025   6184   6 min.
Fatvo berishga kim haqli

Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.

Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.

Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.

Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.

Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.

Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.

Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.

Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.

Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.

Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.

Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.

Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.

Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.

Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!

Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.

Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!


Manba: "Ahli sunna" telegram kanali

MAQOLA