Qoraqalpog‘istonlik hojilar va imom-xatiblar homiylar ko‘magida joylardagi ijtimoiy ko‘makga muhtoj oilalarga moddiy va amaliy yordamlar ko‘rsatib kelmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti va «Vaqf» fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan homiylar ko‘magida Nukus shahridagi «Jiydeli baysin» mahalla fuqarolari yig‘inida yashovchi, o‘zgalar yordamiga muhtoj, boquvchisidan ayrilgan oilalarni moddiy tarafdan ta’minlash maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, farzandlari uchun issiq kiyimlar berdi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramatdin domla Razov sabr qilish, yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish mavzusida oila a’zolari bilan suhbatlashdi.
Shuningdek, Nukus shahri «Salmon eshon» masjidi imom-xatibi Nabatov, Chimboy tumani «Yusuf ota» masjidi imom-xatibi Qarajanov, Qo‘ng‘irot tumani «Xakim Sulaymon» masjidi imom-xatibi Umarov, Amudaryo tumani «Nog‘ay eshon» masjidi imom-xatibi Qurbaniyazovlar ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olib, ularga oziq-ovqat mahsulotlarini berdi. Qo‘ng‘irot tumani «Mulla Is'haq» masjidi imom-xatibi Zinullayev homiylar ko‘magida kam ta’minlangan oila uyiga shifer qoqtirib berdi.
Moddiy va amaliy yordamlar ko‘rsatilgan oila a’zolari bunday homiylik tadbir tashkilotchilariga o‘zlarining samimiy tashakkurlarini bildirdi.
Begis Abbazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi
Qariyb o‘n oydirki, yurtimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hoji ota, hoji onalar, imom-xatib va faollar bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqda.
Bugunga qadar 84 ming 793 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 518 121 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot kishilik jamiyatida doimiy qilinishi lozim bo‘lgan ishlar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati