Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Jannatga birinchi kiradiganlar kimlar?

19.12.2024   22450   5 min.
Jannatga birinchi kiradiganlar kimlar?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ibn Muborak aytadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldlariga keldi va: «Ey Rasululloh, qiyomat kunida Alloh taolo bilan hamsuhbat bo‘luvchilar haqida xabar bering», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ular Allohdan qo‘rquvchilar, Allohga bo‘ysunuvchilar, o‘zlarini kamtar oluvchilar, Alloh taoloni ko‘p zikr qiluvchilar», dedilar. U kishi: «Ey Rasululloh, jannatga birinchi kiruvchilar ham o‘shalarmi?» deb so‘radi. U zot: «Yo‘q», dedilar. U keyin: «Unda, jannatga birinchi kiradiganlar kimlar?» deya so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Faqirlar jannatga kirishda boshqalardan o‘zib ketadi. Shunda ularning oldidan farishtalar chiqib: «Hisob-kitobga qaytinglar!» deydi. Faqirlar: «Nimamizga hisob-kitob qilinamiz? Allohga qasamki, bizlarda mol-davlat bo‘lmagan bo‘lsa, uni ba’zilardan qizg‘anib, ba’zilarga isroflarcha sarf qilmagan bo‘lsak. Shuningdek, bizlar amir ham emasdik, ba’zilarga adolat qilib, ba’zilarga zulm etgan bo‘lsak. Biroq bizlarga Allohning amri keldi, biz Unga ibodat qildik va to huzuriga kelgunimizga qadar Unga toatda bo‘ldik», deydi. Shunda ularga: «Jannatga kiringlar, amal qiluvchilarning ajr-mukofoti naqadar yaxshi!» deyiladi».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Faqirlar haqida Alloh taolodan qo‘rqinglar! Chunki Alloh taolo qiyomat kunida: «Bandalarim ichidan tanlaganlarim qani?» deydi. Farishtalar: «Ey Parvardigor, ular kimlar?» deb so‘raydi. Shunda Alloh taolo aytadi: «Ular qadarimga rozi bo‘lgan, sabr qilgan faqirlardir, ularni jannatga kirgizinglar!» Bas, ular jannatga kiritiladi. Faqirlar yeb-ichib turganida, boylar hali hisob qilinayotgan bo‘ladi».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Faqirlar jannatga boylardan besh yuz yil oldin kiradilar, u yarim kundir». Roviylarning boshqa silsilasidan kelgan hadisda: «Musulmonlarning faqirlari jannatga boylardan yarim kun, ya’ni, besh yuz yil oldin kiradi», deyilgan (Hasan sahih).

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Musulmonlarning faqirlari jannatga boylaridan yarim kun oldin kiradi», deganlarini eshitdim. Shunda: «Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yarim kun qancha?» deb so‘rashdi. U zot: «Besh yuz yil», dedilar. «Bir yili necha oy?» deyishdi. «Besh yuz oy», dedilar: «Bir oy necha kun?» deyishdi so‘ng: «Besh yuz kun», dedilar. «Bir kuni qancha?» deb so‘rashgan edi, «Sizlar sanaydigan kundan besh yuztasi», dedilar Rasululloh».

Abu Ali Daqqoqdan: «Qaysi sifat afzal: boy-behojatlikmi yoki faqirlik?» deb so‘rashdi. U kishi: «Boy-behojatlik, chunki u Allohning sifati, faqirlik esa, bandaning. Allohning sifati bandaning sifatidan afzal, Alloh taolo: «Ey insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar. Allohning O‘zi (barcha olamlardan) behojat va (barcha) maqtovga loyiq zotdir» (Fotir, 15), degan», dedi.

Bandaning sharafi Allohga muhtojligi, Uni ulug‘lashi, Unga bo‘ysunishi bilandir. Agar bo‘yin Allohga tavoze’ bilan egilsa, shu egilish uning azizligidir.

Boylik ham, faqirlik ham mol-davlatning ko‘p yoki kamligida emas. Bu yerda eng oliy uchinchi daraja ham bor. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘ragan «kaffof», ya’ni, insonlarga muhtoj bo‘lmaydigan darajadagi o‘rtacha rizkdir. U zot: «Ey Allohim, Muhammad oilasining rizqini yetarli qil», deb so‘raganlar. Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamisha holatlarning afzalini, daraja va amallarning oliyini so‘raganlar.

Shuningdek, hamma olimlar o‘ta faqirlik ham, tug‘yonga olib boruvchi boylikning ham yomonligiga ittifoq qilishgan.

Ibn Mojaning «Sunan»ida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kuni faqir ham, boy ham, dunyoda menga yetarli darajada rizq berilganida edi, deb orzu qilib qoladi».

Yetarli rizq esa, nochorlik bilan behojatlikning o‘rtasidir.

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir», deganlar. Chunki o‘rtahollik tug‘yonga olib boruvchi boylik ofatidan ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam panoh so‘ragan o‘ta nochorlikdan ham salomat bo‘lishdir.

Sohibi kaffof – o‘rtahol odam dunyo ne’matlari-yu shodliklarida dabdaba qilmaydi. Uning holati faqirnikiga yaqin. Unga ham sabri uchun faqirga beriladigan savob beriladi. Shunga ko‘ra o‘rta hol kishilar ham, inshaalloh, jannatga faqirlar qatorida boylardan besh yuz yil oldin kiradi. Chunki ular o‘rtacha hayot kechiradilar, boy emaslar. O‘rtachalik esa, ayni adolatdir. Alloh taolo:

«Shuningdek, sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) bir millat qildik» (Baqara, 143), degan.

Imom Qurtubiyning «Tazkira»sidan

Boshqa maqolalar

Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?

16.07.2025   6033   2 min.
Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?

Osmonlaru yerni yaratgan  Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.

Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.

Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.

Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.

Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].

Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?!  Albatta, yo‘q.

Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.

Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang. 

Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning.  O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Hud surasi, 102-oyat.