Qoraqalpog‘istonlik hojilar va imom-xatiblar homiylar ko‘magida joylardagi ijtimoiy ko‘makga muhtoj oilalarga moddiy va amaliy yordamlar ko‘rsatib kelmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti va «Vaqf» fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan homiylar ko‘magida Nukus shahridagi «Jiydeli baysin» mahalla fuqarolari yig‘inida yashovchi, o‘zgalar yordamiga muhtoj, boquvchisidan ayrilgan oilalarni moddiy tarafdan ta’minlash maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, farzandlari uchun issiq kiyimlar berdi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramatdin domla Razov sabr qilish, yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish mavzusida oila a’zolari bilan suhbatlashdi.
Shuningdek, Nukus shahri «Salmon eshon» masjidi imom-xatibi Nabatov, Chimboy tumani «Yusuf ota» masjidi imom-xatibi Qarajanov, Qo‘ng‘irot tumani «Xakim Sulaymon» masjidi imom-xatibi Umarov, Amudaryo tumani «Nog‘ay eshon» masjidi imom-xatibi Qurbaniyazovlar ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olib, ularga oziq-ovqat mahsulotlarini berdi. Qo‘ng‘irot tumani «Mulla Is'haq» masjidi imom-xatibi Zinullayev homiylar ko‘magida kam ta’minlangan oila uyiga shifer qoqtirib berdi.
Moddiy va amaliy yordamlar ko‘rsatilgan oila a’zolari bunday homiylik tadbir tashkilotchilariga o‘zlarining samimiy tashakkurlarini bildirdi.
Begis Abbazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar bir qavm ahdni buzsalar, Alloh ularning ustidan dushmanlarini g‘olib qilib qo‘yadi. Agar ular o‘lchovdan urib qolsalar, o‘simliklardan man qilinadilar va qurg‘oqchilikka giriftor bo‘ladilar", dedilar (Ibn Mardavayh rivoyati).
Imom Nasoiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda: “Agar (odamlar) o‘lchov va tarozidan urib qolsalar, qurg‘oqchilik va ozuqa tanqisligiga uchraydilar”, deyilgan.
Bu hadisda tarozidan urib qolish, birovga o‘lchab yoki tortib berayotganda kam qilib berish kabi holatlar ham yomon oqibatlarga olib kelishi ta’kidlanmoqda. Bundan ma’lum bo‘ladiki, birovning haqqini yeyish, harom yo‘llar bilan boshqalar molini o‘zlashtirish rizqning kamayishi, barakaning ko‘tarilishi va turli xil og‘ir holatlarning kelib yuzaga kelishiga omil bo‘lar ekan.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li